Abdulla Aripov Butunjahon intellektual mulk tashkiloti rahbari bilan uchrashdi

Bugun, 27 may kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Bosh direktori Daren Tang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Daren Tang O‘zbekistonda intellektual mulk ob’yektlarining ishonchli huquqiy himoyasi ta’minlanishiga qaratilayotgan alohida e’tibor uchun Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan mamlakatimizda intellektual mulk sohasini isloh qilish va takomillashtirish, huquqiy muhofazani kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida 2026-2030-yillarda O‘zbekistonda intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi loyihasi bo‘yicha ishlarni birgalikda ro‘yobga chiqarish, mamlakatimizda intellektual mulk sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar malakasini oshirish, Toshkent davlat yuridik universitetining intellektual mulk yo‘nalishi magistraturasi negizida Butunjahon intellektual mulk tashkilotining qo‘shma magistratura dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining yashil iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi hamda oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlaridagi “WIPO Green” dasturiga O‘zbekiston mutasaddilarini faol jalb qilish, mamlakatimizda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan intellektual mulkni himoya qilish qo‘shma dasturini amalga oshirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter