Alisher Usmonov Denovda aholi murojaatlarini tingladi
2019-yil 7-aprel kuni Denov tumani aholisining murojaatlarini tinglash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmonov, Prezident administratsiyasi yetakchi inspektori Shokir Atadjanov, Surxondaryo viloyati Xalq qabulxonasi rahbari Abdulhakim Eshmuratov, Denov tumanining 4 ta sektor rahbari, Surxondaryo viloyatidagi tashkilot rahbarlari olis «Mehnatobod» mahallasiga tashrif buyurishdi.
Qabul jarayonida aksariyat fuqarolarning murojatlari joyida hal etildi. Xususan, tog‘li Sina qishlog‘idan Sayyora Temirova oilaviy sharoiti yaxshi emasligi va ishlash istagi borligini aytib murojaat qildi. Uning murojaati o‘sha joyning o‘zida hal etilib Sayyora Temirova o‘zining uyiga yaqin bo‘lgan 14 qishloq vrachlik punktiga ishga kirdi.
Denov tuman fuqarosi Qurbonali Shodiyev taqdir taqozosi bilan og‘ir shatoitga tushib qolgan. Uning turmush o‘rtog‘i bir necha yildan buyon jigar sirrozi bilan og‘riydi. U bugungi kunda turmush o‘rtog‘i uchun dori-darmon olishda moddiy qiyinchilikka duch kelmoqda. Ushbu masala Denov tuman hokimi B.Ibotov va Denov tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Y.Bo‘riyev tomonidan nazoratga olinib, unga moddiy yordam ajratildi.
Qabulda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni qiynayotgan masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Qabulda Denov tumanidagi «Dashti chinor» mahallasi fuqarosi Shohruh To‘rayev tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmonov Shohruh To‘rayevga kredit ajratilishi bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shu joyning o‘zida 4-sektor rahbari – Denov tuman soliq Inspeksiyasi rahbari Odil Yoqubov Shohruhga «Mikrokreditbank» Denov tuman bo‘limidan 28 million kredit rasmiylashtirish uchun tavsifnoma rasmiylashtirdi.
Denov tumanida o‘tkazilgan qabulda 186 ta murojaat eshitildi. Shundan 51,3 foizi joyida hal etildi. Qolgan 48,7 foiz murojaatlar nazoratga olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter