Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qatliom» – Hikmat Hojiyev

«Bu Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qatliom» – Hikmat Hojiyev

Bundan 32 yil avval Xo‘jali shahrida Ozarbayjonning tinch aholisi qatliom qilingani insoniyatga qarshi jinoyat sanaladi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Hikmat Hojiyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.

«1992-yil 25-fevraldan 26-fevralga o‘tar kechasi Armaniston qurolli kuchlarining sobiq SSSR 366-polki yordamida Xo‘jali shahriga hujum uyushtirishi va uni egallashi oqibatida 613 nafar ozarbayjonlik tinch aholi vakili, jumladan, 106 nafar ayol, 63 nafar bola va 70 nafar qariya shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Yana 1000 kishi jarohatlandi, 1275 kishi garovga olindi. Hozirga qadar 150 nafar xo‘jalilik daraksiz yo‘qolgan deb hisoblanadi», – deydi Ozarbayjon prezidenti yordamchisi.

Qayd etilishicha, Xo‘jalida sodir etilgan jinoyat qo‘shni davlat tomonidan amalga oshirilgan etnik tozalash siyosatining bir qismi edi.

«Xo‘jali qatliomi Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada begunoh aholi vakillarining ommaviy ravishda, dahshatli tarzda o‘ldirilishi sifatida tarixga kirdi. Xo‘jali qatliomi xalqaro hamjamiyatning tamoman befarqligi sharoitida sodir etildi. Xo‘jali qurbonlariga nisbatan adolatli munosabatni Ozarbayjon davlatining o‘zi tikladi. 2023 yil sentyabr oyida Xo‘jali ishg‘oldan ozod qilindi. Ushbu jinoyatlarning tashkilotchilari va ijrochilari yaqinda sudda javob beradi. Ammo biz uchun eng katta taskin shuki, Xo‘jali fojiasidan omon qolganlar va har bir Ozarbayjon fuqarosi endilikda nafaqat ozod etilgan Xo‘jaliga, balki butun Qoraboqqa, jumladan, Sharqiy Zangezurga bemalol, boshini tik tutgan holda safar qilishi mumkin», – deb yozdi siyosatchi.  

Ozarbayjon 32 yil avval ro‘y bergan fojiani genotsid hamda xalqaro huquq me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi deb biladi. Shuningdek, dunyoning 17 davlati hamda AQShning 24 shtatida Xo‘jali fojiasi genotsid deb tan olingan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi 2010 yil 22 aprel kuni qarorida Xo‘jalida sodir etilgan qilmishlarni harbiy jinoyat deb malakalagan. Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti ushbu qirg‘inni qoralab bayonotlar berib keladi.

Avvalroq Ozarbayjonning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva qatliom aybdorlari xalqaro mahkama tomonidan jazolanishini talab qilib chiqqan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring