Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bo‘stonliqda nechta davlat ob’yekti sotilishi ma’lum qilindi

Bo‘stonliqda nechta davlat ob’yekti sotilishi ma’lum qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bo‘stonliq tumanida 80 ga yaqin davlat ob’yektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda  bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tumanda  turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishishi jarayonida aytildi.

Ta’kidlanishicha, bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratiladi. Raqobat kuchayishi hisobiga maqbul narx-navo shakllanadi.

Noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan sub’yektlarni aniqlash va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish borasidagi ishlar bo‘yicha ham tadbirda ma’lumot berildi.

Jumladan, Bo‘stonliq tumanida soliq solish ob’yektlarini hisobga olishni soddalashtirish maqsadida «Orom.uz» mobil ilovasi va yagona elektron platformasi ishlab chiqildi. Bu platforma orqali 3 ming 700 dan ortiq ijarachilar ro‘yxatga olindi. Bundan tashqari, qo‘shimcha tayanch punktlari tashkil etilib, 16 mingdan ziyod ob’yekt xatlovdan o‘tkazildi. Bular natijasida soliq tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 baravarga oshgan.

Bo‘stonliq tumanida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va ta’mirlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan,  avtomobil yo‘llari ta’mirlandi, yerosti suvlarini qochirish maqsadida drenaj quvurlari o‘rnatildi, 10 kilometrdan ortiq piyodalar yo‘lakchalari qurildi.

Prezidentimiz yo‘llarni puxta o‘ylangan, tejamkor loyihalar asosida qurish va ta’mirlash zarurligini ta’kidladi.

Sayyohlar oqimining ko‘payishi chiqindilarni oqilona boshqarishni ham talab etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanida kuniga o‘rtacha 102 tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Afsuski, dam olish madaniyati pastligi tufayli ko‘pincha yig‘ishtirilmay, tabiat qo‘ynida tashlab ketiladi.

Bu muammoni bartaraf etish, hududni tozalash tizimini takomillashtirish maqsadida chiqindi yig‘ish punktlari va tashuvchi texnikalarni ko‘paytirib, Ekoinspeksiya nazoratini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida hudud 100 foiz sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Tashrif buyuruvchilarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya etishlari ustidan doimiy nazorat yuritiladi.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan buyon 7,6 kilometr ichimlik suvi quvuri, nasos va suv minoralari qurilgan. Kelgusi ikki yilda 36 kilometr ichimlik va 3,5 kilometr oqava suv quvuri, 10 ga yaqin suv va kanalizatsiya inshooti barpo etilishi rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tumanda elektr ta’minotini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident mavjud elektr tarmoqlarini ta’mirlash bilan birga suv, shamol va quyosh energiyasi manbalarini bunyod etish, turistik ob’yektlar energiya ehtiyojining katta qismini shular hisobidan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tog‘ yonbag‘irlarida, o‘rmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali ko‘chma dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring