Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh elchisining mo‘ylovi diplomatik mojaroga sabab bo‘ldi. Gap shundaki...

AQSh elchisining mo‘ylovi diplomatik mojaroga sabab bo‘ldi. Gap shundaki...

Foto: AFP

AQShning Janubiy Koreyadagi elchisi Harri Binkli Harris jamoatchilik bosimi ostida mo‘ylovini qirib tashlashga majbur bo‘ldi. Diplomatning mo‘ylovi jiddiy mojaro keltirib chiqarishiga bir bahya qoldi.

Koreys matbuoti ko‘pdan buyon elchi Harri Binkli Harrisning tashqi ko‘rinishi bosqinchi yapon zobitlarini yodga solishidan yozg‘irib kelayotgan edi. Koreya 1910-1945-yillarda Kunchiqar o‘lka tomonidan mustamlaka qilingan bo‘lib, ushbu davr mamlakat tarixidagi eng qora kunlar deya ta’riflanadi.

Janubiy Koreya jurnalistlari va siyosatdonlari da’vosiga ko‘ra, mo‘ylovdor elchi o‘z tashqi ko‘rinishi bilan yapon bosqini davriga oid alamli xotiralar qayta uyg‘onishiga sabab bo‘layotgan edi.

AQSh elchisining tomirida yapon qoni oqmayotgan bo‘lsa edi, ehtimol, koreys matbuot uning mo‘yloviga u qadar jiddiy e’tibor bermasligi ham mumkin edi. Gap shundaki, Harri Binkli Harris asli Yaponiyada tug‘ilgan, onasi yapon, otasi esa amerikalik.

Alhosil, jurnalist va siyosatchilar mo‘yloviga hadeb tirg‘alavergach, diplomat «balodan hazar» deya Seul markazidagi sartaroshxonaga bordiyu murtini shartta qirdirib tashladi. Albatta, diplomat mo‘ylovdan jamoatchilik bosimi ostida voz kechganini ochiq tan olmadi. Shunchaki Seulda havo issiqligi, jaziramada esa mo‘ylovsiz yurish ma’qulroq ekanini bahona qilib qo‘yaqoldi.

AQSh elchisi avvalroq rasmiy Seulni Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosatini o‘zgartirish hamda mudofaa uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirgani ortidan ham tanqidlarga nishon bo‘lgan edi. Ayni paytda Janubiy Koreya hududida Shimoliy Koreyaning ehtimoliy hujumi oldini olish uchun AQShning 28 ming kishilik qo‘shini joylashtirilgan.

Harri Binkli Harris diplomatlikka qadar uzoq yillar davomida mamlakat harbiy dengiz kuchlari tizimida faoliyat yuritib, oddiy askardan admiral rutbasiga qadar borgan. U AQSh Tinch okeani harbiy dengiz kuchlari qo‘mondoni etib tayinlangan ilk osiyolik hamda harbiy jabhada eng yuqori rutbaga erishgan ilk yaponiyalik sanaladi.

H.Harris 2018-yil 29-iyun kuni Qo‘shma Shtatlarning Koreyadagi elchisi sifatida qasamyod qilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring