Ayrim hududlar uchun chiqindilarni olib ketish tariflari qimmatladi
Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan ayrim hududlar uchun qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari belgilandi.
Jumladan:
- Toshkent viloyatining jami 22 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4 400 so‘m (yuridik shaxslar uchun 61 000 so‘m(QQS bilan 68 320 so‘m) to‘lov miqdori;
- Samarqand shahri va Samarqand tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5 000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 90 000 so‘m (QQS bilan), viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4 129 so‘m, yuridik shaxslar uchun 59 693 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori;
- Farg‘ona viloyati shaharlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5 000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m, tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 so‘m (QQS bilan53 760 so‘m) to‘lov miqdori;
- Andijon viloyatining jami 16 ta shahar va tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 3 500 so‘m va yuridik shaxslar uchun esa 47 500 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori belgilandi.
Vazirlikka ko‘ra, hozirda respublikaning boshqa viloyatlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, o‘tgan davr ish haqi, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari oshgan. Biroq qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan. Bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning 2022 yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketishiga olib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter