Ali xo‘ja, xo‘ja Ali. Hokim o‘rinbosarining gapi rost bo‘lsa ham, yolg‘on bo‘lsa ham qonunni buzgan
Kecha Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari A.Vahobov hamda Kun.uz nashri muxbirlari o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatni batafsil muhokama qilgan edik. Ushbu holatda qonuniy tomondan qo‘shimcha qiladigan yana bir muhim jihat bor. Kecha aytishni unutibmiz.
Demak, Toshkent shahar hokimligi e’lon qilgan videoda A.Vahobov aytadiki, 6 oy oldin Kun.uz muxbiri Sobir Rahimov haykali ro‘parasidagi 1 gektar bo‘sh turgan yerning yarmiga mehmonxona qurish, yarmini sotish uchun olmoqchi ekanligini aytib, shu joyni olishda yordam bersa, tuman hokimi o‘rinbosarini ham quruq qo‘ymayman, deya juda yuqori summani va’da qilgan.
Keling, shu joyda zamhokimning gapiga ishonamiz. Ya’ni uning gapini haqiqat, deb qabul qilamiz.
Endi shu joyiga savol: unda nima uchun zamhokim ushbu korrupsiya holati haqida darrov o‘z rahbariga yoki tegishli idoralarga xabar bermadi? Axir u qonun bo‘yicha xabar berishga majbur ediku!
Bilmaganlarga eslataman, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunda shunday modda bor:
«26-modda. Davlat organlari xodimlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar qilish majburiyati
Davlat organlarining xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga doir barcha hollar to‘g‘risida, shuningdek davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatning davlat organlarining xodimlari tomonidan bajarilmaganligi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi».
Bu qonun! Demak, nafaqat ro‘y bergan korrupsiya holatini, balki pora berish haqidagi har qanday taklifni yashirgan har bir davlat organlari xodimi ushbu qonunni buzgan hisoblanadi. Va bu javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.
Xuddi shunday qoida Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan davlat organlari xodimlarining odob-ahloq qoidasi 9-bandida ham bor.
Agar intervyuda aytilgan gaplar rost bo‘lsa, unda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi zudlikda tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobov masalasi bilan shug‘ullanishi kerak.
Nima uchun juda katta summadagi pora haqida berilgan taklifni berkitdi? Nima uchun 6 oy davomida bu haqida hech kimga xabar bermadi? Bundan uning nima manfaati bor edi? Axir respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ayovsiz jang ketayotgan bir paytda, uning bunday qonunga qarshi harakatini qanday tushunish mumkin?
Yoki intervyudagi gaplar yolg‘onmidi? Aslida bunaqa voqea bo‘lmaganmidi? A, labbay?
Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari bo‘yicha qonun nuqtai nazaridan ikkita xulosa bor:
Birinchisi, uning intervyuda aytgan gaplari rost. Demak, u «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasini buzgan holda, katta miqdorda pora berishga oid taklifni 6 oy barchadan yashirib yurgan.
Ikkinchisi, uning intervyuda aytgan gaplari yolg‘on. Demak, u jurnalistni og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, tuhmat qilgan va qonunni buzgan.
Unisida ham, bunisida ham qonunbuzilish holati bor, menimcha.
Bu ikki variantdan qaysi biri haqiqatligini belgilash esa mening vakolatimga kirmaydi. Bunisini tegishli idoralar hal qiladi. Men shunchaki huquqiy tomondan izohladim xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter