Achchiq bo‘lsa ham aytamiz: o‘zbek tilida to‘g‘ri yozish va to‘g‘ri so‘zlashda savodxon xalq emasmiz
«Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, ular dunyoning qanday boshqarilayotganini bildiradi». Nemis mutafakkiri Yohann Gyotening fikri bu. Raqam qutlug‘ qadam, faoliyat sarhisobiga ishora, aslida. O‘zbekiston Resublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonunining qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi. Bu raqam xalq taqdiri, uning o‘zligi va so‘zligiga, milliy va ma’naviy qadriyatlarini asrab qolish kabi ijtimoiy-siyosiy mohiyat kasb etuvchi xalqimizning xalqaro maydondagi o‘rni va rutbasiga daxldordir.
Elning nufuzi tilining qiymati bilan belgilanishini hammamiz bilamiz. Qaysidir ma’noda ba’zi narsalarga shunchaki qarash mumkindir, lekin til masalasiga aslo befarq bo‘lish mumkin emas. Chunki, u xalqning borligi, boyligi va borlig‘idir. Millatning ruhi, ruhoniyatining oynasidir. Chunki u mavsumiy mavzu emas. Unga har damda, har qadamda ehtiyoj sezamiz.
Ochig‘ini aytish kerak, xalqimizning ayrim qatlamida e’tiborsizlik, tildan to‘g‘ri foydalana olmaslik holatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu ularning og‘zaki nutqida ham, yozma nutqida ham yaqqol seziladi. To‘g‘ri yozish va to‘g‘ri so‘zlash qoidasiga amal qilishda yetarlicha savodxon emasmiz. Eng avvalo, davlat tilini bilish zarur, keyin esa chet tillarini.
Tilni bilish emas, balki unda yashash, u bilan nafas olish kerak. Bu bilan uning barcha jabhalarda, oilada, mahallada, ko‘cha-ko‘yda, o‘quv va mehnat muassasalarida, anjuman va yig‘ilishlardagi o‘rni va rolini nazarda tutayapmiz. Tilni his etish esa kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyati bilan bog‘liq. Badiiy kitob o‘qish esa so‘zni his etish bilan birga estetik didni o‘stirishga, tasavvur va tafakkur dunyomizning kengayishiga xizmat qiladi.
Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo‘lmaydi.
Shavkat Mirziyoyev
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida Prezident qarori e’lon qilindi. Qarorda ushbu sanaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita oldiga qator vazifalar qo‘yildiki, bu millatimiz, mustaqil davlatimizning ilk ramzlaridan biri bo‘lgan tilning ijtimoiy hayotdagi mavqeini oshirish borasida muhim rol o‘ynashi tayin.
Shunchaki nomigagina tadbirlar o‘tkazilmasdan, davlat tilining ijtimoiy qatlamning barcha jabhalarida to‘la istifoda etilishi bilan bog‘liq konkret ishlarni amalga oshirilishini qarorning mazmun-mohiyatidan sezish qiyinmas.
Bu chinakam bayram, chinakam reja va dasturlarning ijrosi o‘rnida o‘tishi maqsadga muvofiq. Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish, mamlakatimizdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalarimiz haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishini yo‘lga qo‘yish, «O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini tashkil etish, «O‘zbek tilining do‘stlari» klublarini tuzish, mamlakatimizda yangitdan tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgan adiblar nomi bilan bog‘langan ijod maktablarida ona tiliga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va yangi kitoblar taqdimotini amalga oshirish bu boradagi harakatlarimizning oqilona yechimidir.
Hisobotlar va turli hujjatlar ayrim vazirlik, idoralarda hozirgacha davlat tilida tayyorlanmasligini qanday izohlash mumkin?!
Buning uchun Davlat tili haqidagi Qonunni qayta ko‘rib chiqish asosida xalq muhokamasidan o‘tkazish, Vazirlar mahkamasi huzurida bir paytlari tashkil etilgan Atamaqo‘mni qayta tiklash, tuman, shahar va viloyatlarda davlat tilining barcha jarayonlari to‘la va to‘g‘ri amal qilishini muntazam ravishda nazorat qilib boruvchi, monitoring qiluvchi jamoatchilik komissiyalarini tuzish davr talabi.
Tohanuz aksariyat qonun va qarorlar rus tilida yaratilib, o‘zbek tiliga zo‘rma-zo‘raki o‘giriladi. Bir paytlari «O‘zbekfilm»ning kino mahsulotlari rus tilida yaratilgan, so‘ngra o‘zbek tiliga o‘girilgan. To‘g‘ri, u paytda aksariyat rejissyorlar rusiyzabon bo‘lgan, o‘zlarimizning kinochilar ham Rossiyada tahsil olishgan. Buni tushunish mumkin. Xo‘sh, endichi? Nega o‘zbek tilida bu ishlarni amalga oshirolmaymiz yoki bizning boy va nafis, ma’nodor tilimiz bu vazifani bajarishga qobil emasmi? Tilimiz, so‘zimiz qobil, o‘zimiz noqobil. Buni achchiq bo‘lsa ham aytish kerak. Qachongacha xaspo‘shlash yo‘lidan boramiz. Haqiqatni tan olish va xatoni tuzatishni ham o‘rganaylik, axir.
Oliy Majlis Senati a’zosi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori Gulchehra Rixsiyeva ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlaridan birida ana shu muammolarga to‘xtalib o‘rinli mulohazalarni keltirgan. «Davlat tilini o‘rganish EHTIYOJ darajasiga chiqmas ekan, ta’lim tizimida ham kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor. Yoshlarning o‘zbek tilini o‘rgana olmayotganiga asosiy sabab — bu oiladagi muhit va tarbiyadir. Ota-onaning ona tiliga bo‘lgan bepisandligi farzandining boshqa tilda gaplashib muloqot qila olishidan «faxrlanish» hissi bilan yanada kuchayadi. Holbuki, oilada ona tilini hurmat qilishga o‘rgangan yoshlar o‘zga tilga ham hurmat bilan qarashi, chet tillarini qiynalmay o‘zlashtira olishi ko‘p kuzatiladi», — deya fikr bildiradi Shahnoza Rixsiyeva.
Daniel Defo ehtiyoj kishini buyuk kashfiyotchiga aylantiradi, degan mazmundagi fikrni keltiradi. Tasavvur qiling: Robinzon Kruzo bir o‘zi (Jumaboyni istisno qilganda) 28 yildan ziyod muddat mobaynida kimsasiz orolda yashadi. U o‘sha orolning qiroli, qaroli ham, suvchisi, ovchisi ham, bog‘boni, dehqoni, chorvadori ham bo‘ldi. Chunki, uni bu ko‘yga solgan narsa yashash uchun kurash ehtiyoji, tirik qolish, jonini saqlash zaruriyati ekanligi ayon. Istifoda etilmagan narsa asta-asta unutiladi. To‘la iste’molda bo‘lmagan til o‘limga mahkum.
Prezidentimiz 2017-yil 23-dekabr kuni O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurgan paytlarida ziyolilarga qarata aytgan da’vatini nahotki, unutgan bo‘lsak. «Ona tilimizning boyligini, unga hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan ko‘rsatishingiz kerak». Shuningdek, nufuzli elchilar ishtirokidagi tadbirda «O‘zbekistonning chet eldagi elchisi bo‘lsa-yu, o‘zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?!» — degan fikri bizni jiddiy o‘ylantirishi kerak.
Oliy Majlis Senatining 17, 18-yalpi majlislarida «Davlat tili haqida»gi qonun ijrosi tanqidiy baholab o‘tilgani, tilimizni abgor holatga tushib qolgani e’tirof etilgani bejizga emas. Nafaqat nodavlat teleradiokanallari, balki O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida ham boshlovchilar tomonidan adabiy til qoidalariga zid ravishda turli shevalarda so‘zlash salbiy odat tusiga aylanyapti.
Notiqlik san’ati, voizlik madaniyatidan dars berish jarayonida tinglovchilarimga ba’zan murojaat qilib «Sizlar tillarda so‘zlaysiz, ammo tilda fikrlaysiz», desam, «nima deganingiz bu» deb so‘rashadi. Keyin tushuntirgan bo‘laman. Masalan, men fors, rus, nemis tilida gapirsam ham, o‘zbek tilida fikrlayman. O‘zbekcha qurilishini yasab olib o‘sha tillarga tarjima qilib keyin gapiraman.
Rus tilining mashhur izohli lug‘atini yaratgan iste’dodli leksikograf Vladimir Dalning ushbu fikriga bee’tibor bo‘lmaylik: «Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi. Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir. Men rus tilida o‘ylayman». Vaholanki, Dalning otasi daniyalik, onasi esa olmon bo‘lgan. Demak, taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi ona tilida bo‘lmasa, davlat tiliga munosabat, murojaat ko‘ngildagidek bo‘lmaydi.
Buning uchun ta’lim muassasalarida til qoidalarini chuqurlashtirishdan ko‘ra, o‘quvchilarda fikrni ravon yetkazish, ko‘nikma va malakasini hosil qilish yo‘llari haqida bosh qotirish o‘rinlidir. Demak, nazariy filologiyadan ko‘ra, amaliy filologiyaga o‘tish va uni hayot tarziga aylantirish, o‘quv va ish jarayonlarida to‘la qo‘llashni joriy etish shart. Uning tartibi va tarkibini zudlik bilan ishlab chiqish zarur.
Tasavvur qiling, ko‘cha bo‘ylab hassasini do‘qillatib ketayotgan choldan «Ota, qayoqqa ketyapsiz», deb so‘rasangiz, «Bozorga, nos opkelishga ketyapman, bolam», deyishi mumkin. Shunda siz mabodo, «Ota, «bozorga» so‘zi qaysi so‘z turkumiga mansub, «ga» qaysi kelishikning qo‘shimchasi» deb so‘raydigan bo‘lsangiz, «Yaqinroq kel, bolam, qulog‘im og‘irroq», deb yoniga chorlaydi-da, «Sen meni mazax qilyapsanmi», deb qo‘lidagi tayog‘i bilan boshingizga tushiradi.
Chol o‘zbek tilining fonetika va grammatikasini bilmasa ham fikrini qanday qilib aytish yo‘llarini yaxshi uddalaydi.
Ta’lim va muloqotning kaliti nutq bilan, tarbiya va muomalaning kaliti xulq bilan bog‘liqligini bilmaslik fojiaga olib boradi. Iqtidorli olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov ijtimoiy tarmoqlarda chiqib e’tirof etganiday, «Manqurt — har bir idora va korxonada, tashkilot va mahkamada topiladigan, millati bor, ammo milliy g‘ururi yo‘q kimsa. Qornining g‘amini orining g‘amidan ustun qo‘yadigan, sirtdan o‘ta ziyoli, ammo o‘zbek bo‘lib tug‘ilganidan faxrlanmay, o‘kinadigan nafs bandasi. Manqurtning belgisi shuki, uning uchun el-xalq, millat degan narsa yo‘q, aholi bor, xolos».
Muammoning sababi ayon. Biz o‘zbek tilida fikr ifodalash va uni yetkazish bilan bog‘liq masalalarda oqsayapmiz. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tilni o‘zlashtirishda amaliy mashg‘ulotdan ko‘ra, nazariy ma’lumotni zo‘rma-zo‘raki singdirish yo‘lidan borib o‘quvchini bezdirdik. O‘quvchi bugun fandan bezsa ertaga vatandan bezadi, indinga vatangado bo‘ladi. O‘z tilimizning barcha jarayonlarda faol qo‘llanilishiga erishmagunimizcha hech qanday sifat va samara bo‘lmaydi.
Til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir. Omma tushunadigan xalqchil tilda gapirib, ularni istiqbolli maqsad va rejalarimizga ishontira olsakkina dadil qadamlar bilan oldinga intilamiz.
Yoshlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish va ehtiyoj uyg‘otilishi shart. Buning muhim omili masofaviy ta’lim, mustaqil o‘rganishga yo‘naltirilgan videodarslarni ham ko‘paytirish va internet tarmoqlariga joylashtirishdir. Ayni paytda pedagogning kommunikativ kompetensiyasi, muomala madaniyati, ta’sirchan ta’lim usullarini singdiradigan Ritorik mahorat maktabi va notiqlik san’ati markazi yoxud instituti ochilganida edi, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan o‘zaro muloqotimizdagi noxush holatlarga, ko‘pgina muammolarga allaqachon yechim topilgan bo‘lardi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi, «Firmalarning nomlari to‘g‘risida»gi kabi til bilan bog‘liq qonunlari takomillashtirilsa va qonun buzilishi holatlarida chora ko‘rish belgilansa jamoatchilik diqqatini jalb etadigan ko‘cha-ko‘ydagi ayrim savodsizlarcha yozilgan bitiklarning oldi olingan bo‘lardi.
Tasavvur qiling, AQSh, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili yo‘nalishi ochilib, elimiz va tilimizga e’tibor kuchayayotgan bir paytda biz befarq va loqayd bo‘lsak, kulgili emasmi?!
Insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir. Kimning kimligini bildiruvi oynai jahoni ham uning tili. Insonning ikki og‘iz so‘zidanoq uning ongi, saviyasi, bilimi, qiziqish olami, tabiati va tiynatini anglab olish qiyin emas. Xalqimizning «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» degan maqolida ham ana shu haqiqat yashirin.
O‘ttiz yil yeldek tez o‘tib ketdi. Har yil til bayrami tadbirlarini o‘tkazamiz, OAV orqali yoritamiz ham. Amalda qanday? Har birimiz o‘z o‘zimizga savol beraylik. Minbar, mikrofon va videokamera orqali jamoaga yuzlanib bemalol, emin-erkin mulohaza bildirishga, so‘z aytishga qobilmizmi? Og‘zaki va yozma nutq madaniyati qoidalariga rioya etib, fikrni emin-erkin bayon eta olamizmi? Afsuski, ijobiy javob yo‘q.
Rahimboy Jumaniyozov,
filologiya fanlari nomzodi, TIQXMMI matbuot xizmati rahbari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter