Yangi tayinlangan 5 davlat elchilari O‘zbekiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Bugun, 24-noyabr kuni O‘zbekistonga yangi tayinlangan Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirg‘iz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumediyen Gennad, Qozog‘iston Respublikasi elchisi Beybut Atamkulov, Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Jonatan Xenik tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.
Mamlakatda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq kuchli demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish qaratilgan keng ko‘lamli va muqarrar tus olgan islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy vaziyatda O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat, manfaatli hamkorlikka asoslangan vazmin tashqi siyosat yuritib, barcha davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlab kelmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlari, arab-musulmon mamlakatlari bilan aloqalar yangi bosqichga chiqdi.
Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliya institutlari bilan sheriklik kengayib bormoqda. Yaqinda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yuqori darajada o‘tdi.
O‘zbekistonda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirish, xususiy sektorni faol qo‘llab-quvvatlash, xorijiy sarmoya va texnologiyalarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bularning natijasida so‘nggi 5 yilda iqtisodiyotdagi xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, 40 milliard dollarga yaqinlashdi.
– Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulug‘vor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq bo‘lishi kerak.
Davlat rahbari yangi elchilar vakillari bo‘lgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Davlatlararo munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Oxirgi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobar ko‘paygan, bu yil esa 30 foizga o‘sib, 2 milliard dollarga yetgan.
Koreya Respublikasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni ham ikki barobarga ko‘paygan. Bugungi kunda ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi, geologiya, farmatsevtika, metallurgiya, avtomobilsozlik sohalarida qiymati 14 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yuzga yaqin investitsiya loyihalari samarali amalga oshirilmoqda.
Axborot texnologiyalari, davlat boshqaruvi, ta’lim va tibbiyot sohalarida ham Koreyaning ilg‘or tajribasi yurtimizda keng tatbiq etilmoqda.
Bu yil mamlakatimizda yashayotgan 200 mingdan ziyod koreys diasporasi vakillari O‘zbekiston zaminida istiqomat qila boshlaganining 85 yilligini nishonlamoqda. Ularning jamoatchilik faoliyati davlatlarimiz o‘rtasida o‘ziga xos do‘stlik ko‘prigi bo‘layotgani qayd etildi.
2023-yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va O‘zbekiston-Koreya biznes forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlardan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini topish va rivojlantirish uchun samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston elchisiga murojaat qilar ekan, davlatimiz rahbari o‘zbek va qardosh qirg‘iz xalqi tarixi va an’analari mushtarak bo‘lgan yaqin qo‘shnilar ekanini qayd etdi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida ishon va o‘zaro hurmatga asoslangan konstruktiv muloqot qaror topgan. Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning o‘tgan yili 11-12-mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochdi.
Barcha dolzarb masalalar o‘z vaqtida, har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda qardosh xalqlarimizning farovonligi yo‘lida hal etilmoqda. Ayniqsa, erishilgan kelishuvlar asosida chegara masalalari hal qilingani misli ko‘rilmagan umumiy yutug‘imiz bo‘ldi.
Iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ta’lim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalar ham faollashib borayotir. Yil boshidan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 30 foizga oshib, 1 milliard dollarga yetgan.
Mintaqaviy infratuzilma loyihalari, jumladan, Qambar-ota gidroelektr stansiyasi hamda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi boshlangani ham do‘st xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.
Jazoir – arab-musulmon olamida jadal rivojlanib borayotgan mamlakat. Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asosi yaratilmoqda, parlamentlararo do‘stlik va hamkorlik guruhlari samarali faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimiz rahbari mushtarak qadriyatlar va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarga tizimli tus berish vaqti yetganini ta’kidladi. Ayniqsa, neft va gaz, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, sayyohlik sohalari sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.
Ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida kelgusi yili Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishini hamda «Made in Uzbekistan» sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifi bildirildi.
Qozog‘iston asrlar davomida qalin do‘st va yon qo‘shnimiz, strategik hamkor va yaqin ittifoqchimizdir. So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalarning sur’ati yuqori bo‘lib kelmoqda. Parlamentlararo munosabatlar, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Ustuvor sohalarda 3 milliard 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zaro savdo hajmi ham muttasil o‘sib borayapti. Bu ko‘rsatkich yil boshidan buyon 20 foizga ortib, 4 milliard dollarga yaqinlashgani ham mamlakatlarimiz salohiyati naqadar katta ekanini ko‘rsatadi.
Yaqinda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari ham ikki qardosh elni yanada yaqinlashtirishga xizmat qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning global miqyosdagi eng muhim va ishonchli hamkorlaridan biridir. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligi hamda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganining yigirma yilligi nishonlandi.
AQSh mamlakatimizning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, keng ko‘lamli islohotlarni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Yurtimizda Amerika Qo‘shma Shtatlarining «General Electric», «General Motors», «Hyatt», «John Deere», «Boeing», «Honeywell» kabi yetakchi kompaniyalari samarali faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘zaro strategik sheriklikning yangi sharoitida O‘zbekiston savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, energetika, ta’lim, innovatsiya, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishida Amerika kompaniyalari vakillari ham qatnashgani yangi loyihalarga yo‘l ochishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, «C5+1» formatidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni hamda Afg‘oniston bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirish mintaqamizning umumiy barqarorligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti elchilarning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi. Mamlakatimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, hali ishga solinmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, yangi «o‘sish nuqtalari»ni topish borasida faol va tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi.
Elchilar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-g‘ayratini yo‘naltirishini qayd etdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter