Agentlik xorijga ishga ketmoqchi bo‘lganlarni jiddiy ogohlantirdi
Xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida mamlakatimizda 2018-yildan xususiy bandlik agentliklari (XBA) faoliyatiga ruxsat berilgandi.
Biroq, o‘tgan davr mobaynida ayrim XBA tomonidan fuqarolarni aldash va ishonchini suiste’mol qilish holatlari sodir etilgan.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, 2020 yilning 14 noyabridan ular faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar joriy etilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra:
- fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha litsenziyaga ega XBA axborot va maslahat xizmatlari uchun BHMning bir baravaridan, ya’ni 330 ming so‘mdan ko‘p pul olishi mumkin emas.
- shuningdek, chet ellik ish beruvchi va hamkori bilan shartnomalar tuzmasdan, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi hamda ushbu shartnomalar XBAning rasmiy veb-saytida joylashtirilishi lozim.
O‘tgan davr mobaynida XBA reyestridan 118 ta yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, hozirgi kunda ulardan 9 tasi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega.
Shu munosabat bilan, xorijda ishga joylashtirish vakolatiga ega bo‘lmagan tashkilotlar yoki shaxslarga ishonmaslikka, turli ko‘rinishdagi shartnomalarni tuzmaslikka va to‘lovlarni amalga oshirmaslikka chaqiramiz, deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarida.
«Xorijda ish taklif qilayotgan tashkilotlarning litsenziyasi borligiga ishonch hosil qiling. Shartnoma tuzayotganda, uning shartlarini o‘qib, to‘liq tushunib imzo qo‘ying.
Agar XBA bilan nizoli vaziyatlarga duch kelsangiz, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga murojaat qilishingiz mumkin», deya ogohlantiradi agentlik.
Litsenziyaga ega XBAlar ro‘yxati bu yerda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter