Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Birinchi raqamli bort» va «o‘g‘ri jurnalistlar» (foto)

«Birinchi raqamli bort» va «o‘g‘ri jurnalistlar» (foto)

Foto: Getty Images

AQSh jurnalistlari mamlakat prezidenti Jo Baydenning rasmiy samolyotidan narsalarni esdalik uchun o‘g‘irlamaslikka chaqirildi. Bu haqda BBC News yozmoqda.

Oq uy muxbirlari uyushmasi samolyotdan narsalarni olib ketish taqiqlanganini ma’lum qildi.

Jo Bayden AQSh g‘arbiy sohillariga tashrif buyurgan fevral oyida Air Force One («Birinchi raqamli bort») inventarizatsiyasida yetishmovchiliklar aniqlangan — matbuot uchun ajratilgan bo‘lmada buyumlar yo‘qolgan. Prezident samolyoti tamg‘asi tushirilgan o‘rindiq yopinchiqlari, tilla suvi yugurtirilgan bokallar va likopchalardan bir nechtasi g‘oyib bo‘lgan.

O‘tgan oy uyushma muxbirlarga elektron xat yo‘llab, bunday holatlar press-pull va prezident bilan birga sayohat qilayotgan jurnalistlar sha’niga dog‘ tushirishi mumkinligidan ogohlantirib, to‘xtatilishi shartligini ta’kidlagandi.

1988-yildan buyon prezidentlar Air Force One samolyotida uchuvchi jurnalistlarga rasmiy qutiga joylangan M&Ms konfetlarini sovg‘a qilib kelishadi. Suratdagi 2016-yildagi Obama konfetlari. 
Foto: New York Post

Jurnalistlarga ba’zida prezident tamg‘asi tushirilgan M&Ms konfetlarini sovg‘a qilib turishadi. Biroq Air Force One logotipi tushirilgan buyumlar, jumladan, oshxona anjomlari va sochiqlarni o‘zlari bilan olib ketish ko‘p jurnalistlar uchun odatiy hol hisoblangan, buni ularning o‘zlari ham tasdiqlashmoqda.

Air Force One samolyotini Oq uy prezidentning osmondagi ofisi deb ataydi.
Foto: Wikipedia

Oq uy prezidentning osmondagi ofisi deb atovchi Air Force One samolyoti 4 000 kv fut (372 kv m) maydonga ega. Unda prezident uchun ulkan ish joyi, jarrohlik stoliga ega tibbiyot stansiyasi, konferens-zal, oshxona, bir paytning o‘zida 100 kishiga ovqat tayyorlanadigan ikkita kambuz, matbuot, VIP-persona, qo‘riqchilar va kotiblar uchun zonalar bor.

Nashr yozishicha, ilg‘or avionikasi va himoya tizimi sababli samolyot harbiy toifaga kiradi va havo hujumini qaytara oladi. Samolyotga havoda yonilg‘i quyish mumkinligi bois havoda istalgancha vaqt parvoz qilishi mumkin, bu favqulodda vaziyatlarda qo‘l keladi (bu haqda Gollivud kino ham olgan).

Bulardan tashqari, Air Force One xavfsiz aloqa qurilmalariga egaligi bois, mobil boshqaruv markazi vazifasini bajara oladi. Samolyot bortida 85 ta telefon, ko‘plab ikki tomonlama aloqani qo‘llovchi radiostansiyalar va kompyuter aloqasi mavjud. Prezident samolyotning old qismida, jurnalistlar ort qismida o‘tirishadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring