1-oktyabrdan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar ham QQS to‘laydi
Barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga teng shart-sharoitlarni yaratish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini tashkil etish maqsadida 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab, yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi belgilangan.
Bunday tartib prezidentning 2019-yil 27-iyundagi «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5755-sonli farmoniga asosan joriy etilmoqda, deya xabar qiladi DSQ matbuot xizmati.
Hujjatga ko‘ra, 2019-yilning 9-oyida pul aylanmasi (tushumi) 1 mlrd. so‘mdan oshgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanishi va belgilangan tartibda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.
Eslatilishicha, farmonda 2019-yil 1-avgustdan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, farmonga muvofiq paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchi xo‘jalik sub’yektlari 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadilar.
Bunda, ularga 2018-yilning 1-oktyabridan ilgari bo‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.
Bildirilishicha, ushbu normalarning amaliyotga joriy etilishi mamlakatda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlikni va sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter