Yopiq eshiklar ortidan – ochiq dunyo sari: O‘zbekiston tashqi siyosatidagi keskin burilish (1-maqola)

«Biz — dunyoga, dunyo — bizga ochiq bo‘lishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz», — Shavkat Mirziyoyev.
Bir paytlar yopiq, bir yo‘nalishli siyosat bilan cheklangan mamlakat endi dunyo diplomatiyasining faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
O‘tgan haftada Toshkent xalqaro investitsiya forumiga 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Investorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishga yanada katta qiziqish bildirdi, 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Yirik xalqaro tadbirlarning doimiy mezboniga aylanganimiz tufayli, bunday voqeliklarni oddiy qabul qiladigan bo‘ldik. Aslida bu darajaga yetib kelishimiz oson kechgani yo‘q.
2 ming delegat uchun «yangilangan» Toshkent, mehmonlar sabab ochilgan konvertatsiya
Bundan 22 yil avval, 2003 yili Toshkentda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishi o‘tkazilgandi. O‘sha vaqtga qadar Toshkent 60 ga yaqin mamlakatdan 2 ming delegatni bir paytda qabul qilishga to‘liq tayyor emasdi. Shu sabab poytaxtdagi ko‘plab mehmonxonalar butunlay qayta ta’mirlandi, yangilari qurildi, talabalar va ayrim «propiska»si yo‘qlar vaqtincha o‘z hududlariga yuborildi. Bir necha kunga banklarimizda konvertatsiya ochildi (delegatlar ketishi bilan yana yopildi). Mehmonlar uchun imkon qadar qulaylik hozirlandi.
Yig‘ilishda YTTB prezidenti Jan Lemiyer «Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan eng kam hamkorlik qiladigan davlatlar qatoriga kiradi», degandi. U, shuningdek, agar Toshkent siyosiy muhitni yaxshilash, nodavlat tashkilotlar rolini oshirish va inson huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha choralar ko‘rsa, bank O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni sezilarli darajada oshirishi mumkinligini aytgandi.

Biroq O‘zbekistonga sarmoya va investitsiya kirishiga zamin yaratishi lozim bo‘lgan shuncha hozirlik, harakat o‘sha vaqtda foyda bermadi. YeTTB rasmiylarining yig‘ilishda inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar haqida bot-bot gapirishi Islom Karimovga yoqmadi va o‘rtadagi vaziyat keskinlashdi. O‘shanda o‘zgarishlarga nafaqat tayyor emasdik, balki buni istamadik ham.
Bank 2003 yilgi yig‘ilishda O‘zbekistonga vaziyatni yaxshilash uchun bir yil muhlat berdi, ammo o‘zgarish bo‘lmagach, o‘z loyihalari va investitsiyalarini qisqartirdi. 2010 yilda esa YeTTB O‘zbekistonda o‘z faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.
O‘zgargan siyosat, investitsiyalarning O‘zbekistonga qaytishi
Oradan 20 yil o‘tib, 2023 yilning 16-18 may kunlari O‘zbekiston yana Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining yillik anjumaniga mezbonlik qildi. Bu safar Samarqand 73 davlatdan 2000 dan ortiq mehmonlarni kutib oldi.
2003 yilgi kelishmovchiliklardan keyin O‘zbekistonni tark etgan bank 2017 yildan keyin yana qaytdi va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoyalar kirita boshladi.
«Biz O‘zbekistonga qaytdik, chunki mamlakat o‘zgaryapti. Bilasiz, bank bir muddat O‘zbekistonda ishlamadi. Qaytishimizning sababi — o‘zgarishlar. Mamlakat iqtisodi uchun foydali loyihalar qilishimizga ko‘zimiz yetgani uchun qaytdik. Bu loyihalarni, ayniqsa bank sohasidagi islohotlarsiz amalga oshirish imkonsiz», — degan edi YeTTB matbuot kotibi Anton Usov.
Ekspertlar Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining qaytishiga Prezident Mirziyoyev avvalgi keskin vaziyatni o‘zgartirgani, ochiq bozor iqtisodiyoti tamoyillari, shuningdek, xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlovchi makroiqtisodiy siyosat yuritayotgani sabab bo‘lganini ta’kidlashadi. Inson huquqlari sohasidagi o‘zgarishlar, majburiy mehnatning bekor qilinishi, «Jasliq» qamoqxonasining yopilishi va boshqa qator islohotlar YeTTB va boshqa moliya institutlarining qaytishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratdi. O‘zbekiston sarmoya jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi.
Ayniqsa, YeTTBga ketma-ket ikki muddat prezidentlik qilgan Suma Chakraborti rahbarligi davrida investitsiyalarning O‘zbekistonga oqimi sezilarli darajada oshdi. 2020 yilda Chakraborti YeTTB raisligidan ketganidan so‘ng, O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategiyasini tayyorlash, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarini kengaytirish borasidagi taklif va tavsiyalarini berish uchun O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi.
O‘zgargan siyosat sabab, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida umumiy qiymati 5,4 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 173 ta loyiha va dasturni moliyalashtirishni ma’qulladi.
Tashqi siyosatda keskin burilish
Avval har qanday xalqaro muloqot ehtiyotkorlik bilan chegaralanar, mintaqaviy hamkorlikdan ko‘ra ko‘proq «qobiqda qolish» afzal ko‘rilardi. Siyosat bir tomonlama manfaatlar atrofida qurilar, tashqi aloqalar ehtiyojdan emas, zohiriy zaruratdan kelib chiqqan holda amalga oshirilardi.
Shuning uchunmi, O‘zbekiston va uning atrofida barpo etilgan «devor» izolyasiyaga yaqin holatni ko‘proq eslatardi. Qo‘shnilar bilan munosabatlar turli muammolar bilan og‘ushlangan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosatda mutlaqo yangi yo‘nalishni tanladi: dunyo bilan faol muloqot qilish. Haqiqatda vaziyat keskin o‘zgardi.
Bu siyosat ichida ikki yo‘nalish alohida ko‘zga tashlanadi:
Birinchisi, mintaqaviy muvozanat va hamkorlik — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan uzoq yillar muzlab qolgan, chegaralar yopilgan, hatto harbiy mojarolar yoqasiga kelib qolgan munosabatlar qayta tiklandi. Mavjud ziddiyatlar yo‘qqa chiqarilibgina qolmay, eng yaqin hamkorlarga aylandik.
Ikkinchisi, mintaqalar bilan uzviylik — Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Shimoliy Amerika mintaqalari bilan ham diplomatik hamkorlik tizimli va ko‘p tomonlama shaklda yo‘lga qo‘yildi. Endi hatto Afrika mintaqasiga qo‘l cho‘zmoqdamiz.
O‘zbekiston dunyo uchun chin ma’noda jozibador, ishonchli va barqaror sherikka aylandi.
«Katta bozor» taklifi
Tashqi siyosatdagi o‘zgarishlar faqat siyosiy tus bilan cheklanib qolmadi, iqtisodiy nuqtai nazardan ham rivojlandi. Ilgari 30-35 million aholi bilan cheklangan ichki bozorimizdan global kompaniyalar o‘ziga ko‘p ham manfaat ko‘rmasdi. Endi esa butun Markaziy Osiyoni birlashtirish orqali 80 millionlik yagona bozor shakllantirilmoqda.
Buning ortida global investorlarni jalb qilishga qaratilgan aniq reja va harakatlar yotibdi. «Katta davlatlarga katta bozor kerak», degan qarash bugun Markaziy Osiyo davlatlarining amaliy siyosatiga aylangan.
O‘tgan haftada Toshkent xalqaro investitsiya forumiga Markaziy Osiyo davlatlarining hukumat vakillari qatnashgani ham, forumdan keyin futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini Prezidentimiz bilan birgalikda yevropalik hamkorlar ko‘z o‘ngida qo‘llab-quvvatlashganida ham ramziy ma’no bor.
Qolaversa, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi», «Markaziy Osiyo – Italiya», «Markaziy Osiyo –Yaponiya» kabi yirik sammitlar tashkil etilib, unda qo‘shni davlatlar rahbarlari yelkama-yelka turib, dunyo bilan muloqot olib borishmoqda. Mana, bugun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.
Diplomatiyaning kuchi
Bugungi tashqi siyosatdagi eng muhim omillardan biri — davlatimiz rahbarining chin global siyosiy yetakchi sifatidagi faolligi va muloqotga tayyorligidir. Avvalgi davrda xalqaro diplomatik munosabatlar ko‘pincha cheklangan, yuqori darajadagi shaxsiy muloqotlar deyarli kuzatilmas edi. Hozir esa Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga manfaat keltiradigan har qanday xalqaro forumda, sammitda, konferensiyada shaxsan ishtirok etib, rasmiy muloqotdan tashqari do‘stona aloqalar ham o‘rnatmoqda.
Bu diplomatiyaning ta’siri kuchli: yuqori darajadagi ishonch va samimiy aloqalar har qanday rasmiy kelishuvdan ko‘ra ko‘proq samara beradi. O‘zbekiston tashqi siyosatining bugungi bag‘rikeng, faol va muvozanatlashgan ko‘rinishi mamlakatimizdagi o‘zgarishlar jarayonining ajralmas qismi bo‘lmoqda. Xalqqa xizmat qiluvchi diplomatiya aynan shunday bo‘lishi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter