Aholi punktlariga kirib qolgan yovvoyi hayvonlar himoyasiga qaratilgan nizom ishlab chiqilyapti
Hukumatning tegishli qarori loyihasi bilan yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda yovvoyi hayvonlarning aholi punktlari va boshqa hududlarga turli sabablar bilan kelib qolish holatlari qayd etilyapti. Buning oqibatida yovvoyi hayvonlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga hamda mol-mulkiga, yovvoyi hayvonlarning hayotiga ham zarar yetkazilishi xavfi ortib, ularning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, 2024 yil 15 may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi «Jannatmakon» MFY hududiga kelib qolgan ayiq IIB xodimiga jarohat yetkazgani, maktabga kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf solgani uchun otib o‘ldirildi.
Shu bois bu kabi holatlarning tahlili, yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitiga tushib qolganda, aholi punktlariga kirib qolganda ularni himoya qilish va qutqarish, veterinariya yordami ko‘rsatish hamda yovvoyi hayvonlardan fuqarolarning sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish borasida davlat organlari xodimlarining harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek bu kabi holatlarda fuqarolarning o‘zlarini qanday tutishlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2016-2024 yillarda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining aholi punktlariga kirib kelishi bilan bog‘liq 6 ta holat sodir bo‘lgan.
Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i O‘zbekistonning Qizil kitobiga, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining «Qizil ro‘yxati»ga yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi tur sifatida hamda Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna hamda flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi Konvensiya (SITES)ning I Ilovasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter