Bekobodda tarixiy operatsiya amalga oshirildi

Bu tuman darajasida amalga oshirilgan respublikadagi ilk murakkab amaliyot bo‘ldi. “O‘zbekiston 24”telekanali jurnalisti Nazira Mambetsharipova voqea joyidan reportaj tayyorladi.
Davlatimiz rahbari o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq tinchlik va salomatlik mamlakatning eng katta boyligi ekanligini ta’kidlab keladi. Shu bois, tibbiyot sohasi prezidentimizning jiddiy nazorati va e’tiborida.
Har bir viloyatga tashrifi chog‘ida, albatta, tibbiy ob’yektlarni ko‘zdan kechiradi. Videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazib, sohaning transformatsiyasini bosh masala sifatida kun tartibiga qo‘yib keladi. Bugun prezident qo‘yayotgan vazifa ham shu: tibbiyot sohasini chinakamiga xalq dardiga darmon bo‘ladigan yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirish.
Bekobod tuman markaziy shifoxonasi. Bu yo‘laklar ko‘p dardni ko‘rgan. Shifoxona yo‘laklarida bugun boshqacha hayajon. Ana, yaqinlari davrasida o‘tirgan, duo qiluvchi onaxon — Inobat Aliyeva.
— Xola, yaxshimisiz?
— Allohga shukur, yaxshiman!
Yuragidagi og‘riqqa, ko‘nglidagi umidga tilakdosh bo‘lib, u murakkab operatsiya ostonasida turibdi. Endi rohatga kirdim deganda, xastalikka chalindi. Toshkent olis, uzoq yo‘l og‘irlik qiladi. Bugun Bekoboddagi tuman shifoxonasida o‘ta murakkab yurak operatsiyasining yo‘lga qo‘yilishi uning shifo umidiga aylandi.
— Nima bezovta qilardi?
— Yurak sanchiq... Hozir yaxshiman. Xudo xohlasa yaxshi bo‘lib ketaman. Sog‘-salomat, o‘ynab-kulib, 100 yoshlarga kirishni o‘ylayapman.
Biz jurnalistlar uchun ham bu suhbat hayajonli, chunki yaqingacha tuman darajasida aorta-koronar shuntlash kabi yurak operatsiyasini tasavvur qilishning o‘zi mushkul edi. Bu operatsiya kardioxirurgiyada “oltin standart” deya e’tirof etilgan. Yurakka qon aylanishini tiklovchi bu murakkab amaliyot bugun aynan Bekobodda amalga oshirilmoqda.
Bu O‘zbekiston tibbiyotidagi navbatdagi yutuq, prezidentimiz qo‘ygan vazifalardan biri — yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni markazdan joylargacha yetkazish maqsadi edi. Endi bu tashabbus hayotga tatbiq etildi.
Tumanning markaziy shifoxonasidagi operatsiya zalida ilk bora tarixiy voqea — ochiq yurakda aorta-koronar shuntlash operatsiyasi bajarilmoqda. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari bilan birgalikda Bekobod tumanining operatsiya brigadasi hamkorlikda ishtirok etishyapti. 60 yoshdan oshgan onaxonning operatsiyasi. Demakki, yurak ochildimi, umidlar ochilyapti. Eng yuqori texnologiyalar mana shunday hududlarga kirib boryapti.
Toshkentdan kelgan doktor Alisher Meliqulov boshligidagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardioxirurglari uchun bu juda mas’uliyatli lahza.
— Bu albatta, tarixiy voqea. Bu "inson qadri" g‘oyasining amaliy isboti hisoblanadi. Sababi, 8-9 yil ilgari bu operatsiyalar poytaxtimizdagi sanoqli ilmiy-amaliy markazlarda amalga oshirilardi va bu esa bemorlarning bir necha oylab navbatda turishga to‘g‘ri kelardi. Bemorlarning ko‘pchiligi shifo izlab chet ellarga ketishga majbur bo‘lardi. Bu operatsiyalarning endi viloyatda, tuman darajasida amalga oshirish yo‘lga qo‘yilishi, bu tibbiyotni xalqimizga yanada yaqinlashishi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, — deydi Alisher Meliqulov. — Albatta, ushbu yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbaridan beqiyos minnatdormiz.
— Alisher Mardonovich koronar shuntlash amaliyotini ishlab turgan yurakda bajaryaptilar. Amaliyot ishlayotgan yurakda bajarilganda bemorning tuzalishi oson kechadi, —deydi perfuziolog Husniddin Toshpo‘latov.
— Oksigeneratorlardan muammo yo‘qmi? Bir paytlar oksigeneratorlar yo‘qligidan operatsiyalar bajarilmay qolardi?
— Ha, bundan 5-6 yil oldin oksigenerator topilmasdi. Apparatlar bo‘lmagan, perfuziolog mutaxassis bo‘lmagan. Hozir oksigeneratorlarimiz bor, apparatlar bor, perfuziolog mutaxassislarimiz bor.
Albatta, 43 yillik tarixga ega tuman tibbiy shifoxonasidagi bunday yuqori malakali amaliyot tibbiyot tarixidagi yana bir burilish bo‘ldi. Bu birgina oila emas, balki insonlar hayoti, butun xalq ishonchini tiklayotgan muhim amal.
— 74-yildan beri anesteziolog bo‘lib ishlayapman, — deydi tuman markaziy shifoxonasi reanimatsiya bo‘limi rahbari Mirzaqul Rahmatov.
— Bugun tumanda tibbiyot qanchalik o‘zgardi deb o‘ylaysiz?
— Imkoniyatlarimiz juda oshdi, chunki bo‘limimizda kompyuter tomografiyasi ochildi, koronarografiya ochildi. Yangi apparatlar ko‘p keldi. Tashxis qo‘yishni o‘zi juda qiyin edi, kompyuterimiz yo‘q edi. Hozirgi paytda qarangki, Toshkent viloyatining aynan Bekobod tumanida koronarografiya ochilgan, yurak tomirlarini ko‘rib, stent qo‘yib, infarktlarga samarali yordam beryapmiz. Bo‘ka tumanidan, Bekobod shahridan, Piskent tumanidan infarktga uchragan bemorlar kelyapti, koronar qilib tuzatib, jo‘natib yuboryapmiz. Bu juda katta muvaffaqiyat. Tibbiyotimizga prezident tomonidan katta e’tibor bo‘ldi. Kasalxonada bolalar poliklinikasi yo‘q edi, hozir mana poliklinika qurilyapti. Hozir yana tug‘ruq kompleksi ham qurilyapti. Bu degani, bizda qariyb o‘sha Toshkent shahridagi sharoit bilan teng bo‘lib qoladi. Tuman darajasida bu juda katta muvaffaqiyat.
Bekobod tumani aholisi agar mabodo markaziy klinikalarga ishi tushadigan bo‘lsa, shu paytgacha Chirchiqqa borishiga to‘g‘ri keladi, bu ayniqsa bolalar masalasida qiyinchiliklarni yuzaga keltirardi. Mana endi shu yerning o‘zida tez orada bolalar poliklinikasi qad ko‘taradi.
Shifokorlar bugun yana bir muhim yangilik bilan ulashishdi — Bekobod tumanida yangi ona va bola tug‘ruq kompleksini loyihalashtirish ishlari boshlab yuborilibdi...
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Qahramonimiz Inobat onaning yuragidagi ishonch g‘alaba qozondi.
— Rahmat, mana shunchalik operatsiya qilishdi, endi yaxshiman. Endi yana hayotga qaytdim, — deydi Inobat Aliyeva.
Mamlakatning eng chekka hududlaridan biri — Bekoboddan boshlangan bunday tarixiy jarayon — ochiq yurakda bajarilgan operatsiya, bu mamlakat tibbiyotining salomatlik maromiga hamohang.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter