Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Banan shirin emas... nega? (1-maqola)

Banan shirin emas... nega? (1-maqola)

foto: Xabar.uz

«Katta ish tashlashlar boshlandi. Plantatsiyadagi ishlar taqqa to‘xtadi, mevalar chiriy boshladi. Bir yuz yigirma vagondan iborat eshelonlar temir yo‘l shahobchasida harakatsiz. Shahar va qishloqlar ishchilar bilan to‘lib toshdi. Xose Arkadio Ikkinchi ilk bor ish tashlashda ishtirok etayotgan edi.

Shu tufayli u ishchilar orasida ulug‘vorlik bilan ketar, bir paytlar faqat vagon yuvib yurgan odam – endi yuzlab ishchilarning umididek ko‘rinardi.

Ular stansiyaga jamlanishdi. Qora bulutlar osmonni to‘sgan, qariyalar, bolalar, ayollar yig‘ilgandi. Ular kutmoqda edilar. Ammo u yerga poyezd kelmadi. Uning o‘rniga harbiylar keldi. Ular  avtomatlar bilan keldilar. Kapitan xalqqa tarqalish kerakligini aytdi:

– Xonimlar va janoblar, tarqalishingiz uchun besh daqiqa bor, agar qimirlamasangiz o‘t ochiladi.  

Bir necha daqiqa o‘tdi, hech kim siljimadi. Shu onda otishma boshlandi. Xose Arkadio Ikkinchi oyog‘i ostiga yiqilayotgan tanalarni, bosib ketilayotgan bolalarni, qo‘rquvdan baqirayotgan ayollarni ko‘rdi. Havo qon va dahshat hidi bilan to‘ldi. U vagonlarga tiqilgan o‘liklar orasida uxlaganday bo‘lib yotdi. Ko‘zini ochganda, poyezd harakatlanayotgan edi – jasadlarga to‘la vagonlar Makondoni tark etayotgandi.

U uyiga qaytib kelganida, oilasi unga ishonmadi – Makondoda hech qanday otishma bo‘lmagan. Hech kim o‘lmagan. Sen tush ko‘ribsan.»

Bu epizod badiiy to‘qima emas, balki haqiqat. Gabriel Garsia Markes buni o‘z bobosidan eshitgan. Unga ko‘ra, 1928-yili Kolumbiyadagi Siyenaga kompaniyaning banan plantatsiyalari ishchilari adolatsiz mehnat sharoitlariga qarshi tinch namoyishga chiqqan. Javob sifatida hukumat qo‘shinlari ularni otib tashlagan. Markes bu voqeani «Yolg‘izlikning yuz yili» romanida unutilmas tasvir bilan abadiylashtirdi.

O‘sha paytlari  gazetalar bu qonli voqea haqida sukut saqlagan, «hech kim o‘lmagan», degan fikrni olg‘a surgan. Rasmiy hujjatlarda ham bu qirg‘in haqida faktlar keltirilmagan. Go‘yo ushbu voqea bo‘lmagan. Lekin bu Lotin Amerikasining tarixga muhrlangan haqiqati ekanligini internet zamonida yashirib bo‘lmaydi.

Mevalar podshohi, kaliy manbai banan butun dunyoning eng sevimli mevasi. U har kuni dasturxonimizda – boylar, oddiy oilalar, bolasi yoshligidan vitaminga to‘yishni xohlagan ona, sog‘lom turmush tarzini tanlagan sportchi uchun  doimo mavjud va istagancha yeyish mumkin.

«Banana Republic» – bu xunuk ibora Amerika siyosatida ham, jurnalistikasida ham yirik jarayonlarga ishora qilardi. Banan respublikasi – siyosiy beqarorlikni boshdan kechirgan va cheklangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qaram bo‘lgan Lotin Amerikasi mamlakatlarini tavsiflash uchun ishlatiladigan atama. Uning asosiy belgilari milliy mahsulotni taqsimlashda sezilarli tengsizlik, rivojlanmagan infratuzilma, ta’lim va iqtisodiyot, xorijiy kapitalga kuchli qaramlik, nisbatan yuqori inflyasiya, budjet taqchilligi, milliy valyuta kursining pasayishi, diktatura va korrupsiyadir.

Bu atama XIX-XX asrlardagi Lotin Amerikasi davlatlarida – ayniqsa, Gonduras, Gvatemala va Panamada yuzaga kelgan vaziyatni anglatadi.
Chiquita kompaniyasining Lotin Amerikadagi boshqa faoliyati ham shubhali va qonli voqealarga boy. Jumladan, 2007-yili AQSh Adliya vazirligi Chiquita Brands International kompaniyasini Kolumbiyadagi «AUC» (United Self-Defense Forces of Colombia) deb nomlangan harbiylashgan guruhni moliyalashtirgani uchun aybdor deb topdi. Bu guruh xalqaro darajada terrorchi tuzilma sifatida tan olingan va ko‘plab fuqarolarning o‘limiga sababchi bo‘lgan. Chiquita ushbu guruhga kamida 1,7 million dollar to‘lagani isbotlangan. Bu mablag‘lar mehnat sharoiti va mulkni himoya qilish bahonasida berilgan bo‘lsa-da, amalda minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan guruhni qo‘llab-quvvatlash edi.

Banan yetishtiruvchi yetakchi davlatlar qatoriga Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Braziliya, Ekvador va Filippin kiradi.

Banan eksporti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab eksport qiymati 2022-yildan 6,7 foizga oshib, 2023-yilda 14,4 milliard dollarga yetdi.

Ha, bananga talab kuchaygandan kuchaymoqda, uning qurutilgani, sharbati, kukuniga ham talab oshib bormoqda.

Yaxshi-ku iqtisod rivojlanadi, sevimli bananimiz arzon bo‘ladi, deb o‘ylaymiz eksportning shiddat bilan o‘sayotganini ko‘rib...

Ammo uning ortidan bugun urushsiz, otishmasiz qanday qurbonliklar berilmoqda?

Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Yunisefning 2021-yil hisobotiga ko‘ra, bolalar mehnatiga jalb qilinganlar soni dunyo bo‘ylab 160 millionga yetdi – so‘nggi to‘rt yilda 8,4 million bolaga ko‘paydi. Shu bolalarning kamida 70%i qishloq xo‘jaligida, jumladan, banan, qahva, kakao kabi eksportbop mahsulotlarda mehnat qilmoqda. Bolalar ko‘p hollarda uzoq soatlar davomida kimyoviy moddalar bilan zaharlangan muhitda ishlashadi. Bu jarayonlarda ular ta’limdan uzoqlashadi, sog‘ligiga zarar yetadi va bolalik huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

Banan to‘liq yetilib, Qo‘shma Shtatlar yoki Yevropa bozoriga yetib borishi uchun uni terish, saralash, yuvish, eski bananlarni ajratish, yuklamoq kerak. Bu ishlarni kim qiladi: ko‘pincha bolalar va pulga muhtoj yoshlar.

Kosta-Rikada 14 yoshli bolalar banan dalalarida 12 soatlab ishlayotgani kuzatilgan. Ular zaharli havodan nafas oladi, og‘ir yuk ko‘taradi, maktabga borishga vaqt ham, imkoniyat ham topolmaydi. Bir kilogramm banan uchun ishchi taxminan 4-6 sent (0.04-0.06 dollar) oladi. Bir banan uchun, demak, odamning 5 daqiqalik mehnati va sog‘lig‘i qurbon qilinadi. Bolalar mehnati koalitsiyasining amaliyotchisi Elli Merfi tomonidan o‘rganilgan maqolada AQSh dunyodagi eng yirik banan importchisi bo‘lib, yiliga kishi boshiga 28 dan 30 gacha banan iste’mol qilishi ta’kidlangan. «Dunyo bo‘ylab banan har yili 100 milliard iste’mol qilinadigan eng mashhur meva hisoblanadi.  

AQSh Mehnat Departamentining USDOL Bolalar mehnati yoki majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatiga ko‘ra, banan ishlab chiqarish uchun bolalar mehnatidan foydalanadigan mamlakatlar qatoriga Ekvador, Braziliya, Nikaragua va Filippin kiradi.

2002-yil aprel oyida e’lon qilingan Human Rights Watch hisobotida Ekvador banan plantatsiyalarida keng ko‘lamli mehnat va inson huquqlari buzilishi, sakkiz yoshli bolalar xavfli ishlarni bajarayotgani aniqlangan. Hisobot mualliflari 45 nafar ishchi bilan suhbatlashdi va ularning 41 nafari sakkiz yoshdan 13 nafargacha, ularning aksariyati 10 yoki 11 yoshda ishlay boshlaganini aniqladilar.

Rafikulloh, Afg‘onistonning Uruzgon viloyati markazi Tarinkot shahrida banan sotadi. U maktabda o‘qimaydi.

«Bolalar ishlash asnosida zaharli pestitsidlarga duchor bo‘lishdi, o‘tkir pichoqlardan foydalanishdi, og‘ir yuklarni tashishdi, antisanitariya suvini ichishdi va ba’zilari jinsiy zo‘ravonlikka uchradi», deb ta’kidlangan hisobotda.

Aniqlanishicha, bolalarning qariyb 90 foizi tepada uchayotgan samolyotlardan zaharli fungitsidlar sepilgan paytda ishlashda davom etishgan. Ular zaharli kimyoviy moddalardan saqlanish uchun turli usullardan foydalanishgan – banan barglari ostiga yashirinish, boshlarini egish, yuzlarini kiyimlari bilan bekitish, qo‘llarini va og‘izlarini yopish uchun boshlariga karton qutilarini soyabon qilishgan.

AQSh mehnat departamenti 2019-yildagi «Bolalar mehnatining eng yomon shakllari bo‘yicha xulosalari» hisobotiga ko‘ra, 5-14 yosh guruhida har 20 ta ekvadorlik bolalardan biri ishlaydi va ularning har beshinchi to‘rt nafari fermer xo‘jaliklarida mehnat qiladi.

Keyingi vaqtlarda Ekvador ish bilan ta’minlanishning minimal yoshini 15 yoshga ko‘targan, bolalarni xavfli ishlarda ishlashni taqiqlagan va bolalarni ishga olgan ish beruvchilar uchun jarimalarni oshirgan. Bolalar mehnatiga moyil bo‘lgan bolalar uchun ko‘proq ijtimoiy dasturlarni, jumladan, tug‘ilishdan zaif bolalarga shartli naqd pul o‘tkazmalarini ta’minlaydigan «Umr bo‘yi rejasi»ni yaratgan. biroq ijobiy reytingga qaramay, banan sektoridagi bolalar mehnati baribir keng tarqalgan – kamida beshta yirik eksport qiluvchi mamlakatlarda gullab-yashnamoqda.

Albatta meva o‘z-o‘zidan faqat mehnat orqaligina hosil bermaydi, unga pestitsidlar qo‘shiladi. Lotin Amerikasidagi banan plantatsiyalarida zaharli kimyoviy moddalar juda katta miqdorda qo‘llaniladi: har gektarga yiliga 200 kg gacha. Bu ko‘rsatkich boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlariga nisbatan o‘n baravar ko‘p. Kolumbiya va Kosta-Rika kabi mamlakatlarda samolyot orqali havodan pestitsid sepish keng tarqalgan bo‘lib, bu faqat bananni emas, balki yaqin atrofdagi mahallalarni, maktablarni va bolalarni ham zaharli moddalar ta’siriga duchor etadi. 2016-yilda Kosta-Rikalik tadqiqotchilar yiliga birgina banan qoplaridan taxminan 49 600 funt insektitsid tabiiy muhitga ajralib chiqishini aniqladilar. Qoplar ichidagi insektitsidlar va tuproqqa qo‘llaniladigan nematsidlar – miya va markaziy asab tizimi uchun zaharli hisoblanadi.

2022 yilda Human Rights Watch hisobotlarida qayd etilganidek, banan dalasi yaqinida yashovchi bolalarda nafas olish muammolari, teri yorilishlari va homilador ayollarda homila tushish holatlari tez-tez kuzatilgan. Banan plantatsiyalari yaqinida yashovchi 451 homilador ayollarni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularning barchasida yuqoridan dalalarga sepiladigan fungitsidining yuqori konsentratsiyasi bor.

Ma’lumot uchun: Kosta-Rika banan eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. 2021yilda banan eksporti 1,23 milliard dollarga yetdi va bugungi kunda butun mamlakat bo‘ylab 28 mingga yaqin odam banan fermalarida ishlaydi.

Kosta-Rika haqida eslatmalar ko‘pincha bulutli, toza havoli o‘rmonlar va ajoyib plyajlar tasvirlarini keltirib chiqaradi.  

Ammo o‘zining ekologik qiyofasidan farqli o‘laroq, Kosta-Rika dunyoning istalgan nuqtasida aholi jon boshiga pestitsidlardan foydalanish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega.

Valdiviyeso Miller Kosta-Rikaning ushbu mintaqasidagi banan fermalarida kimyoviy paketlar bilan 33 yil ishlagan. «Men uzoqni ko‘ra olmayman, ko‘zimni tutun bilan to‘sib qo‘ygandek his qilyapman. Odamlarni uzoqdan taniy olmayman va bu kimyoviy moddalar bilan ishlashdan ekanligini bilaman. Ular aytishlari mumkin, yo‘q, afsuski buni isbotlashning iloji yo‘q. Lekin bu kimyoviy moddalar tufayli ekanligini bilaman», – deydi u Sierra nashriga bergan intervyusida.

Kasaba uyushmasi rahbarlarining ta’kidlashicha, banan qoplari bilan ishlaydigan erkaklarning 10 foizdan ortig‘i ko‘zlari bilan bog‘liq muammolarga ega: katarakta yoki qisman ko‘rlik, ehtimol kimyoviy moddalar tufayli. Boshqa joylarda ferma ishchilarining aytishicha, ularning tirnoqlari kimyoviy ta’sirdan tushib ketgan.

San Pedro deLaning qishloqlaridan birida yashovchi Sara 40 yoshda, 13 yildan beri shu qishloqda yashaydi. U akasi haqida gapirganda ko‘z yoshlarini tiya olmaydi. Va keyin u banan palmalari orasida bu qishloqdagi boshqa ko‘plab bolalar kabi nogiron tug‘ilgan o‘g‘li haqida gapiradi. Saraning nogiron o‘g‘li Brandon o‘n yoshda. Uzoqdan u besh yoshli bolaga o‘xshaydi.

 

Sara va uning o‘g‘li. foto: Danwatch  

Saraning eri ham bu yerdagi yagona ish – banan plantatsiyasida ishlaydi.  Sara hech qachon maktabga bormagan va o‘qishni ham, yozishni ham bilmaydi. Sara tadqiqotchilarga shifokor va shifoxonaning hujjatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, ammo ularning nima deyotganini tushunolmaydi. Tibbiy hujjatlarda pestitsidlar va uning o‘g‘lining ahvoli o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik tasvirlanmagan...

Uning eri va ikki farzandi hamon plantatsiyada ishlaydi. U Danwatchga intervyu berishdan bosh tortdi, chunki u ishini yo‘qotishdan yoki jurnalist bilan bunday mavzularda gaplashgani uchun muammoga duch kelishdan qo‘rqadi.

Yoki yana bir voqea: 2022-yil 4 noyabrda Kampong Cham provinsiyasining Stung Trang tumanidagi banan plantatsiyasidan uch kishi halok bo‘lgan va o‘nlab odamlar kasalxonaga yotqizilgan.

Ommaviy kasalxonaga yotqizilishdan oldin odamlar muntazam ravishda hushidan ketishgan va boshlari aylanayotganini his qilishgan, ammo ularning alomatlari dangasalik belgisi ekanligi aytilgan.

30 yoshli Eak Mansot qo‘shni plantatsiyada banan qadoqlovchi sifatida kuniga taxminan 7 dollar ishlab topadi. Uning o‘zi pestitsidlar sepishga mas’ul emas, biroq kimyoviy hid tufayli uning boshi aylanadi, nafas olishi qiyinlashadi.

Kampong Chamdagi dori sepadigan ishchi, 2022 yil noyabr(Fiona Kelliher/VOD.)

Banan katta daraxtda emas, balki qalin poyali o‘simlikda yetishtiriladi va u juda ko‘p suv talab qiladi. Bir kilogramm banan yetishtirish uchun FAO ma’lumotlariga ko‘ra 790 litr suv kerak bo‘ladi.

Banan yetishtiriladigan joylar, odatda tropik mamlakatlar – bu suv tanqisligiga duch keladigan mintaqalar. U yerda mahalliy aholi ichimlik suviga muhtoj bo‘lib turganda, eksport uchun mo‘ljallangan banan plantatsiyalari suvni shiddat bilan yutib tugatmoqda.

Banan eksport qiluvchi mamlakatlarda, masalan, Ekvador, Kosta-Rika yoki Kolumbiya mahalliy aholisi ichida ichimlik suviga muhtojlar juda ko‘p. Lekin bu yerlardagi plantatsiyalar suv manbalarini o‘ziga tortib, tabiiy resurslar tanqisligini yanada og‘irlashtirmoqda.

Xo‘sh, bu og‘riqli muammolarni bartaraf qilish uchun biz qanday yordam bera olamiz, hech qanday. Unda nimaga bu maqola yozildi?

Fair trade (adolatli savdo) bananlari bor, ularni tanlash bilan biz kimnidir himoya qilgan bo‘lamiz. Fairtrade – bu xalqaro sertifikatlash tizimi bo‘lib, u fermer va ishchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va adolatli ish haqi to‘lanishini kafolatlashga qaratilgan. Fairtrade sertifikatiga ega bananlar ishchilarning ekspluatatsiyasiz, xavfsiz sharoitda mehnat qilishini ta’minlaydi va bolalar mehnatiga qarshi qat’iy siyosat yuritadi, ularni tanlash bilan biz kimnidir himoya qilgan bo‘lamiz.

Ushbu maqolani yozishdan maqsad insonlarni banan iste’molidan qaytarish emas. Maqsad – biz kimning hisobiga zavq olyapmiz, shuni bilish. Maqsad – har bir meva ortidagi ko‘rinmas insonni anglash.
Banan shunchaki meva emas. Uning ortida monopoliya, ekspluatatsiya, qon to‘kilgan tarix va geosiyosiy manfaatlar yotadi. Banan «tropik meva» degan «ekzotik» atamalar ortida butun xalqlarning taqdiri va qurbonligi yashiringan. Faqat shuni his qilsangiz bo‘ldi... Iste’molchilar o‘zining ichki ovozlarini eshitishlari kerak: eng shirin banan – bu bolalar mehnatisiz yetishtirilgan banan.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring