Aqlga sig‘mas ish: ehson uchun... o‘g‘rilik!
O‘tgan oy boshida jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudida D.Bekmirzaga oid «ish» ko‘rib chiqildi. Jinoyat ishi shov-shuvli emas, tez-tez uchrab turadiganidan: o‘g‘rilik! Ammo jinoyatga sabab bo‘lgan omillar oqil odamlarni qattiq o‘yga toldirishi aniq.
Avval jinoyat tafsiloti haqida ikki og‘iz.
2019-yilning dekabr oyi o‘rtalarida D.Bekmirza (1987-yilda tug‘ilgan, bo‘ydoq) Uchquduq tumani «Juzquduq» ovul fuqarolar yig‘ini hududida qarovsiz o‘tlab yurgan, bozor narxi 20 mln. so‘mlik bir bosh tuyani (jonivor mahalliy fermerga tegishli ekani aniqlangan) 16 kalibrli miltiq (qurolni ham noqonuniy saqlab kelgan) bilan otib o‘ldiradi va go‘shtini maydalab olib ketadi.
Jinoyat ko‘p o‘tmay fosh etiladi. D.Bekmirza qo‘lga olinadi.
Masalaning eng og‘riqli joyi shundaki, u mazkur jinoyatga milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan bid’at sabab noqulay ahvol qolib, vaziyatdan chiqish uchun o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘lgani ekan. Ya’nikim, o‘tgan yilning oxirida D.Bekmirzaning otasi vafot etadi. Mahalliy «udum»ga ko‘ra, marhum chiqqan xonadon «ehson» berishi shart (?!) bo‘lib, buning uchun jonliq so‘yish taqazo qilinarmish... Bunga imkoniyati yo‘q bo‘lgan sudlanuvchi esa azbaroyi «el oldida yuzi yorug‘» bo‘lishi uchun birovning tuyasini ov miltig‘i bilan otib o‘ldirib, go‘shtini «ehson» qilishga majbur bo‘libdi...
Mana, bid’at-u xurofotlar ne ahvolga solyapti bizni?!
Hayron qolasan, nahot, mahalla-ko‘y orasida marhumlarga xayrli ishlar savobi bag‘ishlanadi, odamning o‘ziga zulm qilib, o‘zgalarning ko‘nglini olishida xayr yo‘q, deb aytadigan bitta odam topilmagan bo‘lsa?! Sudlanuvchining o‘zi-chi? Sadaqa-yu ehsonlar halol topilgan puldan qilinishi, bunga qodir bo‘lmaganlarda majburiyat yo‘qligini bilmasmidi?!
Ma’naviyatga putur yetgan joyda jaholat urchiydi degani shu. Tarbiya hayot-mamot masalasi ekanini endiyam anglab yetarmikanmiz?!
Albatta, yuqoridagi bayonlar jinoyatni oqlash uchun sabab bo‘lolmaydi. Shu barobarida «bosib» jazo berish ham adolatdan emas. Sudlanuvchiga jazo turi va miqdorini tayinlashda uning muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplangani, asosiysi — uning qaramog‘ida qari onasi borligi inobatga olinib, ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Va sud zalidan ozod etildi.
Dilnoza Xonbo‘tayeva,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Zarafshon shahar sudining raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter