Aholi uchun ipoteka. Xitoy tajribasi o‘rganildi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari ipotekani moliyalashtirish borasida Xitoy tajribasini o‘rgandi.
Aholini uzoq muddatli ipoteka kreditlari bilan ta’minlash uchun banklar maxsus qimmatli qog‘ozlar orqali moliyaviy resurslarni jalb qila olishi kerak. Buning uchun qonunchilikni takomillashtirish va bozor ishtirokchilarini shakllantirish kerak.
Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.
Mazkur farmonga ko‘ra, 2023 yilning 1 dekabriga qadar ipoteka qimmatli qog‘ozlari muomalasini tartibga solish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlarini jalb etgan holda «Ipoteka qimmatli qog‘ozlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi belgilangan.
Xitoyda ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar (mortgage backed securities - MBS) bozorining dastlabki rivojlanish davri 2000-yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda huquqiy va me’yoriy-huquqiy baza yaratildi, tajriba tariqasidagi MBS dasturlari ishga tushirildi va bozorda asosiy ishtirokchilar paydo bo‘ldi. Xitoy MBS bozorining rivojlanishi quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
Uy-joy islohoti: 1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshlarida Xitoyda rejali iqtisodiyotdan bozorga asoslangan uy-joy tizimiga o‘tildi va muhim uy-joy islohotlari amalga oshirildi. Ushbu siljish ipoteka bozorining tez kengayishiga va ipoteka kreditiga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi.
Siyosiy qo‘llab-quvvatlash: Xitoy hukumati sekuritizatsiyani ipoteka bozorini rivojlantirishda potensial afzallik deb tan oldi va MBS bozorini rivojlantirish uchun siyosiy yordam ko‘rsata boshladi. 2003 yilda Davlat kengashi ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar chiqardi.
Normativ-huquqiy baza: 2005 yilda Xitoy Xalq banki va Xitoy banki va Sug‘urta faoliyatini tartibga solish komissiyasi birgalikda ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha yo‘riqnomalarni chiqardi. Bu Xitoyda MBS bozori uchun me’yoriy-huquqiy bazani yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
Tajriba tariqasidagi MBS dasturi: Xitoy qurilish banki (CDB ) MBS emissiyasi bilan ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha birinchi tajriba dasturini ishga tushirdi. Bu Xitoyda MBS bozorining boshlanishini belgilab berdi va ipoteka kreditlari uchun sekyuritizatsiyaning maqsadga muvofiqligini ko‘rsatdi.
Yirik banklarning ishtiroki: tajriba tariqaisdagi MBS dasturining muvaffaqiyatidan so‘ng, Xitoy taraqqiyot banki (CDB), Xitoy sanoat va tijorat banki (ICBC ), Xitoy qishloq xo‘jaligi banki (AVC) kabi yirik tijorat banklari MBS bozorida qatnasha boshladi. 2007-2016 yillar oralig‘ida ushbu banklar o‘zlarining birinchi MBS larini chiqardi va bozorning o‘sishiga hissa qo‘shdi.
Bozorning kengayishi: 2014 yilda Xitoy Qimmatli qog‘ozlarni tartibga solish komissiyasi aktivlar bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar, shu jumladan MBS doirasini kengaytirish uchun yangi qoidani e’lon qildi. Bu ko‘proq banklarga ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish imkonini berdi va bozorning o‘sishini rag‘batlantirishda yordam berdi.
Ma’lumot uchun: Xitoy 2018-2021 yillar oralig‘ida 2 trillion yuan (300 AQSh milliard dollari) miqdorida MBS tranzaksiyalari bilan jahon moliyaviy inqirozidan keyin eng tez o‘sayotgan MBS emissiya bozori bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich uni dunyodagi ikkinchi yirik bozorga aylantirdi. AQSh xuddi shu davrda 550 milliard AQSh dollari miqdorida xususiy MBS chiqardi.
So‘nggi yillarda Xitoy regulyatorlari MBS bozorining o‘sishini rag‘batlantirish va ipoteka sohasida risklarni boshqarish bo‘yicha kengaytirilgan chora-tadbirlarni ko‘rdi. Ushbu tashabbus kredit risklarini moliyaviy vositalar orqali uzatish mexanizmini ishlab chiqish, tegishli MBS emitentlarini kengaytirish va ko‘proq diversifikatsiyalangan investor bazasini rag‘batlantirishni o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter