«BYDmi yoki GM farqi yo‘q: O‘zavtosanoat raqobatni mutlaqo istamaydi» — Elektromobillar importini cheklash murojaatiga tarmoq faollari keskin munosabatda bo‘lishdi
BYD kompaniyasi elektromobillarning «mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash» bo‘yicha hukumatga murojaat bilan chiqqan.
Bu haqda prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish»investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida»gi qarorida qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari hamda «O‘zavtosanoat» kompaniyasiga 2024 yil 1 iyulga qadar BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillari importini tartibga solish bo‘yicha Investor [BYD] talabini amalga oshirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.
Bunda mas’ullar qonunchilik hujjatlari, jumladan, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda Jahon savdo tashkiloti prinsiplaridan kelib chiqib takliflarni tayyorlashi kerak bo‘ladi.
Ushbu xabarga ijtimoiy tarmoqlar faollari turlicha fikrlar bildirishmoqda.
«Shu yangamga, shu pochcham, degan maqol bejizga emas. Bizga keladigan investorlar ham xuddi o‘zimizning kompaniyalar kabi ishini taqiqlashdan, cheklashdan boshlamoqchi. Ajoyib, ta’riflashga til ojiz», deya izoh qoldirdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
«Hamma kirish yo‘llarini berkitib, 25 so‘mlik boltni 50 so‘mdan sotishni «4 klass obrazovaniya» cho‘pon ham eplaydi. Buning uchun Oksford, Harvard yo MGUni tugatish shartmas.
Elektromobilni chetdan har kim istagancha, bojsiz olib kelib minishi mumkin bo‘lsin, deb tursak, uniyam cheklashmoqchi va O‘zavtosanoat degan yuho opkelganini yo (shu yerda otvyortka bilan yig‘ilgangani) minishasan, deyishmoqchi.
TTT (tartibga solish ta’sirining tahlili) degan narsalar bo‘lardi», deb yozadi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ikki yil avvalgi xavotirlar reallashganini: yorlig‘i BYD’mi yoki GM, farqi yo‘q, O‘zavtosanoat raqobatni mutlaqo istamasligini yozadi.
«O‘zbek monopolistlari, oligarxlari va chinovniklarini nima birlashtirib turadi, bilasizlarmi? Ularning hammasi Raqobatdan haddan tashqari qo‘rqishadi. Chunki Raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi.
O‘zavtosanoat, albatta bu ro‘yxatda istisno emas.
O‘zavtosanoat BYD bilan elektromobil ishlab chiqarish hamkorligi boshlangandayoq bu xavotirlarni bildirgan edik.
Shu ma’noda «mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash»ko‘rinishidagi jimjimador formulirovkaning o‘zbekchasi bu — BYD avtomobillarining importini faqat O‘zavtosanoat va uning sho‘’balari yoki kelishib olingan oligarxlar amalga oshiradi, degani.
O‘zavtosanoat nazaridagi «tartibli import» bu — Xitoyda 10 ming dollar bo‘lgan elektromobillar importini to‘xtatish, 15 ming dollarlik elektromobilni esa 30 ming dollardan bir qo‘lli qilib sotish degani. Ya’ni o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash, tinimsiz talash, tanlovsiz talash degani.
Qolgani — JST, iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish degan vajlar, uzrku-ya, qurigan 30 yillik shimildiriq. Shimildiriq», qayd etadi Otabek Bakirov.
«Shu bizda nima qilishsayam oxiri borib monopoliyaga aylanib qolaveradiya. «O‘zavtoMotors»ning xalq ustidan kulishiga endi BYD ham qo‘shilishini odamlarimiz qanday qabul qilisharkin?
Demak, oldinda bizni tanlovsiz holda sifatsiz, ba’zi detallari yo‘q elektromobillarga oldindan pul to‘lab, yarim yillab kutish kabi kulgili shartlar kutib turibdi», deya mavzuga izoh qoldirdi Rasul Kusherbayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter