Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda milliardlik tovarlar «sariq» yo‘lakda «qizarib» qoldi

Andijonda milliardlik tovarlar «sariq» yo‘lakda «qizarib» qoldi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlarining operativ ma’lumotlari asosida navbatdagi yirik miqdordagi qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan xususiy korxona nomiga xorijdan olib kelingan umumiy qiymati 2575,5 AQSh dollari bo‘lgan, og‘irligi 26000 kilogrammni tashkil etuvchi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun xomashyo tovarlari bojxona organlarida joriy etilgan xavfni boshqarish tizimi tomonidan avtomatik ravishda «sariq» yo‘lakka yo‘naltiriladi. Bu esa tadbirkorlik sub’yektiga bildirilgan ishonch natijasida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirilgan tartibda o‘tkazilishi demakdir.

Ammo, taqdim etilgan hujjatlar bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi va mazkur tovarlar xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega deb topgan holda «Qizil yo‘lak»ga yo‘naltirilib, bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada hujjatlarda qayd etilmagan qiymati 3 mlrd. so‘mdan ziyod miqdordagi to‘qimachilik matolar bo‘yicha davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 563 mln. so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlashga bo‘lgan urinish fosh etildi.

Agarda, mazkur «uddaburon tadbirkor»ning bojxona xodimlariga taqdim qilgan dastlabki hujjatlarida aks etgan ma’lumotlari, ya’ni tovar miqdori hamda TIF TN kodi asosida bojxona to‘lovlari hisoblanganda edi 41 mln. so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilar edi.

Holat bo‘yicha daliliy ashyo sifatida olingan 3 mlrd. 323 mln. so‘mlik tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini to‘liq undirilishini ta’minlash maqsadida vaqtincha saqlovga olinib,  surishtiruv ishlari olib borilmoqda, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring