Bugun «Nasaf» va «Paxtakor» OChLdagi pley-off o‘yinini o‘tkazadi
30.01.2018 13:01
0
309
Foto: www.the-uff.com
Bugundan e’tiboran Osiyo chempionlar ligasiga start beriladi. Musobaqaning guruh bosqichiga chiqish uchun kurash olib borayotgan ikki jamoamiz bugun o‘z uchrashuvlarini o‘tkazadi. O‘zbekiston vitse-chempioni «Nasaf» o‘z uyida Iordaniyaning «Al Faysali» jamoasini qabul qiladi. Yana bir jamoamiz – «Paxtakor» esa Qatarda «Al-G‘arafa» klubi mehmoni bo‘ladi. Mazkur ikki o‘yinda g‘olib chiqadigan jamoalar 2018-yilgi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishadi. O‘FA rasmiy saytida mazkur bellashuvlarga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
«Nasaf»
Ta’kidlash joizki, «Nasaf» ushbu raqibi bilan oldin ham to‘qnash kelgan. O‘shanda yana bir nufuzli musobaqa – OFK kubogi-2011ning nimchorak finalida yo‘llari kesishgan jamoalar bahsida Qarshida «Nasaf» 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. «Nasaf» bu gal ham Iordaniya jamoasidan ustun ekanini isbotlashga urinib ko‘radi.
Ro‘ziqul Berdiyev. Foto: «Nasaf» rasmiy sayti
Bugungi bellashuvni qarshiliklar ko‘k rangli liboslarda, mehmonlar esa oq-qora rangdagi liboslarda o‘tkazishadi. Uchrashuvni yaponiyalik FIFA hakami Xiryuki Kimura boshqaradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Ochi Shinji va Takagi Takumilar yordam berishadi.
«Paxtakor» esa «Al-G‘arafa»ga qarshi o‘yinda sariq liboslarda, mezbonlar bo‘lsa oq liboslarda maydonga tushadi. O‘yinda iroqlik hakamlar brigadasi ishlaydi. Mohannad Qosim Isi Sarray mazkur uchrashuvda bosh hakam sifatida ishlaydigan bo‘ldi.
Kecha bo‘lib o‘tgan o‘yinoldi matbuot anjumanlarida har ikki o‘zbek klubi bosh murabbiylari ham bugungi o‘yinlarda faqat g‘alabaga umid qilishayotganini ta’kidlashdi.
Ro‘ziqul Berdiyev. Foto: «Nasaf» rasmiy sayti
Ushbu o‘yinni, mavsum boshidagi o‘yin bo‘lganligi uchun ham finalga tenglashtirgan bo‘lar edim. Biz nasib etsa guruh bosqichiga chiqish masalasini hal qilamiz. Buni juda xohlaymiz. O‘yin kuni hamma futbol ishqibozlarining e’tibori bizga qaratiladi. Bu bizdan katta mas’uliyat talab qiladi. Bu ma’suliyatni hammamiz his qilib turibmiz. Yangi futbol mavsumini g‘alaba bilan boshlash ishtiyoqidamiz.
Ro‘ziqul Berdiyev, «Nasaf» bosh murabbiyi
Shota Arveladze. Foto: «Paxtakor» rasmiy sayti
Bu bir bellashuvdan iborat to‘qnashuvdir. Ikkinchi imkoniyat berilmaydi. Maqsadimiz g‘alaba qozonish va bunga bor kuchimiz bilan intilamiz. Futbolda har qanday holat sodir bo‘lishi mumkin. Raqibimiz o‘yinlarini tahlil qilib chiqdik. Bu biz uchun mavsumdagi birinchi rasmiy uchrashuvga aylanadi. Bahsga hozirlik ko‘rish uchun tayyorgarlik jarayonini o‘tkazdik. Rasmiy o‘yinlar amaliyoti borligi «G‘arafa»ga kichik ustunlik berar, ammo biz mavsumni yangi kuch hamda g‘alaba bilan boshlash yo‘lida borimizni beramiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter