Bishkek – sovuq ob-havo va iliq taassurot
Bishkekka tun yarmida kelib qo‘nishimiz oldidan havo harorati e’lon qilindi – minus 15 daraja sovuq. Garchi oldindan shunga tayyorlanib, qalin kiyinib olgan bo‘lsak-da samolyot sahnidan tushishimiz hamono izg‘irinni yaxshigina his qildik.
Sovuq obdon zabtiga olyapti. Tunov kungi anomal sovuq yodingizdami, undan ham anomalroq.
Biz – bir guruh jurnalistlar prezident Shavkat Mirziyoyevning 26-27 yanvar kunlari Qirg‘izistonga tashrifini yoritish uchun kelgandik. Sal oldinga o‘tib aytaman, ob-havo qanchalik sovuq bo‘lsa, Bishkekdan olingan iliq taassurotlar oldida izg‘irin ham bilinmay ketdi. Qirg‘iziston poytaxti haqida ko‘p eshitgandim, o‘qigandim. Aytilgan gaplarning ko‘pi rost chiqdi – shahar haqiqatan ham tipik sovet arxitekturasini saqlab qolgan, ko‘chalarda o‘sha davr nafasi sezilib turadi. Ammo men o‘qigan sayohatnomalarda bir narsa aytilmagandi – Bishkek ham, odamlari ham samimiy.
Bugun kun davomida shahar aylandik, asosan chekka hududlarda yurishga harakat qildik. Eng birinchi taassurot – piyodalar bir-biriga imkon qadar halal bermaslikka intiladi. Aytaylik, odam gavjum joylarda to‘satdan kim bilandir yuzma-yuz kelib qolsangiz, qarshingizdagi tez yo‘l beradi. Shaxsan o‘zimda bir necha marta shunday bo‘ldi, yo‘l beraman degunimcha mening harakat trayektoriyamni allaqachon bo‘shatib qo‘yishgandi.
Bishkekda juda sovuq ekanini aytib o‘tdim, ammo deyarli hech qayerda muzlagan ko‘cha ko‘rmadik, hatto piyodalar yo‘lakchalari ham toza. Yo‘l chetlarida tuz solingan maxsus idishlar turgani esa biz uchun yangilik bo‘ldi – shunaqa qilsa ham bo‘larkan.
Yana bir muhim jihat – bu yerda men anchadan buyon ko‘rmaganim va sog‘inganim trolleybusni uchratdim.
E’tiborga molik holatlardan biri – har qadamda valyuta ayirboshlash shoxobchalari va bankomatlar bor. Mana shu bankomatlar atrofi esa top-toza turibdi, birortasi tashlab ketilgan chek qog‘ozlari bilan to‘zg‘imagan. Hatto chiqindi quti bo‘lmasa ham qog‘ozlar chiroyli qilib taxlab qo‘yilgan. Respekt!
Shahar ko‘chalarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston bayroqlari hilpirab turibdi, «Kosh keliңizder!» yozuvlari osib qo‘yilgan. Matbuotda tashrif oldi ma’lumotlari berib turilibdi. O‘zbek jurnalistlariga ham ishlash uchun hamma sharoit yaratib berilgan, hamkasblarim bugun hatto Jo‘qorg‘i Kenesh binosida ham bo‘lishibdi. Ularga havas qildim, Qirg‘iziston parlamenti juda faol va uning faoliyatini ozgina kuzatish zarar qilmagan bo‘lardi.
Yana bir ko‘zga tashlangan jihat — Bishkekda «UzAuto» avtomobillari deyarli uchramaydi. Asosan mashhur brendlar shahar ko‘chalarini to‘ldirib yuribdi. O‘zimizda marjondek tizilib turadigan oppoqqina «Kobalt», «Neksiya 1-2-3» va «Jentra»lardan zada bo‘lgan bu ko‘zlar bir dam oldi, yayradi.
Ammo Bishkekda menga uncha yoqmagan holatlar ham bo‘ldi. Aslida bu muammolar O‘zbekistonda ham bor, masalan ko‘chalardagi yozuvlar asosan rus tilida ekan. Qirg‘iz tilida ham e’lonlar bor, ammo rus tiliga e’tibor kuchliroqdek.
Yana bir yoqmagan jihat, mashinalar to‘xtash joylari tartibsiz. Umuman, avtomadaniyat butun mintaqamizda muammo shekilli, Bishkekda ham istisno emas. Masalan, bir joyda yo‘nalishli mikroavtobus haydovchisi svetoforga to‘xtadi va yo‘lning o‘rtasida yo‘lovchi tushirdi. Bu orada yashil chiroq yondi va ortda turgan mashinalarning signali jo‘rovoz bo‘lib ketdi. Yoqimsiz va tanish holat.
Ammo baribir Bishkek menda ancha iliq taassurot qoldirdi, daraxtlarini aytmaysizmi. Yozda soya va salqin bo‘lsa kerak.
Darvoqe, biz rivojlantirmoqchi bo‘layotgan ekoturizm bu yerda ancha ommalashgani hatto shaharda ham sezilib turibdi. Boisi, tog‘ sayriga chorlovchi reklamalar va ovchi-baliqchilarga xizmat ko‘rsatadigan muassasalar tez-tez uchraydi. Bilasiz, Qirg‘iziston tabiati juda chiroyli va qo‘shnilarimiz bu xususiyatdan maksimal foydalanishga urinmoqda.
Xozircha shu. Ertaga prezident Shavkat Mirziyoyev Bishkekka yetib kelishi kutilmoqda va bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Xabar.uz axborot-tahliliy portali tashrif doirasidagi tadbirlarni yoritib borishni rejalashtirgan...
Zafar QOSIMOV
Toshkent - Bishkek
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter