400 ming so‘mlik kupyura chiqqani aytilgan xabarlarga munosabat bildirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda nominal qiymati 400 000 so‘mlik bo‘lgan yangi banknotning muomalaga chiqarilayotgani aytilgan xabar va unga ilova qilingan surat tarqaldi.
Markaziy bank ushbu holatga munosabat bildirib, mazkur banknot rasmi aslida 100 000 so‘mlik bo‘lgan kupyura raqamlarini o‘zgartirish natijasida hosil qilinganini ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi pul belgilarining nominal qiymati Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega bo‘lib, yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi», – deyiladi idora munosabatida.
Markaziy bank, shunga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 400 000 so‘m nominaldagi banknotlar hech qanday qonuniy asoslarga ega emasligi va fuqarolar bunday yolg‘on xabarlarga aldanib qolmasligini so‘ramoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter