Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘on xalqi «Tolibon»ni qaroqchilardan farqlashning yo‘lini topdi

Afg‘on xalqi «Tolibon»ni qaroqchilardan farqlashning yo‘lini topdi

Foto: «Newsae.ru»

Afg‘oniston aholisi «Tolibon» yetakchilarini harbiylar uchun maxsus kiyim joriy etishga chaqirishdi. Chunki afg‘onlar ularni qaroqchilardan ajrata olishmayapti. Bu haqda Ariana News telekanali xabar bermoqda.

Bir qator jamoatchilik vakillari yangi hukumatga toliblarni jinoyatchilardan ajrata olishmayotganidan shikoyat qilganlar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, afg‘onlar Kobulda o‘zlarini «Tolibon» a’zolari sifatida ko‘rsatayotgan qaroqchilarga tez-tez duch kelyapti: ular tinch aholining mol-mulkini tortib olishmoqda.

«Shaharda qurollangan shaxslar ko‘p. Biz ularning qaysi biri «Tolibon» a’zosi, qaysi biri talonchi ekanligini bilmaymiz. Buni maxsus kiyim bilan belgilab qo‘yish kerak», — dedi Kobul fuqarosi telekanalga bergan intervyusida.

O‘z navbatida, guruhning rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid poytaxt xavfsizligini harbiy kiyimdagi maxsus kuchlar ta’minlayotganini aytdi.

«Maxsus kiyimi bo‘lmaganlar tez orada Kobulni tark etishadi yoki ularga tartibni saqlashga va odamlar hayotiga aralashishga ruxsat berilmaydi», — dedi Mujohid.

«Tolibon» vakilining ta’kidlashicha, so‘nggi bir necha kun ichida harbiylar o‘g‘rilik va talonchilik aybi bilan taxminan 50 ga yaqin kishini hibsga olishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring