Bu yil qishda navbatdagi energetik inqiroz kutiladimi?
Iqlim o‘zgarishlari sababli O‘zbekistonda avvalgidek mo‘’tadil iqlim o‘rniga yozda jazirama issiq, qishda esa qattiq sovuq bo‘lmoqda.
O‘tgan qish faslida ob-havoning keskin ravishda minus darajaga tushib ketishi bois isitish uchun energetika tizimiga yuklamalar ancha ortdi. Ortiqcha bosim oqibatida soha infratuzilmasiga jiddiy putur yetdi, transformatorlar va o‘tkazish liniyalari yonib ketdi, podstansiyalar ishdan chiqdi.
Tan olish va e’tirof etish kerak, bunday qiyin hamda qaltis vaziyatdan chiqib ketish, ta’minotni tiklash, muammolarni bartaraf qilishda soha xodimlarining kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilganlariga, qisqa muddat mobaynida katta hajmdagi ishlar bajarilganiga ham guvoh bo‘ldik.
Xususan, 2023 yilning birinchi yarmida respublika miqyosida 748 ta transformator almashtirildi, 7548 ta transformator ta’mirdan chiqarildi, 2 ming 940 kilometr o‘tkazish liniyalari yangilandi, 22 ming 112 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. 1257 ta podstansiya esa yuqori texnologik usulda qayta jihozlandi.
Xo‘sh, bu yil qishda navbatdagi energektik inqiroz kutiladimi? Bu savolga oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Chunki jarayon bir nechta ob’yektiv hamda sub’yektiv holatlar bilan bog‘liq. Biroq o‘tgan yildagidek qish bo‘lsa ham, bugun ko‘rilayotgan samarali choralar natijasida o‘sha paytlardagi kabi chuqur energetik inqirozga duch kelmaymiz.
Shuni inobatga olish kerakki, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli barqaror o‘sib bormoqda. Masalan, so‘nggi 5 yilda aholining elektr iste’moli hajmi 150 foiz (ya’ni o‘rtacha 1,5 baravar) – 11 milliard kilovatt-soatdan 16 milliard kilovatt-soatga, iqtisodiyot tarmoqlarining iste’moli esa jami 12 foiz – 38 milliard kilovatt-soatdan 43 milliard kilovatt-soatga o‘sdi.
Bugungi kunda respublikada elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati soatiga 18,1 gigavatt (18 million 100 ming kilovatt) bo‘lgani holda, amal uning 16,2 gigavattidan (soatiga 16 million 200 ming kilovatt) foydalanilmoqda xolos. Bunda issiqlik elektr stansiyalarining mavjud quvvati soatiga 15,6 gigavattni, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgani esa soatiga 13,8 gigavattni tashkil etadi.
Bu holat ancha eskirib qolgan infratuzilmaga ham yuklamani kuchaytirmoqda. Oxirgi qishdagi anomal sovuqlar vaqtida bu yaqqol yuzaga chiqdi. Elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi oqibatida vujudga kelgan kattagina yuklama 3 mingdan ziyod transformatorlarning ishdan chiqishi hamda ko‘plab podstansiyalardagi jiddiy muammolarga sabab bo‘ldi.
Mavjud muammolarni hal qilish uchun esa katta mablag‘ kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr tarmoqlarini yangilash uchun yaqin 5 yilda 3,7 milliard AQSh dollari kerak bo‘ladi.
Narxlarni shakllantirish jarayoniga bozor mexanizmlarini olib kirish, tizimda erkin bozor qonuniyatlari ishlashini yo‘lga qo‘yish energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga imkon beradi. Natijada aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun shart-sharoit yaratiladi.
Dunyo bo‘yicha kuzatilayotgan ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishlari ko‘p davlatlar qatori O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Oqibatda qish qattiq sovuq, yoz esa o‘ta issiq bo‘lmoqda. Buning natijasida qishda isitish mavsumida hamda yozgi issiq kunlarda sovitish uchun energetika tizimiga yuklamalar keskin ortyapti. Kelayotgan yilda ham qish qattiq bo‘lsa, energetik inqiroz kuzatilmasligi uchun hozirdan zarur choralar ko‘rilishi talab etiladi.
Buning uchun, avvalo, sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilib, o‘tgan yil qishda yuklamalarga bardosh berolmagan tizimlar yangilanishi, modernizatsiya qilinishi lozim. Davlat bu borada amalga oshirayotgan ishlarga qo‘shimcha moliyaviy dastaklarni ishga tushirishi uchun energetika sohasi to‘liq subsidiyalanishi o‘rniga bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tishi kerak.
Mazkur islohot ko‘p sonli iste’molchilar – aholida energiya manbasidan me’yoriy darajada foydalanish malakasi shakllanishiga ham xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter