Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

O‘zbekiston havo yo‘llaridan ko‘nglim juda yomon qolgandi

O‘zbekiston havo yo‘llaridan ko‘nglim juda yomon qolgandi

2016-yil 29-iyun. Xitoydan O‘zbekistonga qaytyapman. Bir kun avval Chongqing shahridan Pekinga uchishim kerak. Reysim kechki paytda. Pekindan Toshkentga reysim esa tongda. Hammasi rejadagidek edi.

Lekin Xitoyda shu kunlarda ob-havo nihoyatda yomon, shamol, chaqmoq, momoqaldiroq, jala. O‘sha payt Ramazon edi. Ro‘zaman. Aeroportga bordim. Samolyotda ovqatlanaman deb, aeroportda iftor vaqti kichik tamaddi bilan iftor qilib oldim. Lekin "ha" deganda samolyotimiz uchmayapti, vaholanki yuklarni ancha avval topshirgandik.

Balki xitoychada nimadir e’lon aytgan bo‘lsa, men tushunmay o‘tkazib yuborgandirman deb borib aeroport xodimidan reysim nega kechikayotganini so‘radim. Ob-havo yomonligi bois kechikmoqda dedi. Kech bo‘lsa ham uchishim kerak, aks holda tongdagi reysimga kech qolaman. Ikki reys bileti alohida olinganligi bois agar ikkinchisiga kech qolsam, biletim kuyishi aniq. Afsus, reys qoldirildi. Bizni mehmonxonaga olib ketishdi. Chaqmoq chaqib momoqaldiroq butun shaharni larzaga keltirmoqda. Yurak esa juda xijil. Yuvinib chiqib, Allohga ibodat qilib, uyga eson-omon yetib olay deb duo qildim. Ko‘zga uyqu kelmasdi. Pekindagi do‘stlarimga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirdim va ertalab kech qolsam samolyotni ozgina bo‘lsa-da, ushlab turishni iltimos qildim.

O‘zim bilan deyarli yegulik olmagandim. Yarim tunda suv va quritilgan meva bilan saharlik qildim. Bizni tong otmay yana aeroportga olib ketishdi. Va uzoq kutishdan keyin samolyotga chiqdik. Lekin hali ham samolyot o‘rnidan siljimas edi. Yurak juda xijil. Bir tomondan Toshkentga uchadigan reysga kech qolyapman, ikkinchi tomondan ob-havo qandaydir yurakka g‘ulg‘ula soladi, xuddi osmonda nimadir bo‘ladigandek.

Negadir xayolimga uydagilarga xabar qoldirish fikri paydo bo‘ldi. Men yo‘lga chiqdim. Falon raqamli reysdaman, sizlarni yaxshi ko‘raman deb yozdim. Bort kuzatuvchisidan nega uchmayapmiz deb so‘rasam, ikki yo‘lovchi hali samolyotga chiqmadi, o‘shalarni kutib turibmiz deb javob berdi. Xullas, bunaqa vaziyatlarda har doim bo‘ladiganidek, ustma-ust bo‘layotgan edi. Uzoq kutishdan keyin soat 7 lar atrofida samolyot havoga ko‘tarildi. Toshkentga uchadigan samolyotim 10:15 lar atrofida edi. Chongqingdan Pekinga deyarli uch soatlik yo‘l. Uch soat o‘tdi, samolyot Pekinga soat 10 larda qo‘ndi. Yurakni xijil qilgan hech qanday voqea sodir bo‘lmadi. Allohga shukur, endi vatanimga eson-omon yetib olaman deb o‘yladim. Biroq hali meni oldinda nimalar kutayotganini bilmasdim...

Menda atigi bir necha o‘n daqiqa bor. Pekin aeroportining chatoq tarafi Toshkent samolyotiga chiqish uchun yuklarimni olib qaytadan topshirishim kerak. Kamiga aeroport uch qavat, Toshkent reysiga yuklar qayerda qabul qilinayotganini bilmayman. Yukimni olib yugurdim. Do‘stlarim kelyapsizmi, yuk topshirish tugadi, sizni ana kelyapti deb yuk topshirishni yopmasligini iltimos qilib ushlab turibmiz, 5 daqiqa ichida yetib kelmasa yopamiz, boshqa kuta olmaymiz deyishyapti deb qo‘ng‘iroq qilishdi. Qani endi men ham ular qayerdaligini topa olsamda.

O‘sha vaqtdagi asabiylashganimdan minglab neyronlarimni halok qilgan bo‘lsam kerak. Kechadan beri bo‘layotgan stress, ro‘zadorligim uchun tomog‘imning qurib borayotgani, ularning qayerdaligini topa olmayotganim bir-biri ustiga ustak bo‘lib meni holdan toydirardi. 10 daqiqa deganda ularni topdim. Yuk topshirish bo‘limi oldida farg‘onalik do‘stim va O‘zbekiston havo yo‘llarining Pekindagi vakili kutib turgan ekan. Ana u vakil toshkoncha qilib «qatta yuribsan uka, tezroq bo‘misammi sani butun samalyot kutvotti» deb jerkib gapirdi.

«Sensiramasdan chiroyli gapiring, janob, muomala qilishni o‘rgatishmaganmi?» degan javobni oldi. Yuklarimni topshirib oxirgi bo‘lib pasport bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib samolyotga chiqib oldim. Allohimga shukur, ulgurdim.

O‘sha vaqtda shunaqangi yengil tortdimki, bir sutkadan ortiqroq vaqdan beri uxlamaganim, holdan toyganim ham esdan chiqib ketgandek bo‘ldi. Endi bemalol uxlab uyga ketaman deb o‘yladim.

Pekindan Toshkentga olti soatlik yo‘l. Kech qolganimga yarasha samolyot ham tezda uchmadi. Osmonda qanaqadir harbiy mashg‘ulot ketayotgani bois yo‘lovchi uchoqlarga uchishga ruxsat bermay turishdi. Menga desa endi ertagacha qoldirmaydimi, Toshkent reysiga chiqib oldimku, deb e’tibor bermadim. Biror soatdan keyin uchoq havoga ko‘tarildi. Bungacha 4-5 marta samolyotga chiqqandim. Parvoz har doim tinchlikda o‘tgandi, deyarli esda qolarli havo chuqurlariga tushganimizni eslay olmasdim. Lekin bu gal bizni oldindan bo‘shliq emas jarlik kutib turarganini hali bilmasdim.

Pekinda yomg‘ir yog‘mayotgan bo‘lsa ham osmon bulutli edi. To bulutlardan teparoqqa chiqib olguncha yurakni vahimaga soladigan darajadagi qora edi u. Shunaqa vaqtda uchoq bulutlar orasidan o‘tib ketayotganida o‘zingni naqadar zarra, kichik ekanligingni his qilasan. Naqadar nochor va notavonligingni, bu dunyoda hech narsa senga bog‘liq emasligini butun tanang bilan his qilasan.

Yerda yurgan odam o‘zining vestibulyar analizatorlari qanday ishlashini deyarli his qilmaydi. Uning qanday ishlashini his qilish uchun bir marta bo‘lsa ham havoga ko‘tarilib ko‘rish kerak deyman. Samolyot aeroportda havoga ko‘tarilishidan avval tezlashib, havoga birgan ko‘tarilganida yoki uchib turib birdan pastlaganida yoxud havoda keskinroq burilishni amalga oshirganida ko‘zing bog‘langan va hatto uxlayotgan bo‘lsang ham buni juda aniq-tiniq his qilasan, yuraging bir lahzaga to‘xtab qoladi, vestibulyar analizator fazoda organizm holati o‘zgarganligini oniy lahzalarda his qiladi.

Xullas, samolyotimiz Pekindan havoga ko‘tarildi. Uchoqda uchganlar biladi, dastlabki 20-30 minutda hech kim o‘rnidan turmaydi, kamarini yechmaydi, salonda yurmaydi, sababi samolyot diagonal holatda tepaga ko‘tarilayotgan bo‘ladi. Yarim soatlardan keyin 9-10 ming metr balandlikka chiqib olgach, ana undan keyin bemalol turib yurish mumkin. U vaqtda motor shovqinini hisobga olmasa, hatto 900 km/soat tezlikda uchib ketayotganingni ham his qilmaysan. Biz ham ana shunday tepalikka ko‘tarilib borardik. Uchoq illyuminatoridan osmonni tomosha qilib ketardim. Samolyot qop qora bulutlar ichidan o‘tib borardi. Yon tarafimizda o‘rtadagi qatordagi uchta o‘rindiqda bir ayol ikki bolasi bilan edi. Ular o‘rindiqlar tutqichini ko‘tarib yotib olishgan edi.

Birdan uchoq silkina boshladi, tushundimki, biz havo bo‘shlig‘iga tushib qoldik. Bu 10-20 soniyada o‘tadigan tebranish. Lekin shu oddiy tebranish ham odam yuragini vahimaga sola oladi. Boshing ustidan to oyog‘ing ostigacha bir xilda silkinib qimirlaydi. Yuragingni vahima bosadi. Biroq bizdagi silkinish 20 soniyada o‘tib ketmadi. Tebranish qattiqroq bo‘ldi va men samolyot pastga juda katta tezlikda sho‘ng‘iyotganini his qildim. O‘sha holat hali hamon ko‘z oldimda turibdi.

Samolyot ichida baqir-chaqir boshlandi, yon tarafimda haligi yotgan ayol va uning qizi havoda muallaq turardi. O‘rindiqlar ortidagi joyda turadigan jurnal va turli yo‘riqnomalar shuvillab otilib havoda sochilmoqda, xuddi kinolardagidek. O‘sha vaqtda o‘ylaganim shu bo‘lgandiki, demak kinolardagi holat hayotdagiga o‘xshar ekan, ular real holatni tasvirlar ekan.

Men o‘shanda endi tamommiz deb o‘yladim. Kalima qaytarardim, to‘g‘ri ayrim xato-gunohlarimga afsuslanish bo‘ldi, ularni to‘g‘rilay olmaganimga afsuslandim. Bu holat hammasi bo‘lib bir minut atrofida yoki undan salgina ko‘proq davom etdi. Samolyot birdan o‘z holatini tiklab oldi. Aksariyat odam shok holatida edi. Bort kuzatuvchilari uyoqdan buyoqqa yugurardi. Orangizda doktorlar bormi deb so‘rardi. Tebranish va sho‘ng‘ish vaqtida turib yurganlar menimcha jarohat olgan edi.

Ana o‘shanda O‘zbekiston havo yo‘llaridan ko‘nglim juda yomon qolgandi. Sho‘ng‘iganimiz yoki bo‘lgan vaziyatdan emas. Holatdan keyin na kema kapitani, na bort kuzatuvchilari nima bo‘lgani to‘g‘risida biror izoh berishdi, na uzr so‘rashdi. Xuddi hech narsa bo‘lmagandek tutishdi o‘zlarini. Toshkentga yana besh soat atrofida uchgan bo‘lsak, samolyotdagi televizorlar qayta yoqilmadi. Go‘ristonda o‘tirgandek hamma jim keldi. Motamdek sukunat.

Aeroportga qo‘nganimizda bizni bir olam ichki ishlar xodimlari va shifokorlar kutib oldi. O‘sha vaqtlarni samolyotda uchganlar yaxshi eslashsa kerak, Toshkent aeroportiga qo‘ngandan keyin tashqariga chiqish uchun kamida 2-3 soat ketardi. Chunki yuk chiqadigan joy atigi 2 ta, pasport nazorati bojxona qismi ham ikkita, har bir odamni ignaning teshigidan o‘tkazishar edi. Odamlar bir-biriga siqilib, itarilishib bir narsa qilib tashqariga chiqib olar edi. O‘sha kuni bilmadim nima bo‘ldi, bizni 20-30 daqiqaga qolmay hammamizni tashqariga chiqarib yuborishdi.

Bugun tongda yutubeda videolarni tomosha qilib turib, Indoneziya uchoqlaridan birining kuchli turbulent hududga tushib qolgani haqidagi 1 daqiqalik videoni ko‘rib qoldim. U yerda biznikiga kabi sho‘ng‘ish bo‘lmasa ham, kuchli tebranish ko‘rsatilgandi. Yo‘lovchilarning aksariyati qo‘rqqanidan kalima keltirar, Allohga duo qilardi. Kommentda esa ayrimlar holat ustidan kulibdi. Menimcha bular yo umrida samolyotga chiqmagan yoki chiqqan bo‘lsa ham hech bunday kuchli turbulent hududga tushmaganlar bo‘lsa kerak. Unday vaqtda o‘limni aniq his qilasiz. O‘lim nafasi badaningizga tegayotganini sezasiz, ana o‘shanda mana man degan kofir ham ey xudo deb yuborsa ajab emas. O‘sha kommentlarni o‘qigach, men o‘zim bilan bo‘lgan ushbu voqeani sizlarga aytib bergim keldi.

Bir yunon faylasufi aytgan edi (ismi esga kelmayapti negadir, Brant edimi yoki Bluntmi, ha mayli kimligi muhim emas): «Kemaga chiqqanlar na o‘liklar va na tiriklar qatoridadir». To‘g‘ri aytgan ekan. Samolyotga chiqqanlar ham xuddi shunday hisoblanadi. To manziliga eson-omon yetib olmaguncha na o‘lik, na tirik hisoblanadi.

Ha, darvoqe, yuqoridagi voqeani kimnidir qo‘rqitish uchun yozmadim. Aslida samolyotlar dunyodagi eng xavfsiz transport turi hisoblanadi. Men sutkalab poyezd va mashinada ko‘p yurganman. Shu boismi har doim tanlash imkoniyati berilsa hech qanday ikkilanishlarsiz samolyotni tanlayman. O‘sha voqeadan keyin yana 20 martacha samolyotda uchdim, faqat O‘zbekiston havo yo‘llarida emas. Xudoga shukur, hech qanday noxush voqea sodir bo‘lmadi. Boshqalar qanday o‘tkazishadi bilmaymanu, lekin men samolyotga kitob olib chiqaman, uchishidan boshlab to qo‘ngungacha kitob o‘qiyman, bu ham tinchlanishimga, ham vaqtni o‘tkazishga yordam beradi. Ko‘pincha qanday yetib olganimni sezmay ham qolaman. Ana shunaqa gaplar, azizlar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring