Barcha ishxonalarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar tuziladi – loyiha
Hukumatning tegishli qarori loyihasiga ko‘ra, 2023-yil 1-martdan boshlab vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari tuziladi.
Ta’kidlanishicha, boshlang‘ich tashkilot oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini mehnat jamoalarida samarali amalga oshirishga ko‘maklashadigan, ayol xodimalarni ixtiyoriy ravishda o‘z atrofida birlashtiradigan hamda ularning manfaatlari va huquqlarini himoya qiladigan uyushma – kollegial organ hisoblanadi.
Boshlang‘ich tashkilot raisi esa o‘z navbatida mehnat jamoasi rahbarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi va maqomi bo‘yicha ularning o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Shuningdek, Boshlang‘ich tashkilot yuridik shaxs hisoblanmaydi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Mehnat jamoalaridagi xotin-qizlar ixtiyoriylik asosida boshlang‘ich tashkilotga a’zo bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, Boshlang‘ich tashkilotga:
- o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha mehnat jamoasining mas’ul xodimlaridan zarur ma’lumotlarni olish;
- mehnat jamoasidagi xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish haqida muassasa ma’muriyati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) va uning hududiy bo‘linmalariga ariza bilan murojaat qilish;
- boshlang‘ich tashkilot ish rejasidagi chora-tadbirlarning muassasa (korxona, tashkilot) ma’muriyati tomonidan moliyalashtirish haqida takliflar kiritish kabi va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlar ham berilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlariga ham mehnat jamoalarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarni tashkil etish tavsiya etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter