Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

2024 yil 1 apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgartirishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

Tadbirkorlarga subsidiya berishning yangi tartibi

Tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda qo‘llaniladi.

To‘siqsiz mehmonxonalarga – har bir xona uchun 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi 

2026 yil 1 aprelga qadar mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli chorak yakuniga ko‘ra Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazilgan turistik (mehmonxona) yig‘imlar summasi hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlanganda, shuningdek eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilganda, ushbu tadbirkorlik sub’yektlariga har bir maxsus jihozlangan xona uchun 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.

 Davlat xaridlarida qatnashuvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga preferensiyalar

Davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

  • 15% – 3 yoki undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda;
  • 12% – ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda;
  • 8% – bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda. 

 Yirik soliq to‘lovchilarga elektron yuk xatlari joriy etilmoqda

 Yirik soliq to‘lovchilar uchun tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va ularning hisobini yuritish tizimi joriy etilmoqda.

 Chiqindi uchun qarzdorlik mavjudligida ko‘chmas mulk va avtotransportni notarial tartibda rasmiylashtirish rad etiladi 

 Ko‘chmas mulk hamda avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi orqali onlayn rejimda tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakat amalga oshiriladi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari pullik asosda xam xizmat ko‘rsatishadi

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pullik xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.

QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinmoqda

Xususan, tibbiyot, veterinariya, kommunal xizmatlar va dori-darmon vositalarini realizatsiya qilishda QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Moddiy yordam tayinlash  onlayn amalga oshiriladi

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi

 Arxitektorlarni sertifikatlashtirish

Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:

  • tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari; 
  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.

Banklar uchun ustav kapitalining eng kam miqdori belgilanmoqda 

Bank ustav kapitalining eng kam miqdori   350 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

IT-parkning ayrim rezidentlari ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod etiladi

Huquqiy eksperiment sifatida raqamlashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha eksport shartnoma hujjatlarini xalqaro platformalarda rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar  eksporti bo‘yicha  rasmiylashtirilgan qiymati 100 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi hamda ularning qog‘oz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi.

Farzand tug‘ilganda to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibi o‘zgarmoqda

Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli:

  • birinchi farzandi uchun – barcha ayollarga;
  • ikkinchi farzandi uchun – farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi.

 Yangi madaniy loyihalar amalga oshiriladi

Jumladan:

  • «Madaniyat to‘lqinlari» media loyihasi (tanlov doirasida jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
     ● ijtimoiy tarmoqlarda 500 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan, aholi orasida mashhur bo‘lgan shaxslar ishtirokida «Yulduz bilan sayohat» loyihasi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish stavkalari 1 apreldan keskin (68 baravargacha!) oshgani ma’lum bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring