Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bunaqasi bo‘lgan emas: Oliy sudda shikoyatchilar gul bilan qarshi olindi

Bunaqasi bo‘lgan emas: Oliy sudda shikoyatchilar gul bilan qarshi olindi

Shikoyatchi qaysi dargohda quchoq ochib kutib olingan? Gul bilan-chi?

Bugun, 6-mart kuni Oliy sudga murojaat qilgan shikoyatchi ayollar yoppasiga gul bilan qarshi olindi! Buning boisi, 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni ekani ma’lum. Biroq shu choqqacha bunaqa bayramlardan qanchasi o‘tdi, illo oliy mahkama ostonasini xatlagan biror shikoyatchi ayol gul bilan chiqqan emas.

Murojaatchilar quyi bosqich sudlarining qaysidir qarori yoki hukmidan norozi bo‘lib kelgani tayin. Yo‘qsa, bu dargoh ostonasiga qadam bosish qayda?! Ularning shikoyatlari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, yakunda qonuniy to‘xtamga kelinishi bor gap. Hozir gap bunda emas.

Gap ko‘rsatilayotgan e’tiborda!

...Ana, qabuldan bir onaxon chiqib keldi. Qo‘lida gul. Hayratdan qisiq ko‘zlari katta ochilgan. Tanishdik. Munavvarxon aya. Andijonlik. Hayotning achchiq-chuchugini keragidan ortiq totgan onaxon saksondan (!) o‘tibdi. Aytishicha, ikki firibgar erkak chuv tushirib, binosini o‘ziniki qilib olibdi. Viloyatda muammo hal bo‘lmagach, Oliy sudga kelibdi. «...Qabulga kirib, menga Mo‘minjon kerak, dedim, bu yerda «Mo‘minjon» ishlamaydi, deyishdi avvaliga. Voy, nega ishlamas ekan, qorachadan kelgan, sochlari tikka-tikka odam bor ekan-ku, o‘sha, deganimdan keyin, e, onaxon, «Mo‘minjon» emas, «Xolmo‘min» deng, familiyasi Yodgorov, oldilarida odam bor, chiqsin, so‘ng kirasiz, deyishdi. Qabulga kirsam, o‘sha odam yordamchilari bilan o‘tirgan ekan, hasratimni eshitgach, xo‘p, onaxon, hammasini qonuniy ko‘rib chiqamiz, deyishdi va... bayramingiz bilan deb, qo‘limga gul berasmi?!»

...Qabuldan chiqayotgan murojaatchi ayollarni kuzatish ancha maroqli bo‘ldi, rosti: tund yuz bilan kirib, ochiq chehra bilan chiqyapti... Haligina, qabulga kirmasidan avval injiqlanayotgan bolasini jerkib-jerkib turgan juvon ichkaridan qo‘lida gul bilan chiqarkan, farzandini boshqacha erkalatishga tushsami?!

Shugina e’tibor boshiga sinov tushgan murojaatchining ko‘ngliga malham bo‘lmaydimi? 

Shu kichik e’tiborning o‘zi qabulga kelgan fuqaroning sudga nisbatan ishonchini orttirmaydimi?

E’tibor va yaxshi munosabatning katta-kichigi bo‘lmaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring