Bir sayyohning O‘zbekistonga o‘rtacha qancha mablag‘ «tashlab ketayotgani» aytildi
2023-yilning yakunlari bo‘yicha dunyo bo‘ylab sayyohlar soni 1,3 mlrd kishini yoki pandemiyadan oldingi darajaning (2019-yilda 1,5 mlrd kishi) 88 foizini tashkil qildi. Shu bilan birga, 2023-yilda jahonda shakllangan yuqori turistik talab va narxlarning o‘sishi fonida turizm sektoridan tushgan daromadlar 1,4 trln AQSh dollariga teng bo‘ldi (2019-yildagi daromadlarning 93 foizi).
Markaziy bank tayyorlagan «Pul-kredit siyosati sharhi»da qayd etilishicha, 2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 6,6 mln kishini tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 27 foizga o‘sgan (2022-yilda – 5,2 mln kishi).
Turistlarning asosiy oqimi (79 foizi) qo‘shni mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Odatda ushbu davlatlardan aksariyat sayyohlar qarindoshlarni yo‘qlash, davolanish, o‘qish va savdo qilish maqsadida tashrif buyuradi.
Qolgan xorijiy mamlakatlardan kelgan sayyohlarning ulushi so‘nggi yillarda 15-20 foiz atrofida shakllanmoqda. Uzoq mamlakatlardan kelayotgan turistlarning tashrifidan asosiy maqsad sayohat bo‘lyapti.
Markaziy bank Sharhiga ko‘ra, turistlar tomonidan amalga oshirilgan xarajatlar iqtisodiyotda safarlar eksportida o‘z aksini topadi. 2023-yilda jami xizmatlar eksportida safar xizmatlari ulushi 41 foizga yetib, 2,1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Bunda, O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir sayyohning o‘rtacha qilgan xarajati 2023-yilda 323 dollarga (Sayyohlarning o‘rtacha qilgan xarajati umumiy safarlar eksportini mamlakatga tashrif buyurgan turistlar soniga nisbati orqali hisoblangan) to‘g‘ri kelib, oldingi yilga nisbatan 5 foizga oshdi.
«O‘sib borayotgan turistik oqim iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xizmatlar sohasi ko‘lami kengayishi, bandlikni oshishi, xizmatlar xilmaxilligi va sifati oshib borishiga turtki beradi.
Shu bilan birga, ushbu tendensiya ichki bozorda qo‘shimcha iste’mol talabini vujudga keltiradi. Bunda, iste’mol tovarlari, xususan oziq-ovqat mahsulotlari va transport xizmatlari taklifini oshirib borilishi, kelgusida iste’mol narxlariga inflyasion bosimni yuzaga kelishini oldini oladi», – deyiladi iqtisodiy Sharhda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter