Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuror jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha ishlarni keskin tanqid ostiga oldi

Bosh prokuror jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha ishlarni keskin tanqid ostiga oldi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida Bosh prokuratura hay’atining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan hay’at majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2022-yil 1-yarmidagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev yig‘ilishda ma’ruza qilib, o‘tgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga birma - bir to‘xtalib o‘tdi.

O‘tgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan 60 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 100 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 636 mlrd. so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Bevosita prokurorlar sa’y - harakati bilan qisqa muddatda 160 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan, qariyb 172 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 2 ming nafardan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 10 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.

Yig‘ilishda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib, bu borada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 3495 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallanganligi, 1830 gektar zaxirasiga qaytarilishi ta’minlanganligi, shuningdek, 12487 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 574 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligiga urg‘u berildi.

Shu bilan birga, bu masalada prokuratura organlari zimmasiga katta mas’uliyat va javobgarlik yuklatilganligi mas’ullarga yana bir bor uqtirilib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, jumladan o‘ta muhim bo‘lgan g‘allani nes-nobut qilmasdan yig‘ishtirib olish, uning joriy qilingan yangi mexanizmlar asosida realizatsiya qilinishi, hisob - kitob ishlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi uqtirildi.

Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish borasidagi muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato -kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchining omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqararligini ta’minlashning barcha choralarini ko‘rish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.

Umuman, hay’at yig‘ilishida asosiy e’tibor prokuratura organlarining yarim yillik faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar, ularni bartaraf etish choralari hamda galdagi dolzarb vazifalarga qaratildi.

Hay’at majlisida mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi.

Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli va so‘zsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishlari shartligi qat’iy belgilandi.

Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring