Andijonda bloger qamaldi. Bu «zakaz»mi yoki vaziyat taqozosi?

Kecha, ta’bir joiz bo‘lsa, Andijonda arining uyasiga cho‘p tiqildi. Kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlar portlayozdi: faol bloger Otabek (Abdufatto) Nuritdinov 15 sutkaga qamaldi!
U viloyat ma’muriy sudi tomonidan tuhmat, haqorat va mayda bezorilikka oid huquqbuzarliklarni sodir etishda aybdor deb topildi.
Mahalliy budjet sarfi, ta’lim, saylov va boshqa mavzudagi chiqishlari bilan ko‘zga tashlanib qolgan Otabek Nuritdinovning ma’muriy qamoq jazosiga tortilishi vaziyat taqozosimi yoki kimningdir buyurtmasi?
Bloger faoliyatidan kelib chiqilsa, ikkinchi taxmin tosh bosishi ehtimoli katta. Zero, ijtimoiy tarmoqlarni tanqidiy fikrlari bilan bezab kelayotgan shaxs birovga, xususan, amaldorlarga yoqmasligi tabiiy. Gap sud qarori bilan jazo chorasi ko‘rilgan shaxs haqida ketar ekan, taxminlarga tayanib, fikr aytib bo‘lmaydi, albatta. Biroq oddiy mantiq blogerning qamalishi «vaziyat taqozosi» ekaniga izn bermayapti baribir.
Nega?
Keling, qo‘yilgan ayblovlar asosli yoki assosizligi haqida indamaylik-da, voqelar rivojini mantiqqa asoslanib kuzataylik.
Fuqaro B. Kahhorov O. Nuritdinov ustidan Asaka tumani IIBga 30 dekabr soat 10.30da murojaat qilyapti. Aytishicha u «...tuman moliya bo‘limi ma’muriy binosidan chiqayotgan paytda O. Nurtdinovni ko‘rib qolib, unga o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot haqida ijtimoiy tarmoqlarda asossiz ma’lumotlar tarqatayotganini tushuntirayotganda (O. Nuritdinov uni) hech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan xaqorat» qilib tashlabdi.
Tushunarli, xo‘p. Davom etamiz.
B. Qahhorovning arizasi zudlikda IIB navbatchilik qismidagi shakl-1 kitobiga
№403 son bilan qayd qilinadi hamda darhol surishtiruv ishlari boshlanadi. Surishtiruv ishlari hududiy pofilaktika inspektoriga emas, tuman IIB T va EQKB boshlig‘i kapitan U.O‘tbosarovga yuklatiladi.
Mayli, bunisigayam qo‘shildik.
Shundan so‘ng birin-ketin boshqa jabrlanuvchilar ham paydo bo‘la boshlaydi: fuqaro E.Yakubov bloger shu yilning 4 avgust kuni ijtimoiy tarmoq orqali «...fuqarolarni xokimiyat vakillariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otuvchi, ularni obro‘sizlantirish, shuningdek viloyat xamda tuman hokimlariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni» tarqatganini aytsa, M.Isaqova 18 oktyabr kuni o‘zini «...sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, tuxmat qilganligi, u va uning jamoasini «korrupsion ochag» deb haqorat qilganliginini» bildiradi. Bundan tashqari Andijon shahrida yashovchi F.Buzrukov esa 7 oktyabr kuni O. Nuritdinov tarmoq orqali «Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukov ustidan shikoyatlar ko‘paymoqda. Yaqin kunlarda ushbu oyog‘i yerdan uzilgan amaldor xaqida maqola chiqarib, yerga tushirib qo‘yamiz. Sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq xam seni nazarga ilmaydi», degan mazmunda haqoratomuz gaplar tarqatganini bildiradi...
E’tibor bersangiz, B. Qahhorovdan tashqari qolgan uch jabrlanuvchi avgust va oktyabr oylarida o‘zlari haqoratlanganini aytishmoqda. Oddiy savol: mana, dekabr oyoqladi, shu choqqacha ular tegishli organga murojaat qilmay qayerda «laylak haydab» yurishgandi?
Bu savol javobini ularning vijdoniga havola etib, so‘zimizda davom etsak.
Voqealar silsilasi ichki ishlar organi xodimlari va sud kecha soat 11ga yaqin boshlagan «Nuritddinov ishi»ni beqiyos tezkorlik bilan yakuniga yetkazganini ko‘rsatadi:
1. Blogerning ustidan ariza yozilib, qayddan o‘tkazildi;
2. Darhol surishtiruv ishlari boshlanib, bir emas, to‘rtta jabrdiyda topilib (ularning biri Asakadan kamida 20 km. uzoqdagi Andijon shahrida yashaydi!), ulardan tushuntirish xati olindi;
3. Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, «delo» oxiriga yetkazildi;
4. Mazkur «delo» bilan tuman IIB boshlig‘i N. Biloloxunov sinchiklab tanishib, hatto tasdiqlashga ulugurdi;
5. Tuman prokurori ham «delo» ni o‘rganib chiqib, IIB qarorini qonuniy deb xulosa berdi.
6. Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish Asaka tumaniga emas, Andijon viloyati (!) ma’muriy sudiga yuborildi!
7. Shu kunning o‘zida (!) sud majlisi o‘tkazilib, Otabek Nuritdinov 15 sutkaga tiqib qo‘yildi!
Bunday tezkorlikni tasavvuringizga sig‘dira olyapsizmi?!
«Delo»ni Andijon viloyat ma’muriy sudining raisi M. Mirzamahmudov shaxsan ko‘rib chiqqanida «ramziy ma’no» borday...
Nega deng?
Sud qaroriga nisbatan O. Nuritdinov shikoyat berishi mumkin. Shundayam uning ishi shu viloyat sudining o‘zida ko‘riladi. Yana oddiy mantiqqa murojaat qilsak, raisning qarorini qo‘l ostidagi sudyalardan iborat hay’at bekor qilishi yo o‘zgartirishi mumkinmi?
Qayoqda!
Yana. Otabek Nuritdinovning ayni yangi yil arafasida, 30 dekabr kuni «obkirib» qo‘yilishidan ham «ramziy ma’no» ko‘rinadi. Bugun 31 dekabr, ko‘p tashkilotlarda bayram, gija-bang - bazmi jamshid: yarim kun yo ishlanadi yoki yo‘q. Ertadan esa dam olish kunlari bir-biriga ulanib ketadi...
Qisqasi, «ish» viloyat sudida ko‘rilib (natijasini taxmin qilish qiyinmas!), to Oliy sudga yetib kelguncha Otabek Nuritdinov tayinlangan jazoni o‘tab ulgurishi ehtimoli katta.
Demak, sarlavhaga chiqarilgan savolga ish Oliy sudda ko‘rilib, bir to‘xtamga kelingandan keyingina javob topish mumkin.
Hozircha, mutasaddilarga insof, Otabekka sabr tilashdan boshqa chora yo‘q.
«Xabar.uz» mavzuga qaytadi, nasib...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter