Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-oktyabrdan nimalar o‘zgaradi

1-oktyabrdan nimalar o‘zgaradi

2024-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgartirishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

 Ish haqi, eng kam ish haqi va BHM oshiriladi

Budjet tashkilotlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, «Muruvvat» internat uylari, Bolalar uylari va «Mehribonlik» uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlaydigan pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga oshiriladi.

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori, tibbiyot va pedagog xodimlardan tashqari, 10 foizga oshiriladi.

Eng kam ish haqi miqdori  –  oyiga 1 155 000 so‘m, BHM – 375 000 so‘m etib belgilanmoqda.

Modulli mehmonxonalarga subsidiyalar  

2026 yil 31 dekabrga qadar  tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan bir martalik subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalar 2024 yil  oktyabrdan 2026 yil 1 noyabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikatiga ega yangi tashkil etilgan modulli mehmonxonaga beriladi. To‘lovlarni olish uchun mehmonxonada kamida 10 ta modul bo‘lishi kerak. 

 Turoperatorlar va mehmonxonalarga  QQSning bir qismi qaytariladi

 Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning 20 foizi qaytariladi.

 Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida to‘lanadigan quyidagi soliq turlari bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

 Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini soddalashtirilgan va kengaytirilgan baholash tartibi joriy etilmoqda. 

 Soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi va baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki xulosasi olinadi:

  • majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni o‘zgartirish yoxud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bog‘liq ta’sir choralarini qo‘llash;
  • tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish.

 

Kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:

  • soddalashtirilgan baholash natijalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;
  • Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga ko‘ra kengaytirilgan baholashdan o‘tkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.

 Ovchilik guvohnomasini olish uchun yangi qoidalar

  • Ovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar maxsus kurslarda o‘qitiladi;
  • ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 yil muddatga beriladi;
  • ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.

Zargarlik sohasiga imtiyozlar 

 2027 yil 1 oktyabrgacha:

  • zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligaturani import qilishda maxsus tovarlarni import qilish uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi;
  • O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligatura bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi;
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va zargarlik sohasida foydalaniladigan, ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan uskunalar, qadoqlash va etiketka mahsulotlari bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi;
  • «Uzbek Jewellery Fair» xalqaro ko‘rgazma-savdosi doirasida O‘zbekiston norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan va keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona yig‘imlari bekor qilinadi. 

 Zargarlik sohasi ustidan nazorat kuchaytiriladi 

Davlat probir nazorati inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilish yo‘li bilan zargarlik buyumlari bilan chakana savdo qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish, ularning probasini aniqlash va tamg‘alash bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazish;
  • nazorat tadbirlarini o‘tkazishga «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi mutaxassislarini jalb qilish;
  • zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotish faoliyatini boshlash (tugatish) to‘g‘risidagi xabarnomalarni qabul qilish bo‘yicha o‘z funksiyalarini autsorsing asosida Savdo-sanoat palatasiga o‘tkazish.

 Nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlar yaxshilanadi

 Rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan ob’yektlarning shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizaga yuboriladi.

Shahar yo‘lovchi transporti xizmatlari I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularning bir nafar kuzatuvchisiga bepul taqdim etiladi. 

Ixtisoslashtirilgan (ruhiy, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalar (TIEK) tomonidan nogironlikni belgilash bekor qilinadi. Bu funksiya tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga o‘tkaziladi. 

 Davlat xaridlari jarayoni takomillashtiriladi

Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida bir ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida ikki ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga bozorda muqobillari bo‘lmagan va texnik jihatdan murakkab tovarlarni yetkazib beruvchilar monopoliyaga qarshi kurashish organining xulosasi asosida kiritiladi. 

Davlat xaridlari elektron tizimiga ushbu tizimdan ro‘yxatdan o‘tgan yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarini ular tomonidan ishlab chiqariladigan (yetkazib beriladigan) tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) mos keladigan davlat buyurtmasining tizimga joylashtirilganligi to‘g‘risida xabardor qilish funksiyasi kiritiladi. 

Uy parrandasi go‘shtini olib kirishga imtiyozlar bekor qilinadi

Yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona boji bo‘yicha imtiyoz berilgan edi.  

O‘quv markazlari reytingi tuziladi 

Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzishni boshlaydi hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi. 

Ayollar va bolalar uchun birlamchi ko‘mak xonalari ishga tushiriladi 

 

Barcha hududlarda shoshilinch qabul bo‘limida tunu-kun ishlaydigan birlamchi  ko‘mak xonalari tashkil etiladi. 

Alkogol mahsulotlari ustidan yangi nazorat choralari o‘rnatiladi

Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi.

Yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o‘tkaziladi.

Qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinadi.  

Qurilishi tugallangan ob’yektlar elektron platforma orqali qabul qilinadi

Qurilishi tugallangan ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimining «Qurilishda davlat nazorati» elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi. 

Sport tovarlarini bojlardan ozod etish muddati yakunlanadi 

Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya (assotsiatsiya)lar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport ashyolari 2024 yil 
1 oktyabrga qadar bojxona bojidan ozod etilgan edi.

Ayollar muammolarini o‘rganish uchun yangi modul 

«Xotin-qizlar.uz» platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish moduli ishga tushiriladi.

 «Mahalla yettiligi» fuqarolarning muammolarini hal qiladi 

Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va hal qilish bilan «Mahalla yettiligi» vakillari yagona so‘rovnoma asosida shug‘ullanadi. U «Raqamli mahalla» platformasida joylashtiriladi. «Mahalla yettiligi» foydalanayotgan mavjud elektron platformalar «Raqamli mahalla» platformasi bilan integratsiya qilinadi. 

Xavfli yuklar ustidan nazorat sohasi raqamlashtiriladi

Tranzit qilinayotgan xavfli yuklar onlayn (GPS) kuzatib boriladi.

Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Jismoniy shaxslar tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi maxsus axborot tizimiga yuborilgan yer qa’ridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ularni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Vazirlikning rasmiy veb-saytida «Kon-geologiya xizmatlari» moduli joriy etiladi va unda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yurituvchi yuridik va jismoniy shaxslarning reytingi yuritiladi. 

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha choralar belgilanmoqda 

Texnik jihatdan talablarga nomuvofiq mahsulotni muomaladan chiqarish yoki mahsulotning kamida 60 foizini chaqirib olish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarmaganlik uchun – yuridik shaxslarga realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizi miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanadi.

Sertifikatlashtirish organining qoidalarga rioya etmaganligi natijasida sifatsiz mahsulotlar qilinganligi holatlari aniqlanganda, mazkur organning sertifikatlash faoliyatini to‘xtatib turiladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring