Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arktika orolida – ayiqlar qurshovida 703 kun yashagan va omon qolgan ayol

Arktika orolida – ayiqlar qurshovida 703 kun yashagan va omon qolgan ayol

1923-yilda Amerika matbuoti Arktika orolida kema halokatga uchragach, o‘sha yerda qolib ketgan alyaskalik 23 yoshli ayol Ada Blekdjek haqidagi hikoyalarga to‘lib toshdi, deb yozadi Lenta.ru nashri. Ada ekspeditsiyadagi yagona ayol va tirik qolgan yagona inson edi. Nega u tavakkal safarga chiqdi, ekspeditsiyaning so‘nggi a’zosi ko‘z o‘ngida  halok bo‘lganida ham omon qolishga va ruhan tushkunlikka tushmaslikka qanday kuch topdi, nega u qahramon bo‘lsada, qashshoqlikda yashadi?  

Ada Blekdjek, 1898-yilda Alyaskadagi kichik qishloqchada tug‘ilgan. U Eskimoslar orasida yashaganiga qaramay, qanday ov qilishni va tabiatda omon qolishni bilmas edi. Ada missionerlar oilasida o‘sgan, unga ingliz tilida Injilni o‘qishni va oq tanli amerikaliklarga qanday dehqonchilik, tikuvchilik va ovqat pishirishni o‘rgatishgan. Ya’ni unga hech qachon ota-bobolari yashagandek yashash ko‘nikmasi o‘rgatilmagan edi.

16 yoshida Ada Jek Blekdjek ismli erkakka turmushga chiqdi. Ular taxminan yetti yil turmush qurishdi va Pensilvaniyada yashashdi. Bu vaqt ichida Ada uch nafar farzandli bo‘ldi, lekin faqat bittasi – Bennett tirik qoldi. 1921-yilda eri Ada va uning bolasini tashlab ketdi. «Men ruhan singan edim, bir tiyinim ham, kiyimim ham yo‘q edi», deb eslaydi u  The Los Angeles Times gazetasiga bergan intervyusida.

Keyin u o‘g‘li bilan Pensilvaniyadan Alyaskaning kichik shaharchasiga ko‘chib o‘tdi. To‘rt yoshli Bennet sil kasalligidan aziyat chekar va Ada o‘g‘lini vaqtincha bolalar uyiga joylashtirishga majbur bo‘lgandi.

Ammo u o‘g‘liga pul ishlab, qaytib kelishga va’da berdi. Keyin u Vrangel oroliga ketayotgan  ekspeditsiya guruhi haqida eshitib qoldi.

Ekspeditsiya kanadalik qutb tadqiqotchisi, etnograf va yozuvchi Vilyalmur Stefansson tomonidan tashkil etilgan edi. U ekspeditsiyaga to‘rt nafar yosh, (eng kichigi 19, eng kattasi 28 yosh) tajribasiz qutb tadqiqotchilarini yolladi: Allan Krouford, Milton Gall, Fred Maurer va Lorn Nayt. 23 yoshli Ada  taxminan 150 santimetr bo‘lgan bo‘yi kichikkina ekspeditsiyadagi yagona ayol edi, albatta, bu haqda uni oldindan ogohlantirishmagan. Aksincha, unga guruhda Alyaskaning mahalliy vakillari ham bo‘lishi aytilgan, lekin ular ishtirok etish haqidagi fikrlarini o‘zgartirishgan.

Foto: ekspeditsiya arxivi / Public domain. Ada  (o‘rtada) va ekspeditsiya a’zolari

Ammo Ada o‘g‘lining oldiga pul bilan qaytib kelishni juda xohladi, axir  Stefansson unga oyiga 50 dollar maosh va’da qilgandi – o‘sha paytdagi yaxshigina maosh edi. Bundan tashqari, ular uni Vrangel oroliga qandaydir aholi yashaydigan hududga suzib borishlari, u yerda Eskimos oilalari orasida yashashlariga ishontirishdi.  Shunday qilib 1921-yil 9-sentyabrda Ada to‘rtta notanish erkak va Viktoriya ismli mushuk bilan «Kumush to‘lqin» kemasiga chiqdi.

16-sentyabr kuni ular Vrangel oroliga yetib kelishdi. Stefansson ekspeditsiyani ikki yil davom ettirishni rejalashtirgan edi.  Birinchi yil hech narsadan qiynalishmadi. Ular chodirlarda yashadi, ov qilishdi, atrofni o‘rganishdi. Ada erkaklar uchun ovqat pishirib berdi. «Bu kichkina orol», deyishdi ular. «Avvaliga qaytish haqida o‘yladim, lekin bu yigitlarga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi, deb qaror qildim», – deb yozgan Ada o‘z kundaligida.

Yoz tugadi, zaxiralar taqchil bo‘lib qoldi, muz tufayli ularga yetib kela olmayotgan dengizchilar qayig‘ini kuta boshladilar. Kuzda ikki yigit – Nayt va Krouford yordam izlab Sibirga borishga qaror qilishdi, lekin tezda qaytib kelishdi – ularning biri Nayt kasal bo‘lib qoldi. Naytning o‘rniga Krouford bilan Maurer va Gall yo‘lga chiqishdi. 28-fevral kuni Ada ularni oxirgi marta ko‘rdi – ularning taqdiri haqida boshqa hech narsa ma’lum emas.

Naytning ahvoli kundan-kunga yomonlashib borardi. Bir taxminga ko‘ra, u singa, boshqasiga ko‘ra – nefrit bilan kasallangan. Ada uning uchun shifokor, hamshira, hamroh va xizmatchiga aylandi, deb yozadi jurnalistlar. U o‘tin ham kesar, ovchilik ham qilardi.

Olti oy davomida Ada kasal Naytga qaradi, lekin minnatdorchilik o‘rniga faqat nolish eshitdi. Ada o‘z kundaliklarida: «U ayol kishi uchun kasal erkakka g‘amxo‘rlik qilish, o‘tin kesish, ov qilish qanchalik qiyinligini o‘ylamaydi».

Nayt 1923-yil 23-iyunda vafot etdi. Ada uni dafn etishga kuchi yo‘q edi. U Naytni uxlaydigan qopga yashirib, yirtqichlardan himoya qilish uchun barrikada yasadi. Ada chodirni ichkaridan mustahkamladi va jihozladi, shunda u yerda zaxiralarni saqlashi va xuddi boshpanadagidek yashirinishi mumkin edi.

Adaning boshpanasi.

U oq ayiqlardan qo‘rqib, qurolni doim qo‘lida ushlab yurardi. Hatto uyqusida ham yirtqichlar uni g‘aflatda qoldira olmadilar.

Ada o‘zining kundaliklarida bir vaqtlar tyulenlarni ovlayotganida ona ayiq va uning bolasi tomonidan qanday ta’qibga uchraganini yozgan: «Men chodirimdan to‘rt yuz metr narida edim. O‘girilib, chodirimga yetgunimcha tezroq yugurdim. O‘sha paytda hushimdan ketib qolishimga sal qoldi», – deb eslaydi Ada.

Uch oy ichida u nafaqat oq ayiqlardan yashirinishni, balki oq tulkilarga tuzoq qo‘yishni, qushlarni otishni va hatto suratga olishni ham o‘rgandi.

1923-yil 20-avgustda «Donaldson» kemasi Vrangel orolida to‘xtadi. Adani qutqarish uchun kelgan dengizchilar uning orolda qanchalik yaxshi joylashib olganidan hayratda qolishdi. Ular hatto Adaga yana bir yilni u yerda bemalol o‘tkazishini taklif qilishdi. Matbuot uni qahramon, Robinzon Kruzoning ayol ko‘rinishi deb atagan, ammo Ada o‘zini unday deb hisoblamagan. U jurnalistlarga shunchaki o‘g‘lining oldiga qaytishni istagan ona ekanligini aytadi.

Ada ekspeditsiya uchun va’da qilinganidan kamroq haq olganiga qaramay, u o‘g‘lini bolalar uyidan qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ada va uning o‘g‘li Bennet.

Tez orada u turmushga chiqdi va Billi Jonson ismli yana bir o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. Ammo u ikkinchi turmush o‘rtog‘idan ham ajrashdi – umrining qolgan qismini qashshoqlik va umidsizlikda o‘tkazdi.

Ekspeditsiya tashkilotchisi Stefansson esa to‘rt kishining o‘limiga sabab bo‘lgan muvaffaqiyatsiz korxonasidan foyda ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Tez orada qutqaruvchi Garold Noys Adaning ushbu voqelikdagi rolini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Ya’ni Naytni qutqarish uchun yetarlicha harakat qilmaganlikda aybladi. Natijada, Ada matbuotda tanqid qilindi. Garchi  Naytning ota-onasi ham haqiqatni tan olishgan va uni o‘g‘li uchun qo‘lidan kelganini qilgan haqiqiy qahramon deb atashgan bo‘lsada.

Ikkinchi o‘g‘li Billi Jonson onasini «dunyodagi eng mehribon onalardan biri va Arktikani o‘rganish tarixidagi eng buyuk qahramonlardan biri» sifatida eslaydi. «U har qanday qiyinchilikka qaramay omon qoldi. Va u o‘g‘li Bennettga qaytib, kasallikni yengishga yordam berish uchun tirik qolgan onadir», dedi Billi Ada Blekdjek haqidagi kitob muallifi Peggi Karavantesga.

Ada 85 yoshida Alyaskaning Palmer shahrida vafot etdi. Uning o‘g‘li qabriga yodgorlik taxtasini o‘rnatdi va shunday yozib qo‘ydi: «Vrangel oroli ekspeditsiya qahramoni».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring