Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

O‘zbek xalqi uchun qonli kun

O‘zbek xalqi uchun qonli kun

Bundan 82 yil oldin ayni shu kuni, ya’ni 1938-yil 4-oktyabr – O‘zbekiston tarixidagi eng qayg‘uli va qonli kunlardan biri. Sababi o‘sha kuni manfur Stalin qatag‘onining navbatdagi yirik seriyasiga start berildi.

SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishlarida o‘zbek xalqining eng oldi ma’rifatparvarlari, ziyolilari, olimlari va davlat arboblariga hukm o‘qildi va ularning aksariyati otib tashlandi.

1938-yil 4-oktyabrda otilgan bir guruh millat ziyolilari. 

Jumladan, 4-oktyabr kuni Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov otuvga hukm qilindi. Ular hukm chiqarilgan kuniyoq, 1938-yilning 4-oktyabrida, shoshilinch qatl etildi.

Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktyabrdan 16 oktyabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida jami 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbuslar ustidan hukm chiqarildi. 1934-38-yillarda O‘zbekistondan 40 ming nafardan ortiq insonlar qatag‘on qilindi. Shularning 730 nafari «xalq dushmani» sifatida otib tashlandi.

Vatan va millat uchun jon fido qilgan o‘zbek xalqining buyuk farzandlari xotirasi oldida bosh egaylik. Oxiratlari obod, ruhlari shod bo‘lsin! Ilohim, bunday kunlar boshqa hech qachon qaytib kelmasin.

P.S.: Yuqoridagi suratda Abdurauf Fitratni o‘limga hukm qilish haqidagi hujjat aks etgan. Hukmga e’tibor qilsangiz, uning 5 oktyabrda rasmiylashtirilganini ko‘rish mumkin. Ya’ni o‘zbek ziyolilari avval 4 oktyabrda otilib, ertasi kuni ularga hukm rasmiylashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring