Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

10 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston va Malayziya savdo qo‘mitasi tiklanishi mumkin

10 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston va Malayziya savdo qo‘mitasi tiklanishi mumkin

Delegatsiya rahbarlari – Dilshod Ahadov va Dato Amron Muhammad Zin.

Foto: Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasi

12-sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Malayziya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Ahadov va Malayziya tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlar munosabatlar bo‘yicha bosh kotibi o‘rinbosari Dato Amron Muhammad Zin rahbarlik qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, maslahatlashuvlar chog‘i siyosat, savdo-iqtisodiyot, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik holati muhokama etildi. Xususan, mashvaratda 10 yillik tanaffusdan keyin Savdo bo‘yicha qo‘shma qo‘mita yig‘ilishini qayta tiklash masalasi ko‘tarildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan qo‘shma qo‘mitaning so‘nggi yig‘ilishi 2009-yil 20-oktyabrda Toshkentda o‘tkazilgan edi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2018-yilda 78 million AQSh dollarini tashkil etib, 20 foizga o‘sgan. Ammo, muzokaralarda qayd etilganidek, o‘zaro savdo aylanmasini ko‘paytirish borasida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

Maslahatlashuv doirasida ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlik va turistik almashinuvlar, madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari ham muhokama etildi.

O‘zaro siyosiy robitalarni yanada rivojlantirishda turli darajadagi tashriflar va parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini 1992-yil 1-yanvar kuni tan olgan. 1992 yil 21-fevralda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgan.

Birinchi prezident Islom  Karimovning 1992-yilgi va Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammadning 1993-yilgi tashrifi chog‘i ikki tomonlama do‘stona hamkorlikning tamal toshi qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda neft-gaz, to‘qimachilik, mebelsozlik, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, moliya xizmati kabi sohalarda Malayziya sarmoyasi ishtirokida 14 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring