Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bloger Otabek Nuritdinov hokimlik tomonidan garovda ushlab turilganmidi?

Bloger Otabek Nuritdinov hokimlik tomonidan garovda ushlab turilganmidi?

Asaka tuman hokimligi va tuman IIB 3 kun yerto‘lada saqlangan bloger Otabek Nuritdinovning qolgan jazo kunlarini qamoqxonada emas, balki shinam kvartirada o‘tkazishi va yaqinlari bilan ko‘rishishga ruxsat berish uchun onasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilishni talab qilgan.

O‘zLiDeP mas’ullaridan biri esa blogerning xavfsizligi uchun onasidan jurnalistlarga gapirmaslik kerakligini so‘ragan. Qamoqda qolayotgan blogerga aybini tan olish bo‘yicha bosimlar bo‘layotgani aytilmoqda.

Bi-bi-siga kelib tushgan audio fayllarda bir guruh shaxslarning mansabidan foydalanib blogerning onasiga bosim o‘tkazayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Andijonlik bloger Otabek Nuritdinov 30 dekabr kuni Asaka tumanidagi budjet chiqimlarini surishtirayotgan vaqti hokimlik mansabdorlariga nisbatan bezorilik qilish aybi bilan 15 sutkaga qamalgandi.

Otabek qamalgandan so‘ng jazosini belgilangan muassasada emas, balki jinoiy ayb qo‘yilganlar saqlanadigan Andijondagi Ichki ishlar yerto‘lasida o‘taydi. U yaqinlariga ko‘rsatilmaydi va yerto‘ladagi blogerga yaqinlari haqida ma’lumot berilmasdan tashqi dunyodan uzib qo‘yiladi.

Uch kun deganda o‘g‘lining yerto‘lada saqlanayotganini bilgan onasi u bilan ko‘rishish istagida va xavotirini bosish ilinjida mas’ul idoralarga murojaat qila boshlaydi.

Ana shu jarayonda Otabekning onasi Matluba Qurbonovaga Toshkentdan O‘zLiDePning Shayxontohur tuman boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi Shohida Sultonova va Asaka tuman hokimining xotin qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muqaddas Qurbonova chiqadi.

Muqaddas Qurbonova o‘zini hokimlik tomonidan Ichki ishlar organiga gapi o‘tadigan shaxs sifatida tanishtiradi. U 1 va 2 yanvar kunlari blogerning onasidan faqat bir narsani talab qiladi.

«Hozir yozsangiz men sizni olib borib, men gaplashdim, alohida kvartira desa kvartiraga olib chiqib qo‘yaman o‘g‘lini, dedi. Va’dani beravering opa, dedi. Qo‘rqmang dedi. Farzandim Otabek Nuritdinov ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan nimasi bo‘yicha mening hech qanday da’voyim yo‘q. Men ona sifatida, deb o‘zingiz, hech kimning menga yordamiga muhtoj emasman. O‘zim hamma narsani tushunib yetdim, deb yozavering opa», — deydi Muqaddas Qurbonova.

Muqaddas Qurbonova blogerning onasiga bosim o‘tkazish uchun 3 marta bog‘langan. Uning gaplaridan Otabek 15 sutkalik ma’muriy jazoni o‘tayotgandek emas, balki hokimlik vakillari tomonidan garovga olingandek taassurot paydo bo‘ladi.

Otabekning sudida jabrlanuvchi sifatida qatnashgan Asaka tumani hokimi Erkin Yoqubovning o‘rinbosari Muqaddas Qurbonova huquq-tartibot organlariga ta’sir o‘tkaza olishga qodirligini isbotlash uchun tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i «Nurullo» va uning o‘rinbosari «Rustamjon» degan shaxslarning nomlarini tilga oladi.

Muqaddas Qurbonova gapini isbotlash uchun Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari «Rustam» ismli shaxs bilan uchrashuv ham tashkillashtiradi.

IIB boshlig‘ining o‘rinbosari «Rustam» hokim o‘rinbosari Muqaddas Qurbonovaning Otabekning onasining iqroridan so‘ng kvartiraga chiqarish haqidagi gaplariga qarshi hech narsa demaydi.

Balki buni tasdiqlaydi.

Bi-bi-si nima uchun qamoqdagi blogerning holidan xabar berish yo‘lida uning onasidan o‘zi istamagan gaplarni aytishini talab qilgani haqida so‘rash niyati bilan Asaka tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muqaddas Qurbonovaga bog‘lana olmadi.

Biz Asaka tumani Hokim o‘rinbosaridan shuningdek, nima uchun huquq- tartibot organi xodimlari ishiga ta’sir o‘tkazishga harakat qilgani haqida ham so‘ramoqchi edik.

Bi-bi-si shuningdek, hokim o‘rinbosariga qonunni eslatib qarshilik qilish o‘rniga uning so‘zlarini tasdiqlagan Asaka tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari «Rustam» bilan ham bog‘lana olmadi.

Otabek Nuritdinov qamoqqa tashlangan kunning ertasiga Toshkentdan o‘zini Respublika innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi siyosiy kengashi maslahatchisi, «Imkon» jurnal bosh muharriri deb tanishtirgan Shohida Sultonova telefon qiladi.

Sultonova o‘zini Toshkentda Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga ta’sir o‘tkaza oladigan shaxs sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. U blogerni ikki soatda qo‘yib yuborishlarini aytib onasini sabr qilishga chaqiradi.

«Prezidentga ham murojaat qilganmiz, viloyat hokimiga ham tayinlab aytgan edim. Ikki soat kutib turing. Chunki hozir bizdayam qattiq anaqa qildik. Agar ikki soatdan keyin xabar bo‘linmasa, keyin shunga qarab ish tutasiz. Prezidentga ham yozdik. Ikki soat sabr qiling, ikki soatda hal qilamiz. O‘zi aslida chiqarib yuboradi-da. Agarda chiqarmasa biz hozir qattiq nima qilyapmiz. Prezidentga ham yozdik. Faqat hozir vaqt bo‘lishiga bir ko‘rib qolsa uni hal qilib beradi», — deydi Shohida Sultonova.

Blogerning onasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovga ochiq murojaat qilganidan so‘ng Shohida Sultonova yana qo‘ng‘iroq qiladi. Sultonova bu safar blogerning onasiga o‘g‘lining xavfsizligi uchun jurnalistlarga gapirmasdan jim turish kerakligi bilan tahdid qiladi.

«Allamjonovga men o‘zim ham aytaman. U ham yordam beradi. Hozir juda jurnalistlarning orasida shov-shuv bo‘lib ketyapti-da, shunga o‘g‘lingizning xavfsizligi uchun ham sabr qilib o‘tirib turing yaxshisi. Allamjonovga yozibsiz-u, lekin jurnalistlarga har xil gap gapirmang opa, iltimos», — deydi u.

Bi-bi-si Shohida Sultonova bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. U Otabek Nuritdinov ishiga O‘zLiDeP partiyasining Shayxontohur tuman boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi sifatida aralashganini bildirdi.

«Imkon» jurnali bosh muharriri Shohida Sultonova o‘zini asli yo‘q lavozim, Respublika innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi siyosiy kengashi maslahatchisi, deb yolg‘on tanishtirishning aybi yo‘qligini aytdi.

Shohida Sultonova: Ilmiy- tadqiqot markazi meniki

Bi-bi-si: O‘sha Ilmiy- tadqiqot markazi siyosiy kengashi maslahatchisiman, degansiz

Shohida Sultonova: Unaqa desa ham bo‘laveradi. Uning ayb yeri yo‘q.

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan telefon orqali SMS orqali gaplashadigan qadar yaqinligini aytgan Shohida Sultonova blogerlarning iltimosi bilan Otabekning onasi Matluba Qurbonovaga telefon qilganini aytdi.

Bi-bi-si O‘zLiDep mas’ullaridan biri Shohida Sultonovadan blogerning onasi jurnalistlarga gapiradigan bo‘lsa, bloger xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin, deganda nimani nazarda tutganini so‘radik.

«Jurnalistlarning ichida ham ko‘ryapsiz-u, jurnalistman deb bo‘lar bo‘lmas narsani xalqaro, biz o‘zbek millatimiz dedim. Respublikaning o‘zining ichki siyosati bor. Har narsani tashqariga olib chiqish shartmas-da. Uni kavla-kavla qiladigan bo‘lsa, bu hammaga yoyilib ketsa, qonun ham o‘zini o‘zi himoya qilishga harakat qiladi-da. Uni qilgan xatolarini qilib turib 15 sutka emas, hatto jinoiy javobgarlikka tortiladigan elementlar bo‘lib qolishi mumkin», — deydi Shohida Sultonova.

Asaka tumanida budjet chiqimlarini va xalq ta’limi boshqarmasidagi shikoyatlarni surishtirayotgan vaqti mayda bezorilik uchun 15 sutkaga qamalgan bloger Otabek Nuritdinov keyinchalik ma’muriy ishlar uchun sudlanganlar saqlanadigan qamoqxonaga o‘tkazilgan.

Yaqinlari bloger Otabek Nuritdinovga ish uyushtirilganini aytishadi.

Bloger go‘yoki bezorilik qilib Andijon viloyat ma’muriy sudiga olib borilganida unga qarshi qalingina ikki yig‘ma jild ish kutib turardi.

Unga nisbatan Andijon viloyat ma’muriy sudining raisi Otabek Mirzamahmudov tomonidan chiqarilgan tuhmat, haqorat va mayda bezorilik bo‘yicha hukmni ana shu sudya Mirzamahmudov qo‘l ostida ishlaydigan Dilnir Xalilov o‘zgartirishsiz qoldirgandi.

Blogerning advokati sud jarayoni qonunbuzarliklar ostida o‘tganini da’vo qilib, Oliy sudga shikoyat qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring