Animatsion filmdan tug‘ilgan g‘oya. «WALL-E 2» roboti nimalarga qodir?
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yosh ilmiy izlanuvchi xodim va talabalar g‘oyalari amaliyotda joriy etilmoqda. Yaqinda yaratilgan «WALL-E 2» roboti bunga misol bo‘la oladi.
«WALL-E 2» roboti asosiy maqsadi inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan hududlarda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishdir. Masalan, hayot uchun xavfli radioaktiv moddalar tarqalgan joylarga borib, radioktivlik darajasini aniqlash yoki portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda qoldirib ketilgan sumka, quti va boshqa ob’yektlarni zararsizlantirishda ushbu robot samarali yordamchi bo‘la oladi. Robotni aynan ushbu hududga yo‘naltirish va masofadan turib uning kameralari orqali hududni ko‘zdan kechirish, shubhali buyumlarni tekshirib ko‘rish va zararsizlantirish mumkin. Zararsizlantira olmagan taqdirda ham bitta inson hayoti saqlab qolinadi.
Nima uchun «WALL-E 2»?
Mazkur robotga «WALL-E 2» deb nom berilishiga sabab, u Pixar kompaniyasi tomonidan 2008-yilda yaratilgan animatsion film qahramoni «WALL-E 2» robotiga qiyoslab yaratilganligidir.
Ushbu multfilm qahramoni ham film voqealariga ko‘ra Oyda tadqiqot ishlarini olib boradi.
Robotning texnik tuzilishi
Elektromotorlar. «WALL-E 2» ikkita bo‘yin qismi, ya’ni tepaga-pastga va chapga-o‘ngga qarash uchun ma’lum darajagacha aniq o‘girila oladigan motor, har bitta qo‘li uchun uchtadan ma’lum darajalarga aniq bora oladigan taktik motor va yurish qismi uchun ikkita kuchli reduktorga ega bo‘lgan motor, qo‘lidagi barmoqlari uchun ikkita servomotordan foydalanilgan.
Ushbu motorlarning ishlashini ta’minlab turish uchun asosiy manbai 12 Volt 8 amper kuchiga ega ikkita akkumulyator batareykasi ketma-ket ulanib, 24 Volt 8 amperli asosiy manba qilib foydalaniladi, robot bir martalik quvvati bilan 3-4 soat davomida harakatlanishi mumkin.
Robotning bosh qismi yengil bo‘lishi uchun plastikdan tayyorlangan. Uning har bir ko‘ziga 64ta ko‘k rangli svetadiod o‘rnatilgan bo‘lib, umumiy soni 128tani tashkil qiladi. Uning ko‘zlari avtonom tartibda har tarafga qarab o‘z vaziyatini tasodifiy o‘zgartirib turadi, hattoki ko‘zini yumib-ochadi va bosh qismini ko‘zlari vaziyatiga qarab harakatga keltiradi. Robot ko‘zlarining pastki qismiga o‘rnatilgan sensor oldindagi to‘siqni sezish va uni aylanib o‘tishga yordam beradi. Hozirda robot bosh qismidagi sensor oldida biror to‘siq bo‘lsa, robot ko‘zlarini yumib bosh qismini to‘siq yo‘q joyga qayirib oladi. Robotning bosh qismidagi kamera masofadan turib onlayn tarzda kuzatish uchun o‘rnatilgan.
Tana qismi ham oddiy plastikdan tashkil topgan bo‘lib, uning yelka qismiga qo‘llari maxsus bolt-gaykalar yordamida mahkamlangan. Ushbu tana qismining ichiga asosiy platalar, har bir qo‘li uchun maxsus drayverlar, akkumulyator, yurish qismi uchun maxsus platalar joylashtirilgan.
Yurish qismi robotni to‘liq ko‘tarib yurish uchun maxsus rezina g‘ildiraklar va kuchli reduktorli ikkita motor bilan ta’minlangan. Past qismidagi kamerasi robot oldidagi to‘siqlarni ko‘rish hamda ularni aylanib o‘tishga mo‘ljallangan.
Robotning har bir qo‘lida maxsus reduktorli 24 Volt kuchlanishda ishlaydigan motorlardan ikkitadan o‘rnatilgan. Birinchisining vazifasi bilakni o‘ng-chap tomonga burish bo‘lsa, ikkinchisi tepa va pastga harakatlantiradi. Qo‘lining uchida esa barmoqlarga o‘xshab yasalgan plastik tutqich uchun 12 Volt kuchlanishda ishlaydigan 180 darajali servomotor o‘rnatilgan, ushbu motorlar yordamida plastik barmoqlar bilan narsalarni tutish (ushlash) imkoniyati mavjud. Qo‘l qismining asosiga o‘rnatilgan metall profil buyumlarni ko‘tarish, to‘siqlarni olib tashlash uchun xizmat qiladi. Ustki qoplami esa tashqi dizayn berish uchun penoplastdan tarkib topgan.
Robotning tana qismida ikkita maxsus ovoz kuchaytirgich (dinamik) o‘rnatilgan. Birinchisi tananing oldi tomoniga qaratib o‘rnatilgan, chunki operator bilan bo‘ladigan muloqotda keladigan ovozlar ana shu ovoz kuchaytirgich yordamida eshittiriladi. Ikkinchi ovoz kuchaytirgich esa qo‘shimcha tarzda bo‘lib, akus kabel yordamida robotni telefoningizga ulab undan musiqa eshitish yoki ovoz kuchaytirgich sifatida foydalanishingiz mumkin.
Barmoq izi sensori robotimizning imkoniyatlaridan biri bo‘lib, undan ma’lum zararlangan hududga kirib borib, jabrlangan kimsa shaxsini aniqlash uchun foydalaniladi. Robot sensor yordamida barmoq izi olgandan keyin ma’lumotlar robotni boshqarayotgan operator kompyuteriga keladi va undagi ma’lumotlar bazasida tekshirib ko‘riladi. Tekshirish natijasida ushbu barmoq izi kimga tegishli ekanligi aniqlanadi va shaxs haqida pasport ma’lumotlari aks ettirilgan oyna chiqadi. Buning uchun albatta mazkur ma’lumotlar bazasi pasport xizmati tomonidan shakllantirilgan ma’lumotlar bazasi bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
Robotni masofadan boshqarish
Mazkur robot masofadan turgan holda boshqariladi, bu vazifa kompyuter o‘yinlari uchun mo‘ljallangan ikkita maxsus joystikdan foydalangan holda amalga oshiriladi. Robotga beriladigan buyruqlar soni ko‘pligi va uni boshqarish oson bo‘lishi uchun joystiklar soni ikkita. Robotga beriladigan buyruqlar ushbu joystiklar yordamida simsiz tarzda ishlaydigan radiomodul bilan ta’minlangan. Robot ushbu joystiklar yordamida ochiq maydonda uch kilometrgacha masofada 30dan ortiq buyruqlarni bajara oladi va bir vaqtning o‘zida 10dan ortiq buyruqlarni qabul qilish qobiliyatiga ega.
Umrbek Nuraddinov,
TATU 3-bosqich talabasi, g‘oya muallifi va yaratuvchisi
Shohrux Begmatov,
assistent o‘qituvchi, texnik maslahatchi
Sultanboy Kurbanov,
assistent o‘qituvchi, ilmiy maslahatchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter