Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2019-yildan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish tartibi o‘zgaradi

2019-yildan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish tartibi o‘zgaradi

Foto:«Abt.uz»

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish bo‘yicha davlat xizmati 2019 yildan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Mazkur xizmat haqida 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida aytiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirish xizmatini 2019-yil 1-iyuldan boshlab tuman (shahar)lardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish vazifasi belgilangan.

Hozirda Davlat xizmatlari agentligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqa vakolatli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda Hukumatning tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish va boshqa zarur choralar ustida ish olib boryapti.

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirilishi abituriyentlarga Toshkent shahridagi va respublikaning istalgan hududida joylashgan oliy ta’lim muassasasiga o‘zining tumanidan chiqmasdan turib hujjat topshirish imkonini yaratadi. Qolaversa, onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham o‘qishga hujjat topshirish mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring