Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘onistonda avstraliyalik maxsus kuchlarning yashirin qotilliklari fosh bo‘ldi

Afg‘onistonda avstraliyalik maxsus kuchlarning yashirin qotilliklari fosh bo‘ldi

Foto: «Department of Defence»

Avstraliyaning elita harbiylari afg‘onlarni shunchaki o‘ldirishgan, deyiladi Mudofaa vazirligi vakili general-mayor Pol Bereton hisobotida. Bu haqda «The Canberra Times» xabar berdi.

Tekshiruv chog‘ida Avstraliya kontingentining SAS (Maxsus havo-desant xizmati polki) bo‘linmasidagi harbiy xizmatchilar jang maydonidan tashqarida kamida 39 nafar afg‘onni o‘ldirishgani aniqlandi. Ushbu ayblovlar 400 nafar guvohning ko‘rsatmalariga asoslangan.

Qayd etilishicha, 2009 — 2013-yillarda patrul komandirlari safga yangi qo‘shilgan askarlarga tezroq moslashishlari uchun afg‘onlarni shunchaki o‘ldirishni buyurishgan. Harbiy asirlar, dehqonlar, tinch aholi ularning qurboniga aylanishgan. Avstraliyaliklar afg‘onlarni harbiy harakatlar paytida halok bo‘lishdi, deb aldab sababsiz qotilliklarni yashirishga urinishgan. 19 kishiga nisbatan tergov harakatlari boshlandi, SAS batalonlaridan biri esa tarqatib yuboriladi.

Avstraliya elita harbiylari 39 nafar afg‘onni shunchaki o‘ldirib yuborishgan.

Xalqaro qonunchilikka ko‘ra, maxsus kuchlar harakatiga harbiy jinoyat sifatida qaraladi. Qurolli kuchlar oliy qo‘mondonligi bundan bexabar ekanligini ta’kidlamoqda. Mudofaa vazirligi rahbariyati yuzaga chiqqan dalillarni sharmandalik deb atagan.

Avstraliya o‘z qo‘shinini 2001-yilda Afg‘onistonga yuborgan. Oxirgi jangovar bo‘linmalari esa 2013-yilda mamlakatdan olib ketilgan. Harbiy harakatlarda jami 25 ming avstraliyalik harbiy xizmatchi qatnashgan. Ulardan 40 nafari halok bo‘lgan, yana 261 nafari jiddiy jarohatlangan. Ushbu operatsiya Avstraliya tarixidagi eng uzoq davom etgan xorijdagi kampaniyaga aylangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring