Bugun YChL guruh bosqichining so‘nggi turiga start beriladi: hali ko‘p jamoalarda imkoniyat bor
Bugun oqshom Yevropa futbol stadionlarida Chempionlar ligasi guruh bosqichining so‘nggi tur o‘yinlariga start beriladi.
Noyabrning 1-sanasida «A», «B», «C» va «D» guruhlarida jami 8 ta o‘yin o‘tkaziladi.
«B» guruhi
O‘zbekiston vaqti bilan soat 22:45 da «B» kvarteti kurashga kirishadi: «Bayer» (Germaniya) «Bryugge» (Belgiya)ni, «Portu» (Portugaliya) «Atletiko» (Ispaniya)ni qabul qiladi. Belgiyaliklar va portugallar tegishli ravishda 10 va 9 ochkodan to‘plab, YChL 1/8 finalini naqd qilib qo‘yishgan. Madridliklar (5) va leverkuzenliklar (4) o‘rtasida Yevropa ligasi yo‘llanmasi uchun qattiq jang kechishi aniq.
Qayerda ko‘rish mumkin?
- «Portu» — «Atletiko»: Sport va MatchTV (22:45)
- «Bayer» — «Bryugge»: Yoshlar va Match Futbol1 (22:45)
Asosiy o‘yinlar tungi soat 01:00 da boshlanadi (Yevropa qishki vaqtga o‘tgani uchun soatlar o‘zgargan).
«A» guruhi
«A» guruhida «Liverpul» «Napoli»ni qabul qilsa, «Ayaks» «Reynjers» mehmoni bo‘ladi. Neapolliklar (15) va mersisaydliklar (12) vazifani uddalab bo‘lishgan, gollandlar (3) va shotlandlar (0) esa yevrokampaniyani davom ettirish imkoniyatini beruvchi 3-o‘rin uchun kurashishadi.
Qiziq, shu paytgacha 5 o‘yinning barchasini g‘alaba bilan yakunlagan «Napoli» 100 foizlik natija uchun bor kuchini tashlarmikan yoki yanada muhimroq o‘yinlarga kuch asrarmikan?
«Ayaks» va «Reynjers» o‘yinida mo‘’jizagina glazgoliklarni qutqara oladi. Jamoalarni 3 ochkolik farq ajratib turibdi, biroq g‘alaba ham shotlandlarga yetarli bo‘lmasligi mumkin: birinchi o‘yinda ular amsterdamliklarga 0:4 hisobida yutqazib qo‘yishgan.
Qayerda ko‘rish mumkin?
- «Liverpul» — «Napoli»: Sport va MatchTV (01:00)
- «Reynjers» — «Ayaks»: (telekanallarimizda jonli efir ko‘zda tutilmagan, 01:00)
«C» guruhi
«O‘lim guruhi» deya sifatlangan «C» guruhiga qiziqish allaqachon o‘lib bo‘ldi. Hammasi hal bo‘lgan: «Bavariya» (15 ochko) — 1-o‘rin, «Inter» (10) — 2-o‘rin, «Barselona» (4) — 3-o‘rin, «Viktoriya» (0) — 4-o‘rin. So‘nggi o‘yinlar o‘rtoqlik maqomida.
«Bavariya» xuddi «Napoli» kabi oltita g‘alaba uchun harakat qilishi mumkin, «Inter»ga endi ochkolar qiziqmas, faqat sha’ni uchun kurashadi. «Barselona» Chexiyada «Viktoriya» mehmoni bo‘ladi: Xavi shogirdlarida ketish oldidan «eshikni tepib yopish» imkoniyati bor.
Qayerda ko‘rish mumkin?
- «Bavariya — «Inter»: Yoshlar va Match Futbol1 (01:00)
- «Viktoriya» — «Barselona»: Mahalla va Match Futbol2 (01:00)
«D» guruhi
Kurashlarning eng zo‘ri «D» guruhida: «Marsel» «Tottenhem»ga qarshi, «Sporting» «Ayntraxt» bilan maydonning har bir qarichi uchun kurashadi.
6-turgacha bu guruhda na pley-offchi, na autsayder aniqlandi: birinchi va oxirgi jamoalarni atigi 2 ochko ajratib turibdi. Har bir jamoa, hatto so‘nggi o‘rindagi «Marsel» (6) ham yaxshi imkoniyatga ega. Marselliklar buning uchun o‘z maydonida guruh yetakchisi «Tottenhem» (8)ni yengishi shart.
«Sporting» (7) va «Ayntraxt» (7)ni faqat va faqat g‘alaba qoniqtiradi. Agarda bu jamoalar durang o‘ynab, fransuzlar inglizlarni taslim eta olsa, kvartetdagi vaziyat ostin-ustun bo‘lib ketadi. Uchta jamoa hisobida 8 tadan ochko bo‘ladi, shunda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar (urilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar nisbati, o‘zaro o‘yinlar) hisobga olinadi.
Qayerda ko‘rish mumkin?
- «Marsel» — «Tottenhem»: Dunyo bo‘ylab va Match Futbol3 (01:00)
- «Sporting» — «Ayntraxt»: O‘zbekiston va Match Igra (01:00)
Ertaga, shanba kuni YeChLning yana to‘rt guruhida 8 ta o‘yin o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter