An’anaviy «Google I/O 2018 Extended»da 200 ga yaqin yosh IT-mutaxassislar ishtirok etishdi
2018-yilning 19-may kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)da an’anaviy «Google I/O 2018 Extended» konferensiyasi o‘tkazilib, unda yosh mutaxassislar «Google» kompaniyasining so‘nggi dastur ishlanmalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi eng so‘nggi rivojlanish tendensiyalari bilan tanishishdi.
«Google I/O» – ishlab chiqaruvchilarga mo‘ljallangan an’anaviy konferensiya «Google» kompaniyasi tomonidan San-Fransisko (Kaliforniya shtati, AQSh) shahrida o‘tkaziladi.
«Google I/O Extended 2018» bu yil birinchi marotaba IUT talabalari tomonidan 2018 yilning fevral oyida tashkil etilgan «Google Developer Groups (GDG)» tomonidan o‘tkazildi. Loyihani Toshkent shahridagi Inha universiteti, «East Telecom», «The House of Tudor», «Smart Outsourcing Solutions» (SOS) va «MacCoffee» qo‘llab-quvvatlashdi.
Konferensiyada O‘zbekistondagi turli universitetlarning 200 nafarga yaqin talabalari, ishlab chiqaruvchilar va dasturchilar ishtirok etishdi.
Bu yil «Google» o‘zining «Google I/O» konferensiyasini 2018-yilning 8-10-may kunlari o‘tkazdi. Konferensiya davomida «Google» o‘zining yangi «Google Foto», «Google Assistant», «Google News», «Android P», «Google Lens» kabi mahsulotlarini taqdim etdi.
Kengaytirilgan tartibda o‘tkazilgan konferensiyaning birinchi qismida ishtirokchilar «Google I/O 2018» asosiy tadbirida namoyish etilgan «Google» kompaniyasining yangi yechimlari va mahsulotlari bilan tanishdilar.
IUTda o‘tgan tadbir davomida mahalliy IT-kompaniyalar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ular IT-sohasining turli yo‘nalishlaridagi o‘z bilimlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular orasida «Martlet», «Super Dispatch», «SOS Group» va boshqa shu kabi kompaniyalarning mutaxassislari bor edi.
Qatnashchilar shuningdek, amaliy sessiyalarda ishtirok etishdi. Mazkur sessiyalar davomida yosh mutaxassislar «React», «Kubernetes» kabi yechimlarni, mobil ilovalarni yaratish va boshqalarni o‘rganishdi.
— Bu yil biz amaliy mashg‘ulotlarga ko‘proq urg‘u berdik. Bu bilan biz yosh mutaxassislarimizga nafaqat yangi texnologiyalar to‘g‘risida ma’lumot olishga, balki ularni amaliyotda qo‘llashni o‘rganishlariga ham yordam berdik, — dedi IUT talabasi hamda «Google I/O Extended» tashkilotchilaridan biri Darxonbek Mamataliyev. — Shuningdek, qatnashchilar jamoada ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishdi hamda turli innovatsion loyihalarni yaratish uchun hamfikrlarini topishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter