Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Axbor Imomxo‘jayevga akademik ilmiy unvoni berildi

Axbor Imomxo‘jayevga akademik ilmiy unvoni berildi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbek sporti jurnalistikasi otaxoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi – Axbor Imomxo‘jayev  akademik ilmiy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha, 8-iyun kuni umrining 60 yilidan ziyodini o‘zbek futbol rivoji va o‘zbek sporti jurnalistikasiga bag‘ishlagan Axbor Imomxo‘jayev O‘rta Osiyo xalqlari tarixi instituti Turon fanlar akademiyasi Prezidiumining qarori bilan akademiyaning haqiqiy a’zosi deb qabul qilindi va ustoz jurnalistga akademik ilmiy unvoni akademiya prezidenti Haydarbek Bobobekov tomonidan topshirildi.

Axbor Imomxo‘jayev 1936-yilning 19-fevralida Toshkentda tavallud topgan. Otaxon jurnalist futbolga oid bir nechta kitoblarning muallifi. Ma’lumot uchun, «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» kitobi muallifning o‘ninchi kitobi bo‘lib o‘tgan yili keng jamoatchilikka taqdim etilgan edi.

O‘zbek futbolining 100-yilligiga bag‘ishlab chop etilgan – 800 sahifadan iborat ushbu kitobda o‘zbek futboliga oid ko‘plab tarixiy materiallar, xotiralar, qiziqarli faktlar jamlangan. Shuningdek, unda o‘zbek futboli tarixida yorqin iz qoldirgan murabbiy, futbolchi, mutaxassis va sport jurnalisti sifatida faoliyat olib borgan mashhur insonlar haqida ham qator qimmatli ma’lumotlar taqdim etilgan.

Shu yilning fevral oyida, 84 yoshi arafasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Kengashi qarori bilan Axbor Rustamovichga universitetning Faxriy professori unvoni berilgan edi.

Axbor Imomxo‘jayev 1996-yilda «Shuhrat» medali, 2006-yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring