Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Qizil iblislar»!

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Qizil iblislar»!

Foto: «livesport.ru»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Belgiyaga!

Laqabi: «Qizil iblislar».

Konfederatsiya: UYeFA.

Bosh murabbiy: Roberto Martines.

Sardor: Eden Azar.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Yan Vertongen (97).

To‘purar: Romelu Lukaku (33).

Uy stadioni: qirol Boduen stadioni, Bryussel.

FIFA reytingida: 3 (2018-yil 12-aprel).

Eng yuqori o‘rin: 1 (2015-yil noyabr – 2016-yil mart).

Eng past o‘rin: 71 (2007-yil iyun).

Ilk o‘yin: Belgiya Fransiya 3:3 (Bryussel, Belgiya; 1904-yil 1-may).

Eng yirik g‘alaba: Belgiya Zambiya 9:0 (Bryussel, Belgiya; 1994-yil 4-iyun), Belgiya San-Marino 10:1, (Bryussel, Belgiya; 2001-yil 28-fevral), Belgiya Gibraltar 9:0 (Lej, Belgiya; 2017-yil 31-avgust).

Eng yirik mag‘lubiyat: Belgiya – Angliya 1:9 (Bryussel, Belgiya; 1927-yil 11-may), Niderlandiya – Belgiya 8:0 (Amsterdam, Niderlandiya; 1936-yil 29-mart), Niderlandiya – Belgiya 9:1 (Rotterdam, Niderlandiya; 1959-yil 4-oktyabr).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 13 marta (4-o‘rin, 1986-yil).

Yevropa kubogi: 1 ta kumush, 1 ta bronza.

Tanishuv

Belgiya qirolligi hudud jihatidan Yevropaning kichik davlatlaridan biri bo‘lishiga qaramay, qit’ada sportning ko‘pgina turlari, jumladan futbol sohasida ham yetakchi hisoblanadi. «Qizil iblislar» laqabi bilan mashhur bo‘lgan terma jamoaga bugunga kunda dunyo yulduzlari jamlangan. Ulardan nafaqat belgiyaliklarning, balki butun dunyodagi futbol muxlislarining umidi katta. Zero, kuchli klublarda to‘p suruvchi Azar, Lukaku, de Bryuynedek yulduzlar hali jahon chempionatida yaqqol porlaganicha yo‘q. Ularning muvaffaqiyati faqatgina final va chempionlik bilan belgilanadi.

Tarix

Belgiya terma jamoasi 2-jahon urushigacha bo‘lgan chempionatlarda ishtirok etgan kam sonli jamoalardan biri hisoblanadi. Ammo har safar birinchi bosqichdanoq musobaqadan chiqib ketishgan. 1950 — 1960-yillarni ham ular uchun omadli deb bo‘lmaydi. Birgina 1954-yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan belgiyaliklar muvaffaqiyatsizlikka uchrashgan. Ilk g‘alaba 1970-yillarga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Salvador termasi mag‘lub etilgan. «Yevro-1972»da kutilmaganda o‘sha davrning kuchli jamoalaridan biri Vengriyani 3-o‘rin uchun bahsda yenggan «qizil iblislar» bronza medallarga ega chiqishgan.

Ilq yutuqlar

1970-yillarning oxirlarida Belgiya klublari professional maqomni olib, «Anderlext», «Bryugge» va «Mexelen» jamoalari yevrokuboklarda yaxshi natijalar qayd eta boshladi. Terma jamoaning o‘sha paytlardagi muvaffaqiyatini murabbiy Gi Tis nomi bilan bog‘lashadi. U 1976-yildan boshlab 1990-yillargacha milliy jamoaga ustozlik qilgan. Kuchli himoya va qarshi hujumga asoslangan jamoa tarkibida Yan Kulemans, Fransua van der Elst, Rene Vandereykken, darvozabon Jan-Mari Pfaff kabi mashhur futbolchilar to‘p surgan. «Yevro-1980»da belgiyaliklar finalgacha yetib borishadi va GFRga kichik hisobda yutqazib qo‘yishadi – 1:2.

1982 yilgi jahon chempionati ham belgiyaliklar uchun omadli boshlandi. Ilk o‘yindayoq amaldagi jahon chempioni argentinaliklar mag‘lub etiladi. Ammo ikkinchi bosqichda jamoa Polsha va SSSRga imkoniyatni boy berib, ortga qaytadi.

Mazkur avlodning cho‘qqiga chiqishi 1986-yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ri keldi. «Pley-off» bosqichiga chiqqan belgiyaliklar nimchorak finalda SSSRni 4:3 hisobida, chorak finalda ispanlarni penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etishadi. Biroq ancha qiyin kechgan yarim final bahsi Maradona boshliq argentinaliklar foydasiga hal bo‘ladi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Fransiyaga imkoniyat boy beriladi.

2002-yilgi jahon chempionatida guruh bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Belgiya terma jamoasi nimchorak finalda bo‘lajak chempionlar – braziliyaliklarga yutqazishadi. Shundan keyin ular ikkita jahon va uchta Yevropa chempionatining final qismiga chiqa olishmaydi.

«Oltin avlod»

Belgiya terma jamoasining yangi muvaffaqiyatlari bugungi «oltin avlod» bilan bog‘lanmoqda. Terma jamoaning deyarli barcha futbolchilari kuchli beshlik chempionatlarining yulduzlariga aylanishgan. Darvozabon  Tibo Kurtua, himoyachilar Vensan Kompani va Yan Vertongen, yarim himochilar Eden Azar va Kevin de Bryuyne, hujumchilar Romelu Lukaku va Mishi Batshuayi! 2014 yilgi jahon va 2016 yilgi Yevropa chempionatlarida yulduzli jamoa chorak finalga qadar yetib borgan. Ammo ularning bu natijalari muvaffaqiyatsizlik deya baholanmoqda.

Asosiy yulduz

Aytib o‘tganimizdek bugungi Belgiya yulduzlar bilan to‘la. Kimdir jamoa sardori Eden Azarni asosiy futbolchi desa, yana kimdir Romelu Lukakuga ishonadi. Mertens, Ferreyra-Karrasko, Vitsel va Kurtuaning ham yetarlicha muxlislari bor. Ammo 2018-yilda Belgiyaning eng yaxshi futbolchisi «Manchester Siti» yarim himoyachisi Kevin de Bryuyne bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.

U joriy yilda jamoasi bilan zo‘r o‘yin ko‘rsatdi. Premer-liga qiyinchiliksiz zabt etildi, agar Muhammad Saloh bo‘lmaganida liganing eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi ham mumkin edi. 26 yoshli futbolchi Belgiyaning Gent shaharchasidan. U bu yilgi «oltin to‘p»ning ham asosiy da’vogarlaridan biri sifatida tilga olinmoqda.

De Bryuyne 19 yoshida Tibo Kurtua bilan «Genk»da porladi. Mavsumdagi 16 ta to‘p uzatishi jamoasining muvaffaqiyatiga sabab bo‘ldi. Uning yutug‘i universalligida, skautlar bir vaqtning o‘zida pleymeyker va har ikki qanotlarda hujumga o‘tadigan futbolchini nazardan chetda qoldirishi mumkin emas edi. Tez orada u klubdagi sherigi Kurtua bilan birgalikda «Chelsi» safida paydo bo‘ldi. «Aristokratlar»ga tezda qo‘shilib keta olmagan Kevin «Verder» safida o‘zini ko‘rsatdi. Ilk mavsumdayoq dahshatli natijaga erishdi: 10 gol+10 uzatma! Qo‘shimchasiga bundesliganing eng yaxshi yosh futbolchisi degan nom!

«Musiqachilar» safidagi yorqin o‘yinini boshqa bir nemis klubi «Volfsburg»da davom ettirgan de Bryuyne Braziliyadagi jahon chempionatiga terma jamoa yetakchilaridan biri sifatida bordi. Futbolchi top klubga o‘tishi aniq edi va bu jamoa uning uchun 76 mln. yevro sarflagan «Manchester Siti» bo‘ldi. Uning yanada yorqinroq o‘ynashi «shaharliklar» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola davriga to‘g‘ri keldi. De Bryuyne Rossiyaga terma jamoaning asosiy yulduzi sifatida bormoqda.

 Saralash o‘yinlari

Saralash bahslari belgiyaliklar uchun ososn kechmadi. Roberto Martines shogirdlari Rossiyaga borish uchun kuchli himoyaga ega Gretsiya, Pyanich va Jeko kabi yulduzlarga ega Bosniya va Gersogovina, o‘z maydonida katta kuchga aylanadigan Estoniyani ortda qoldirishlari lozim edi. Guruhda faqatgina Gibraltarni kuchlilar safiga qo‘shmaslik mumkin. Darvoqe, Gibraltarga qarshi bahsda belgiyaliklar himoyachisi Toma Mene «xet-trik»ka erishdi va sheriklarini to‘rtta golli pas bilan ta’minladi. «Qizil iblislar»ning saralash bahslaridagi ochko yo‘qotgan yagona uchrashuvi greklarga qarshi o‘z maydonidagi o‘yin bo‘ldi.

So‘nggi beshta o‘yin

 

Sana

Raqib

Hisob

Gol mualliflari

Shahar

1

2017-yil 7-oktyabr

Bosniya va Gersogovina

4:3

Mene, Batshuai, Vertongen, Ferreyra-Karrasko

Sarayevo, Bosniya va Gersogovina

2

2017-yil 10-oktyabr

Kipr

4:0

Azar 3 ta, Lukaku

Bryussel

3

2017-yil 10-noyabr

Meksika

3:3

Azar, Lukaku 2 ta

Bryussel

4

2017-yil 14-noyabr

Yaponiya

1:0

Lukaku

Bryugge

5

2018-yil 27-mart

Saudiya Arabistoni

4:0

Lukaku 2 ta, Batshuai, de Bryuyne

Bryussel

Raqiblar

Jahon chempionati taqvimi «qizil iblislar» uchun juda qulay tuzilgan. Asosiy raqib Angliya bilan bo‘ladigan uchrashuv keyingi bosqich va asosiy o‘rinlarni aniqlab berishi mumkin.

Belgiyaliklar Rossiyadagi ilk raqibi – Panamaga qarshi shu kungacha to‘p surishmagan. «Karfagen burgutlari» – Tunisga qarshi uch bahsda uch xil natija qayd etilgan. 1992-yildagi o‘rtoqlik uchrashuvi afrikaliklarning ustunligida yakunlangan bo‘lsa, Yaponiya va Koreyadagi chempionatda durang qayd etilgan. Braziliyadagi chempionatga tayyorgarlik davomida o‘tkazilgan o‘yinda Dris Mertensning aniq zarbasi «qizil iblislar»ga g‘alaba keltirgan. Belgiyaliklar guruhdagi asosiy raqib inglizlarni shu kungacha biror marta ham mag‘lubiyatga uchrata olishmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring