Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bojxona xodimlari 1,1 milliard so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni fosh qildi

Bojxona xodimlari 1,1 milliard so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni fosh qildi

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorligida ko‘p bosqichli tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda yirik miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aylanma yo‘llar orqali respublikamiz hududiga olib kirib, so‘ngra ularni Toshkent shahrida pullashga uringan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Poytaxtimizning Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi «Mersedes bens sprinter» rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Qarangki, mazkur avtomashina yukxonasidagi bodring solingan qoplar ostida 9 ta qopda hamda yo‘lovchi o‘rindig‘i ostidagi 1 ta qopda jami 6076 ta flakonda «Tropikamid» tomchi dorilari yashirilgan ekan.

Poytaxtimizning Bektemir tumanida tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dorilarni qabul qilib olishi lozim bo‘lgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Jinoiy guruhning qing‘ir rejasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari keyinchalik shahar dorixonalari bo‘ylab tarqatilishi lozim edi.

Ushbu holatda huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd. 93 mln. 680 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tezkor xodimlaritomonidan poytaxtimizning Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi «Lasetti» avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, mashina salonida 500 dona flakonda «Tropikamid» kuchli ta’sir etuvchi dori vositasi, 3 dona «Regapen» kapsulasi, 0.32 gr. gashish va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlandi.

Tezkor tadbirning navbatdagi bosqichi Chilonzor tumanida davom ettirildi.

Bu gal avvaldan kuzatuvga olingan 2 nafar shaxslar Qatortol ko‘chasida boshqa bir shaxsga 503 dona kuchli ta’sir qiluvchi modda - “Regapen” dori vositasini oldi-berdi qilishayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shunday qilib, yuqoridagi holatlarda kelgusida yurtdoshlarimizning, ayniqsa yoshlarning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, qiymati salkam 1,1 mlrd. so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring