Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bavariya»ni cho‘ktirgan «sariq suvosti kemasi»ning tishi «Liverpul»ga o‘tadimi? (prevyu)

«Bavariya»ni cho‘ktirgan «sariq suvosti kemasi»ning tishi «Liverpul»ga o‘tadimi? (prevyu)

UYeFA chempionlar ligasi o‘zining yakuniga qarab ketmoqda. Kecha Angliyaning boshqa bir shahrida «Manchester Siti» ispanlarga inglizcha «mehmondo‘stlik» qilgan ersa, bugun liverpulliklar «Vilyarreal»ni «Enfild»da qabul qiladi.

«Liverpul» «B» guruhidagi gegemonligidan so‘ng, «Inter» va «Benfika»ni mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi. Yurgen Klopp shogirdlari 2022 yilda o‘ynagan 26 ta o‘yinidan faqat bittasini yutqazdilar. «Liverpul» hozir APL taxti uchun ham manchesterliklarga qarshi chinakam jang olib bormoqdalar.

«Vilyarreal» guruh bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Pley-offlarda dahshatli natijalar ko‘rsatib, «Yuventus» va «Bavariya»ni turnirdan chiqarib yubordi. «Sariq suvosti kemasi» mezbonlar kabi katta nom bo‘lmasa ham, Emeri shogirdlarining turnirda ko‘rsatayotgan o‘yinlariga shunchaki qoyil qolmasdan iloj yo‘q.

Bu ikki jamoa bundan 6 yil avval ham yarim finalda to‘qnash kelishgan. Ammo o‘shanda turnir Yevropa ligasi edi. «Liverpul» «Vilyarreal»dan Ispaniyada 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lib qaytgan, Liverpulda esa 3:0 hisobida yenggan edi. Bu voqealarga ko‘p vaqt, jamoalar o‘zgargan bo‘lsa ham, bu futbol va unda har narsa bo‘lishi mumkin.

Yurgen Kloppning UYeFA chempionlar ligasi yarim finali birinchi o‘yinida tarkib borasida birorta yo‘qotishga uchragan emas. Roberto Firmino bilan ozgina xavotirlar bo‘lsa-da, braziliyalik «mersisaydliklar» tarkibida allaqachon ikkinchi tarkib futbolchisiga aylanib qolgan. Firmino yo‘qligida Sadio Mane markaziy hujumchi sifatida o‘z o‘rnini saqlab qoladi va Muhammad Saloh va Luis Diaz bilan birga dinamik front chizig‘ini shakllantiradi. Katta ehtimol bilan Tiago Alkantara «Liverpul»ning asosiy o‘yinchisiga aylanadi va u tempni belgilash, pressingni tashkil etishga javobgar bo‘ladi.

Ehtimoliy tarkib (4-3-3): Alisson; Aleksandr-Arnold, Konate, van Deyk, Robertson; Xenderson, Fabino, Tyago; Salax, Mane, Dias.

«Liverpul»dagi hamkasbidan farqli ravishda Unai Emeri UYeFA chempionlar ligasi yarim finalining birinchi o‘yini uchun «Enfild»ga safari oldidan yo‘qotishlarga duch kelgan. «Vilyarreal» bosh murabbiyi ikkita asosiy o‘yinchi xizmatlaridan foydalana olmaydi. Alberto va Jerar Morenolar son mushaklaridagi jarohatlari sababli maydondan chetda qolmoqda. «Sariq suvosti kemasi» bu duetsiz ham o‘ynashga o‘rganib qolgan ersa-da, Emeri uchun hujumning turfa xilligini ta’minlashda muammolar yaratadi. «Vilyarreal» bosh murabbiyi «Liverpul»ga qarshi 4-3-1-2 sxemasida o‘ynasa kerak. Ispanlar argentinalik markaziy hujumchilar Samu Chukvuyeze va Arnaut Danjuma bilan harakat qiladi. Ayniqsa, tezkor Chukvuyeze «qizillar»ga muammo bo‘lishi mumkin.

Ehtimoliy tarkib (4-3-1-2): Rulli; Foyt, Albiol, Torres, Estupinan; Parexo, Koklen, Kapue; Lo Selso; Chukvueze, Danjuma.

2005 yilning avgust oyida Gudison Parkda «Everton» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonganidan beri «Vilyarreal» Angliyadagi so‘nggi sakkizta o‘yinida g‘alaba yutolmagan (3 durang, 5 mag‘lubiyat). «Liverpul» Yevropa kubogi va UYeFA Chempionlar ligasining yarim finaliga 12-marta yetib keldi. Bu ingliz jamoalari ichida eng yaxshi ikki natijadan biri. «Qizillar» tarixda birinchi marta bir mavsumda Liga kubogi, Angliya kubogi va Yevrokubokning yarim finaliga chiqishdi.

2009/10 yilgi mavsumdan beri UYeFA va Yevropa ligasining pley-offlarida «Vilyarreal» bosh murabbiyi Unai Emeri o‘yinlarining 84 foizida (31/37) g‘alaba qozondi. Bu Zinedin Zidandan keyingi eng yaxshi natijadir.

«Vilyarreal»ning «Yuventus» va «Bavariya» ustidan qozongan g‘alabalarida hal qiluvchi omillardan biri bu ularning himoyasi samarali va tartibli harakatlanishlaridir. Ispaniyaliklar himoya borasida mustahkam ersalar-da, liverpulliklar turnirda eng ko‘p gol urgan jamoalardan biri bo‘lib turishibdi. «Liverpul» maksimal natijaga erishishga intilishlari, «Vilyarreal» esa imkon qadar o‘yinni sovitishga harakat qilishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring