Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri «DIGITAL ALMATY 2020» forumida qatnashdi

AKT vaziri «DIGITAL ALMATY 2020» forumida qatnashdi

Foto: «Xabar.uz»

Xabar berganimizdek, bugun, 31-yanvar kuni Qozog‘istonning janubiy poytaxti — Olmaota shahrida «DIGITAL ALMATY 2020» forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Forum ishida bir qator davlatlarning bosh vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, AT sohasining yetakchi ekspertlari ishtirok etyapti. Shu jumladan, xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.

Forum doirasida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov Xalqaro elektraloqa ittifoqining Telekommunikatsiyalarni rivojlantirish byurosi direktori Dorin Bogdan-Martin xonim bilan uchrashdi.

O‘zbekiston XEIning uchta sektori tashabbuslarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun davlat organlari, xususiy tuzilmalar va akademiyalarni jalb qilgan holda ish olib bormoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda XEI texnik ko‘magi bilan qator mintaqaviy tashabbuslar amalga oshirildi.

Jumladan:

  • qishloq va chekka hududlardagi telekommunikatsiya ob’yektlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash;
  • XEIning Moskvadagi mintaqaviy byurosi va MDH mamlakatlarida o‘rtasida videokonferensaloqa tarmog‘ini yaratish;
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti uchun Cisco o‘quv jihozlarini yetkazib berish va boshqalar.

Shuningdek, XEI va Xitoyning ZTE kompaniyasi hamkorligida IT-parkda AKT, tadbirkorlik va davlat boshqaruvi sohasida ayollar va yosh avlodning malakasini oshirish markazini yaratish loyihasi (texnik yordam narxi 100 ming AQSh dollari) boshlangani e’tirof etildi.

XEIning Moskvadagi mintaqaviy ofisi ushbu loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. 24-26-yanvar Toshkentda XEI Hududiy byurosining loyiha koordinatori Farid Naxli va o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. YeXHTning Toshkentdagi vakolatxonasi ham ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda, bundan tashqari, yosh avlod uchun robototexnika sohasidagi markaz yaratish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi. Hozirgi kunda O‘zbekiston IT-parkida yosh avlod uchun robototexnika markazini tashkil etish uchun XEI texnik yordamini ajratish to‘g‘risidagi bitim loyihasi tayyorlangan va ushbu loyihaning qiymati 75 ming dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda Dorin Bogdan-Martin xonimga 2020-yil 26-27-may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlikning Aloqa ma’murlari rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish taklifi bildirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring