Amir Temur qo‘shinini qanday boqqan? Yetti oylik cho‘l yo‘lidan qanday olib chiqqan? Hammasi haqida batafsil
Shuni aytish kerakki, hazrat Sohibqiron faoliyatining bu qirralari tarixchilar, temurshunos olimlar tomonidan ham alohida mavzu sifatida tadqiq qilinmagan. Shunga qaramay, Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan tarixiy asarlarni mutolaa qilganimizda bu sohada ko‘pgina diqqatga sazovor ma’lumotlarga duch kelamiz.
Amir Temur hali oz sonli askarlarga ega bo‘lgan va mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurash uchun maydonga bel bog‘lab chiqqan dastlabki paytlarda lashkarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda qiyinchilikka uchramagan. Yurtni yovlardan tozalab, Movarounnahr hukmdori bo‘lgach, uning zimmasiga qo‘shindan tashqari o‘z fuqarolari ta’minoti ham qo‘shilgan. O‘zga yurtlarga harbiy yurishlarni amalga oshirib, katta hudud va ko‘p sonli aholiga ega bo‘lgan ulkan imperiyaga bosh bo‘lgach, bu muhim va hayotiy masalani doimo diqqat markazida tutgan, uning yechimiga o‘ziga xos yo‘llar va vositalar bilan yondashgan.
Sohibqiron ekin yerlari va bog‘-rog‘lar, ozuqaga boy yaylovlar qancha ko‘p bo‘lsa, obihayot serob bo‘lsa, hosil ham ko‘p bo‘ladi, binobarin mamlakatda mo‘l-ko‘lchilik qaror topadi, raiyat to‘q yashaydi, turmushda qiyinchilik ko‘rmaydi, deb hisoblagan. Shu maqsadda dehqonu bog‘bonlarga ko‘pgina imtiyozlar bergan. Xususan, «Tuzuklar»da belgilab qo‘yilganiga muvofiq, sug‘orilmaydigan, xarob bo‘lib yotgan yerlarni obod qilgan, koriz qurib suv chiqargan hamda ekin ekib, bog‘ yaratgan, ulardan hosil yetishtirgan dehqon va bog‘bonlardan birinchi yili davlat foydasiga xiroj olinmagan. Ikkinchi yili ular o‘z roziligi bilan qancha bersa, shuncha olingan, faqat uchinchi yili qonun-qoidaga muvofiq soliq to‘lashgan.
Lalmikor yerlar esa jariblarga (bir jarib 952 kvadrat metr hajmdagi yer) bo‘linib, hisobga olingan. Bu yerlarda hosil olishda uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasiga amal qilingan. Sug‘oriladigan yerdan olingan hosilning ikki qismi raiyatda qolgan, bir qismi saltanat xazinasi uchun olingan. Bunday odilona soliq siyosati dehqonlar, bog‘bonlar va sohibkorlarni o‘zlariga qarashli yerlardan mo‘l hosil yetishtirish uchun astoydil mehnat qilishga rag‘batlantirib, oziq-ovqat mahsulotlari serob bo‘lishini ta’minlagan, narx-navo arzon bo‘lishiga xizmat qilgan.
Akademik A.Muhammadjonovning ta’kidlashicha, Amir Temur davlatining iqtisodiy asoslarida muhim o‘rin tutgan dehqonchilik va irrigatsiya ishlariga katta ahamiyat berilgan. XV asr oxirida Movarounnahr va Xurosondagi katta va kichik daryolarda yirik irrigatsiya inshootlari, korizlar, suv omborlari va havzalari qurildi. Natijada bir nechta viloyat, shahar va qishloqlarda suv ta’minoti yaxshilandi. Qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi esa sug‘orma dehqonchilik maydonlarini kengaytirdi, yangi qishloqlar, dehqon qo‘rg‘onlari vujudga keldi. Xususan, shu davrda Obirahmat, Mazdaxin, Bozor, Koranda, nahri Jadid deb ataluvchi hududlarda 72 ta dehqonchilik xo‘jaliklari paydo bo‘ldi. Amir Temur hukmdorligi vaqtida, shuningdek, Murg‘ob vodiysida, Kobul yaqinidagi Badon, Juyinov qishloqlari orqali kanallar qazilib suv olib kelingan. Muarrix Hofizi Abru o‘z asarida Dilkusho, Ganchravon, Ganchxona, Umar Tibon, Shayx Ali Sa’d, Shayx Ali Qutlug‘ Xonul kabi 20 dan ortiq kanallarning nomini keltiradi. Ma’lumki, Amir Temur Kavkazga qilgan harbiy yurishlari paytida Gruziya va Ozorbayjonni fath etib, qishni Qorabog‘da o‘tkazadi. 1399 yilda Hindiston yurishidan qaytishida yana Qorabog‘ga keladi.
«Temurning Qorabog‘da olib borgan obodonlashtirish ishlari orasida, — deb yozadi ozarbayjonlik tarixchi olim Z.Piriyev, — Baylakonda qurilgan sug‘orish kanali muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarovsiz, foydalanilmay qolgan kanalni ko‘rgan Temur uni tozalashni buyuradi. 60-70 kilometr uzunlikdagi bu kanal bir oy ichida qayta tiklanib, dala va ekinzorlarga suv bera boshladi. Kanal Temur ko‘rsatmasi bilan «Nahri Barlos» deb ataldi».
Amir Temurning kanallar qazdirib, suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlari o‘z samarasini berib, ekin maydonlarining kengayishi va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish imkoniyatini berdi.
Sohibqiron harbiy yurishlari paytida oziq-ovqat ta’minoti masalalarini lashkarboshi amirlar va askarlar manfaatlariga mos holda hal qilgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Amir Temur harbiy harakatlarga chiqqan kezlari lashkar ortidan o‘tovlarini aravaga ortib, podalarini haydagancha, jangchilarning oilalari ham yo‘lga chiqqan. Jangchilar qayerga borishmasin, qo‘y, tuya va otlar ularning asosiy yemishi hisoblangan, go‘sht va sut bilan ta’minlab turgan. Sahro va cho‘lu biyobonlarda, shuningdek, jazirama issiq paytlarda lashkar asosan tunda yo‘l bosgan, kunduzi esa ot va qoramollarni yaylovga haydab, o‘zlari o‘tovlarda xordiq chiqarishgan.
Buyuk sarkardaning buyrug‘i bilan savdogar va hunarmandlar lashkar ortidan ergashib borgan. Sarrojlar, temirchilar, qurolsoz chilangarlar, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi tujjorlar safar chog‘i qo‘shinni ularga zarur bo‘ladigan mahsulot va ashyolar bilan ta’minlab turgan.
Buyuk bobokalonimiz haqida «Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar» nomli asar yozgan, Sohibqiron amri bilan Yevropaga bir necha marta elchi bo‘lib borgan Sultoniya arxiyepiskopi Ioanning yozishicha, «Temurbek odamlari barcha zarur narsalarni xuddi shahar bozoridagidek xarid qilishlari mumkin edi. Dushman ustidan g‘alaba qozonib, o‘lja olgan askarlar ularni ana shu bozorda savdogarlarga sotishardi. Shuningdek, oziq-ovqatlar ushbu o‘lkalardan ham olib kelinardi. Go‘sht va guruch istagancha topilardi. Garchi don-dun juda serob bo‘lsa-da, non juda kam iste’mol qilinardi».
Ibn Arabshoh esa otlar asosan arpa bilan boqilishini, zarur hollarda aholidan arpani bug‘doy, guruch, tariq, kishmish va yasmiqqa almashtirib olishlarini yozgan. Bunga askarlar ko‘pincha harbiy safar chog‘ida muhtoj bo‘lishgan. Ingliz tarixchisi va adibasi Xilda Hukxemning quyidagi mulohazalari ham diqqatga sazovordir. «Temur jangchilari issiqqa ham, sovuqqa ham bardosh berishgan. Yegulik serob bo‘lganida ular mechkaylik bilan ovqatlanishar, ammo oziq-ovqat taqchil bo‘lib qolsa, ular uchun qatiqqa suv qo‘shib tayyorlangan ayron ham kifoya qilardi».
Agar harbiy harakatlar paytida oziq-ovqat taqchilligi yuz bersa, go‘shtdor hayvonlarni ovlash uchun kichik shikor qilinardi. Buning uchun maxsus shikor guruhlari tashkil qilingan edi.
1391 yil bahori. Amir Temur o‘z qo‘shinlari bilan To‘xtamishxonni to‘rt oydan buyon poyonsiz cho‘l bo‘ylab ta’qib qilib borardi. Bu haqda muarrix Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida shunday yozadi: «Qayoqqa qaramang, hammayoq cho‘lu biyobon. Yetti oy yursangiz ham na biror tirik insonni, na bir ekinzorni uchratasiz. Lashkarlarga ergashib kelayotgan bozor ham huvillab qoldi. Narx-navo ocharchilik yillaridek osmonga ko‘tarilib ketdi. Bitta qo‘yning bahosi 100 dinorga chiqdi... Temur tuman amirlariga, mingboshi, yuzboshi, o‘nboshilarga go‘sht pishirishni taqiqlab qo‘yishni amr etdi. Butun qo‘shin ilgari faqat qullarga ravo ko‘riladigan suyuq atala bilan kun ko‘rishi kerak edi. Amirlarning o‘zlari ham shu ataladan ichishardi... Har bir kunda bir tovoq atala berilardi. Shu bir tovoq atalaning ham imkoni bo‘lmay qolganda, qo‘shin ozgina bo‘lsa-da yegulik, yovvoyi qushlar tuxumi, turli mayda hayvonlar va yeyishga arziydigan o‘t-o‘lan izlab sahroni keza boshladi. Ana shunda Amir Temur katta shikor o‘tkazishga farmon berdi.
Katta shikor 1391 yil 6 mayda boshlandi. Amirlar ulkan doira hosil qilmoq uchun sipohiylar ajratdilar. Doira bora-bora torayib barcha jonivorlar o‘rtaga haydab kelindi. Ikki kun deganda doira birlashib, doira ichi hayvonlarga to‘lib ketdi. Natijada juda ko‘p kiyik, tovushqon, kulon va boshqa hayvonlar ovlandi. Sohibqironning amalga oshirgan ana shu tadbiri tufayli lashkar bir necha kun ana shu ovda g‘amlangan go‘sht bilan kun kechirdi.
Zafarli Dehli jangidan so‘ng dekabr oyi boshlarida Temur qo‘shinlari ushbu shahardan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan Leon degan joyni ishg‘ol qildi. Bu yerda bo‘liq maysazor yaylovni ko‘rgan Sohibqiron lashkargoh qurdi. Qo‘shinni yegulik bilan ta’minlash uchun shikor qiluvchi va oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi guruhlarga qishloqlardan g‘alla va oziq-ovqat g‘amlashga buyruq berdi. Ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar tufayli qo‘shin oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlandi.
Amir Temur Damashqni egallaganidan so‘ng katta g‘alla ombori topiladi. Sohibqiron qo‘lga kiritilgan don-dunni o‘z zaxirasiga olmaydi. Sharafiddin Ali Yazdiy amir Sohibqiron xudojo‘yligi, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvaraga hurmati uchun ombordagi barcha g‘allani Quddusi sharif orqali ana shu ikki muqaddas shahar aholisi uchun jo‘natdi, deb yozadi.
Hazrat Sohibqiron davrida oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini bergan. Uzoq Ispaniyadan Samarqandga Amir Temur huzuriga elchi bo‘lib kelgan Klavixo mamlakatda ma’murchilik, mo‘l-ko‘lchilik va arzonchilikning guvohi bo‘lgan. Bu haqda o‘z esdaliklarida shunday yozadi: «... Bu yer hamma narsaga boy: g‘alla ham, sharob ham, meva-cheva ham, parrandalar ham, har xil go‘sht ham mo‘l-ko‘l. Bu yerning qo‘ylari yirik-yirik, dumlari katta bo‘ladi... Qo‘ylar ko‘p va arzondir. Boshqa mollar ham arzon... G‘alla juda ham arzon, sholi esa oshib-toshib yotadi. Samarqand va uning atrofidagi yerlar shunday to‘kin-sochinki, hayron qolmaslik mumkin emas».
Klavixo Samarqand va uning atroflarida bog‘ va uzumzorlar ko‘pligini, bog‘lar oralig‘idagi bo‘sh maydonlarda ko‘plab qovun va paxta ekilishini, bu mamlakatda qovun juda yaxshi va serhosilligini quyidagicha ta’kidlagan: «Har kuni tuyalarda son-sanoqsiz qovun olib kelinadi. Bunchalik qovunning sotilib ketishiga va iste’mol qilinishiga hayron qolasan kishi. Qishloqlarda qovun shunchalik ko‘pki, uni quritib, kelgusi pishig‘igacha qovun qoqi holida saqlaydilar».
Amir Temur sipohning ta’minotiga alohida e’tibor berganligi, raiyat ahvolidan doimo ogoh bo‘lganligi, har ikkisiga bir ko‘z bilan qarab, ularning turmushi va farovonligi to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi davlatni har tomonlama mustahkamladi, jahondagi nufuzi, obro‘sini oshirdi.
Mo‘min AZIZOV, tarixchi-jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter