1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
2023-yil 1-noyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonilan taqdim etildi.
Psixologik yordam olish osonlashadi
Tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
Davlat organlarining kadrlarga oid hujjatlari hrm.argos.uz platformasida saqlanadi
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid barcha ma’lumot va hujjatlar «hrm.argos.uz» elektron platformasida shakllantiriladi va yuritiladi.
Xonadonlarga internet tarmog‘ini olib borish dasturi amalga oshiriladi
«Oxirgi milya» tamoyili asosida tadbirkorlik sub’yektlari bilan birgalikda aholi xonadonlariga internet tarmog‘ini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturini amalga oshirish boshlanadi.
Hokimlar shaharsozlik bo‘yicha kurslarda o‘qishadi
Qurilish vazirligi tomonidan mahalliy hokimiyat va hududiy tashkilotlar rahbarlari uchun shaharsozlik sohasida bilimlarni oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Avtoraqamlarni berish uchun to‘lov miqdorlari oshadi
Avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilari berilganligi uchun to‘lov BHMning 3,5 baravarini (xozirda 1,5 baravari), mototransport uchun – BHMning 1,75 baravarini tashkil etadi (xozirda – 0,75 baravari).
«Umra» xizmatini tashkil etuvchilar uchun yangi litsenziya talablari
«Umra» xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari kuchga kirmoqda:
- 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
- «Umra» xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi.
Yong‘in nazorati sohasida yangi talablar
Davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish ob’yektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’yektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Davlat yong‘in nazorati organlari qurilish ob’yektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarining yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Aholi gavjum bo‘ladigan ob’yektlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan majburiy tartibda idoraviy yong‘in nazorati o‘rnatiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat vakillarining ishtirok etish tartibi kuchga kiradi
16 noyabrdan davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida Nizom kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter