Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bedarak yo‘qolgan millionerlar

Bedarak yo‘qolgan millionerlar

Dunyoda har kuni minglab odamlar yo‘qoladi. Agar g‘oyib bo‘lgan inson millionlab dollar baholansa, bu – vaziyat yanada og‘ir, degani. Qanchalik hayron bo‘lmang, mazkur holat tez-tez ro‘y beradi. Aksar hollarda esa bedarak yo‘qolgan millionerlarning sirini ochib bo‘lmaydi.

Yoshi oltmishga borganda...

Don Lyuis millionlarini o‘zining og‘ir mehnati bilan ishlab topdi. U ulkan miqdorda naqd pullarga ega bo‘lsa-da, eski kiyimda yurar, andak g‘alati yigit edi. Lyuis ko‘chmas mulk, yuk tashish va bir talay korxonalar orqali pul ishlab topdi. U va xotini Kerol Florida shtatining Tampa shahridagi 140 akrdan iborat yerni 200 ta yo‘lbars, puma va arslonlar uchun boshpanaga aylantirdilar.

1997 yil avgustida Keron oltmish yoshli erining bedarak yo‘qolgani haqida xabar qildi. Ertasi kuni Don Lyuisning kaliti ichkarida qolgan va saloni qulflangan furgoni aeroportdan topildi. Aniqlanishicha, Lyuis g‘oyib bo‘lishidan ikki oy avval uydagi notinchlik tufayli xotinining ustidan sudga ariza bergan ekan. Kerol uni otib o‘ldirishini aytib po‘pisa qilgan emish!

Lyuisning birinchi nikohidan tug‘ilgan uch nafar qizi otasi yo‘qolganiga Kerolni aybdor deb topishdi, hatto politsiyadan hayvonlar boshpanasidagi go‘sht qiymalagichni tekshirib ko‘rishni taklif qilishdi. Kerol esa mish-mish gaplarni bema’ni hisoblab shunday dedi: «Mening yo‘lbarslarim odamlarni emas, go‘sht yeydi». U erini ko‘chmas mulki mavjud bo‘lgan Kosta-Rikaga qochib ketgan deb hisoblaydi.

Kema bor, egasi yo‘q!

2012 yilning iyunida 35 yoshli neft va gaz magnati Guma L.Agiarga tegishli baliqchilik kemasi Florida shtati Fort-Loderdeyl shahri yonidagi qirg‘oqqa chiqarib tashlandi. Dvigatel ishlab turar, signal chiroqlari ham yoqilgan edi. Agiarning yon daftarchasi va qo‘l telefoni bortdan topildi, futbolka hamda bir juft poyafzal esa kema sahnida edi. Jasadni izlash bilan bog‘liq ishlar samara bermadi, Guma haqida hech qanday ma’lumot tushmadi.

Kelib chiqishi braziliyalik bo‘lgan ushbu multimillionerning yo‘qolishi bilan bog‘liq ko‘plab ovozalar tarqaldi. Agiar ma’lum vaqt psixiatriya shifoxonasida davolangan, uning qonunchilik bilan bog‘liq muammolari bo‘lib, o‘zi ajrashish arafasida edi. Gap shundaki, xotini Jeymi Agiar unga uylanganidan so‘ng pul ishlab topa boshlaganini ta’kidlab, nikoh shartnomasini hujjatlashtirmoqchi edi. Agiar o‘zining 100 million dollarlik mol-mulkini asrab qolish uchun atayin g‘oyib bo‘lgan. Bu farazni singlisi va yaqin hamkorining Niderlandiyaga ko‘chib borgani ham tasdiqlaydi. Aytishlaricha, Agiar qochib ketib o‘sha yerdan panoh topgan.

O‘n to‘rt yillik sir

Boy oilada tug‘ilgan Kamilla Layman Massachusets shtatidagi o‘zining 2,1 million dollarlik qo‘rg‘onida chempion tozi itlarni parvarishlash bilan mashg‘ul edi. Faoliyatining dastlabki kezlarida u ismini huquqiy jihatdan Kem deb o‘zgartirdi va erkaklardek yashay boshladi.

1987 yili 54 yoshli Kem Layman naqd pullari, kiyim-kechaklari va qimmatbaho buyumlari bilan yo‘qolganida operatsiya orqali jinsini o‘zgartirish uchun Yevropaga ketdi deb hisoblashdi. Uyga qarovchi Jorj O’Nil uning g‘oyib bo‘lganini oshkor qilmadi va itlar hamda ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanishni davom ettirdi. Qolaversa, Jorj O’Nilda Laymanning ishini yuritishga doir ishonchnoma bo‘lib, vasiyatnoma bo‘yicha benefitsiar hisoblanardi.

Laymanning jasadi g‘oyib bo‘lganidan o‘n yil o‘tgach, uyi yonidan topildi. Unga o‘q uzilgan, murdasi sement va shlak qorishmasi bilan ko‘mib tashlangan edi.

Bu ishga daxldorligini qat’iyan rad etgan Jorj O’Nil qotillikda ayblanmadi. Faqat keyinroq Laymanning uyida o‘g‘rilik qilgan deb topildi. Millioner ayolning o‘limi esa hali-hanuz jumboqligicha qolayotir.

Dala yo‘lidagi dovdir

Irlandiyalik bu yirik ko‘chmas mulk egasi Kevin MakGiver yo‘qolganidan sakkiz oy o‘tgach, dala yo‘lida tentirab yurganida topildi. U ozib ketgan, dovdiragan qiyofada edi. Politsiyaga aytishiga ko‘ra, 68 yoshli Kevin MakGiverni to‘pponcha o‘qtalib o‘g‘irlashgan va transport konteynerida saqlashgan.

Biroq politsiya batafsil so‘roq qilgach, sirlar ochila boshladi. Oxir oqibatda Kevinning mamlakatdagi chekka hududlardan birida istiqomat qilgani, o‘g‘rilik tarixini esa moliyaviy bosimdan qochish uchun o‘ylab topgani ayon bo‘ldi.

MakGiverning biznesi kasodga uchragan, undan Dubay va Germaniyadagi ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq tovlamachilikda shubhalana boshlagandilar. MakGiver o‘zini o‘g‘rilab ketishga oid jinoyat sobiq mijozlarining pullarni talab qilmasligiga sabab bo‘ladi, deb ishongan edi. U vaqtni ketkazgani va yolg‘on ko‘rsatma bergani bois hibsga olindi.

Uylandi va dabdurustdan…

Bob Xerroud 81 yoshida uylandi va kutilmaganda Kaliforniyadagi o‘zining uyidan g‘oyib bo‘ldi. O‘shanda 2009 yil iyul oyi edi. U yangi xotinining kelishiga tayyorgarlik ko‘rayotgan, bu borada kuyovi Jeff Maykls yordam berayotgandi. Mahsulot olish uchun shaharga borib qaytgan Maykls Xerrodning ro‘zg‘or ishlarini yuritadigan ayol tashqaridan qulflangan uy oldida turganiga guvoh bo‘ldi. Qaynota hech qayerda yo‘q! Xerrodning yon daftarchasi va kaliti ham g‘oyib bo‘lgan, ammo avtomobili uy yonidagi yo‘lda edi.

Garchand Xerrod keksayib qolgan va ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lmasa-da, yo‘qolishi sababini izohlash mumkin bo‘lgan qarilikdagi aqli zaiflik yoki tibbiy xastalikdan aziyat chekmasdi. Uning bankdagi hisobi yoxud kredit kartasi orqali ma’lumot olishning iloji topilmadi. Xerrod multimillioner hisoblansa-da, vasiyatnomasiga yangi xotini uchun hali hech nima yozilmagan edi.

Aytishlaricha, oxirgi paytlarda Xerrod o‘zining qizlari bilan pul borasida keskin gaplashgan. Qolaversa, do‘stlaridan biri yirik miqdorda qarz olib, qaytarib bermagani qariyani tashvishga mubtalo qilgan. Biroq Xerrodning do‘sti, qizlari va kuyovidan barcha gumonlar olib tashlandi.

Sayoq yursang...

2010 yil yanvarda Avstraliyaning Melburn shahrida istiqomat qiluvchi millioner va biznesmen German Rokfeller xizmat safaridan qaytish paytida yo‘qoldi. Bir necha kundan so‘ng 51 yoshli millionerning avtomobili tashlandiq holda topildi. Uning bankdagi hisobi va mobil telefoni hech nimani anglatmadi. Rokfellerni oxirgi marta do‘kon va avtomobili turgan oraliq joyda ko‘rishgan, boshqa ma’lumot yo‘q.

Sakkiz kun o‘tgach, millionerning yoqib yuborilgan tanasi chiqindilarga to‘lib-toshgan orqa hovlidan topildi. Rokfellerning begona odamlar bilan xufyona uchrashib turgani oydinlashdi. Qotillik ro‘y bergan kuni u Mario Shembri va Bernardett Denni bilan uchrashgan. Bu odamlarning Rokfellerni nima sababdan o‘ldirishgani noma’lum.

Sobiq advokatning halokati

Kelib chiqishi rus bo‘lgan Leonid Rojetskin amerikalik advokat edi. U bir nechta korxonalarga tavakkal qilib pul tikib va boyib millionlarning egasiga aylandi. 2008 yili Rojetskin Latviyaning kurort shahri – Yurmaladagi muhtasham villasida g‘oyib bo‘ldi. Undan qon halqobi qolgan edi, xolos.

Rojetskinning yo‘qolishi bilan bog‘liq ko‘plab taxminlar borki, mazkur farazlar o‘g‘rilanishidan tortib o‘ldirilishgacha bo‘lgan sahnalarni qamrab oladi. Uni so‘nggi bor ikki nafar erkak bilan ko‘rishgan. Uchovlon taksidan tushib, tungi klubga borgan. Onasi bunday gap-so‘zlarni keskin rad etdi. Xonim ta’kidlashicha, o‘g‘li rus agentlari tomonidan o‘ldirilgan, sababi, Rojetskin mamlakatdagi poraxo‘rlikni yo‘q qilishga kirishgan ekan.

2012 yili Yurmaladagi o‘rmondan topilgan jasad qoldiqlari sobiq advokatga tegishli ekanligi DNK orqali aniqlandi. Uning o‘limi sababi esa hozirgacha sirligicha qolmoqda.

Tungi klubda g‘oyib bo‘lgan yigit

Qirq yoshli Mo Jivani mehmonxonalar egasi sifatida ish yuzasidan uchrashuv o‘tkazish uchun Torontoga ketdi. O‘shanda 2006 yil edi. Keyin uni hech kim ko‘rmadi.

Jivaniga tegishli «Mersedes» avtomobili shaharning kambag‘allar yashaydigan qismida, striptiz-klub yonidan topilgan. U yo‘qolguniga qadar klubga tashrif buyurgani aytiladi, biroq mazkur ma’lumot sira tasdiqlanmadi. Jivani ilgari to‘rt kun yo‘qolgan va, aytishlaricha, kokain iste’mol qilgan.

Erining joni evaziga talab qilingan 80 ming dollarni xotini to‘ladi. Ammo pullar ham, Jivani ham qaytarilmadi. Uning qayerda ekanligi hozirgacha noma’lum. Gap-so‘zlarga ko‘ra, do‘q-po‘pisa yo‘li bilan pul undirishni tanishlar uyushtirishgan.

Sportchidan qolgan rekordlar

Stiv Fossett fond birjasi orqali boylik orttirgan tadbirkor bo‘lgan. U sarguzashtlar ishqibozi va samolyot, yelkanli qayiq sporti, havoda uchish bo‘yicha 116 martadan ko‘p marta jahon rekordini o‘rnatgan sportchi ham edi. Fossett dunyo bo‘ylab havo sharida mustaqil uchishni birinchi bo‘lib amalga oshirgan odam hisoblangan.

U 63 yoshida bedarak yo‘qoldi. Mazkur voqea 2007 yil sentyabrida Kaliforniyaning Serra-Nevada shahri tog‘larida yakka tarzdagi parvoz paytida ro‘y bergan. Millionerning g‘oyib bo‘lishi AQSh tarixida bir kishini izlash bilan bog‘liq mashaqqatli qidiruvga majbur qildi. Biroq Fosset ham, samolyoti ham topilmadi.

2008 yilning fevral oyida Stiv Fossett o‘lgan deb rasmiy ravishda e’lon qilindi. O‘sha yili oktyabr oyida piyoda sayohatchi tomonidan Fossettning samolyot qoldiqlari topildi. DNK-testlar orqali suyaklar Stiv Fossettga tegishli ekanligi aytildi. Uning dunyo miqyosidagi oltmishta rekordi hozirgacha yangilangani yo‘q.

O‘tgan asrdagi sir

Magnat Embrouz Smollning 1919 yili g‘oyib bo‘lishi Torontodagi eng ko‘hna sirlardan biri hisoblanadi. U faoliyatini darbonlikdan boshlagan, keyin qirq yil davomida teatr imperiyasiga asos solgan va boyib ketgan edi. 1919 yilning 1 dekabrida Smol biznesini 1,7 million dollarga sotdi va pulni o‘zining bankdagi hisobiga qo‘ydi. Ertasi kuni u kabinetidan chiqdi va nafaqat xotini, balki hozirgina olgan ulkan miqdordagi pullarini ham qoldirgancha izsiz g‘oyib bo‘ldi.

Small qimor o‘ynovchi, xotinboz hamda shafqatsiz biznesmen sifatida tanilgan edi. Uning yo‘qolishi, ayniqsa, xotini Tereza 50 ming dollar mukofot e’lon qilgach, shov-shuvga aylanib ketdi. Shunga qaramay, Small uchun to‘lov talab qilinmadi, millionerning jasadi ham topilmadi.

Yo‘qolganining dastlabki yillarida Esmbrouz Smollni London, Fransiya, Meksika va Janubiy Amerikada ko‘rishgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo mazkur ma’lumotlarning birortasi ham tasdig‘ini topmadi.

1923 yili Embrouz Smoll o‘lgan deb e’lon qilindi, 1960 yili esa ish rasman yopildi. Oradan o‘n yil o‘tgach, Embrouz Smoll arvohi Londondagi sevimli «Grand» teatriga tashrif buyurgan deyishadi. Teatr merosiga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, uning surati foyedan joy olgan.

Akbar Fatxullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring